Zakariyo 10
10
10–BOB
Egamiz najot berishga vaʼda qiladi
1Bahorda yomgʻir beradigan Egamizdan yomgʻir soʻranglar.
Boʻron bulutlarini yaratgan,
Odamzodga yomgʻir beradigan,
Hamma uchun dalalarni oʻt–oʻlanga toʻldiradigan Egamizdir.
2Xonaki sanamlar#10:2 Xonaki sanamlar — ibroniycha matnda Terafim. Odamlar bu sanamlardan fol ochishda foydalangan boʻlsalar kerak. behuda gaplarni gapiradilar,
Folbinlar yolgʻon follar ochadilar.
Tush taʼbir qiluvchilar yolgʻon taʼbir qiladilar,
Behuda tasalli beradilar.
Shuning uchun bu xalq qoʻyday sarson boʻlib yuribdi,
Choʻponi yoʻqligi uchun azob chekyapti.
3Egamiz shunday demoqda:
“Gʻazabim xalqimning yoʻlboshchilariga qarshi yonmoqda,
Men xalqimning bu choʻponlarini jazolayman.
Men, Sarvari Olam, Oʻz suruvim boʻlgan
Yahudo#10:3 Yahudo — 1:19 ning birinchi izohiga qarang. xalqi uchun qaygʻuraman.
Men oʻsha suruvni ulugʻvor jang otlariday qilaman.
4Yahudo orasidan tamal toshi#10:4 tamal toshi — qadimgi paytlarda qurilishda poydevor uchun qoʻyilgan birinchi va eng muhim tosh hisoblanardi. Bu tosh poydevorning bir burchagini hosil qilib, binoning qolgan qismi oʻsha toshning joylashuvi boʻyicha qurilardi.,
Chodir qozigʻi, jang kamoni chiqadi.
Ha, har bir yetakchi ularning orasidan chiqadi.
5Birgalikda ular jang payti koʻchada loy kechgan
Jangchilarday boʻladilar,
Men, Egangiz, ular bilan birgaman.
Ular urushga chiqib,
Dushman chavandozlarini sharmanda qiladilar.
6Men Yahudo xalqini kuchga toʻldiraman,
Yusufning avlodini#10:6 Yusufning avlodi — Isroilning, yaʼni shimoliy shohlik aholisining nasllariga ishora. Shimoliy shohlikning ikkita asosiy qabilasi — Efrayim va Manashe qabilalari Yusufdan kelib chiqqan edilar. qutqaraman.
Ularga rahm–shafqat koʻrsataman,
Axir, Men ularning Egasi Xudoman.
Ularning iltijolariga javob berib,
Oʻz yurtiga qaytarib olib kelaman.
Oʻshanda ular hech qachon rad qilinmaganday boʻladi.
7Efrayim xalqi#10:7 Efrayim xalqi — 9:10 ning birinchi izohiga qarang. qudratli jangchilarday boʻladi,
Ularning yuraklari sharob ichgandagi singari quvnoq boʻladi.
Buni koʻrgan farzandlari shodlanadi,
Ular Mening qilgan ishlarimdan xursand boʻladi.
8Men choʻpon kabi hushtak chalib, Oʻz xalqimni yigʻaman,
Axir, Men ularni qutqarganman.
Oldin ular qancha boʻlgan boʻlsalar,
Ularning soni yana shuncha boʻladi.
9Men ularni xalqlarning orasiga sochib yuborgan boʻlsam ham#10:9 Men ularni…sochib yuborgan boʻlsam ham… — 1:19 ning ikkinchi izohiga qarang.,
Eng uzoqdagi yurtlarda ham ular Meni eslaydilar.
Farzandlariyu oʻzlari omon qolib, qaytib kelishadi.
10Men xalqimni Misr yurtidan qaytaraman,
Ossuriya yeridan#10:10 …Misr yurti…Ossuriya yeri… — Misr Isroil yurtidan janubda, Ossuriya esa shimolda joylashgan edi. yigʻib kelaman.
Men ularni Gilad oʻlkasi
Va Lubnon yurtigacha boʻlgan yerlarga joylashtiraman.
Hatto mana shu joylar ham ularga torlik qiladi.
11Mening xalqim kulfat dengizidan oʻtsa,
Oʻsha dengizning toʻlqinlarini urib tushiraman.
Nil daryosining tubi qurib qoladi.
Ossuriya xalqining takabburligiga barham beraman.
Misr esa oʻz saltanat hassasini#10:11 saltanat hassasi — bu maxsus hassa boʻlib, shoh va hukmdorlarning hokimiyatini bildiruvchi ramz edi. yoʻqotadi.
12Oʻz qudratim bilan xalqimni kuchli qilaman.
Ular Mening nomimga loyiq hayot kechiradilar.”
Egamizning kalomi shudir.
Currently Selected:
Zakariyo 10: O‘zbMK
Highlight
Share
Copy

Want to have your highlights saved across all your devices? Sign up or sign in
© Muqaddas Kitobni tarjima qilish instituti, 2016, 2018, 2020