YouVersion Logo
Search Icon

Vahiy Kirish

Kirish
Mazkur kitobda Isoning Yuhannoga koʻrsatgan vahiysi bayon etilgan. Bu vahiy oxirzamon haqidadir. Yuhanno vahiy koʻrganda, Egey dengizidagi Patmos orolida surgunda edi. Patmos oroli hozirgi Turkiyadagi Efes shahridan qariyb 100 kilometr janubi–gʻarbda joylashgan.
Vahiy kitobining asosiy mohiyati Xudoning Iso Masih haqidagi xabarini ayon qilish va qattiq quvgʻin ostida qolgan masihiylarga umid baxshida etishdan iborat. Yuhanno quvgʻinga duchor boʻlgan birodarlarni imonda mahkam turishga undaydi. Ularning eʼtiborini oxiratga qaratadi. Oxiratda Xudo shayton ustidan gʻalaba qozonadi. Iso Masih osmondan tushib kelib, barcha betavfiqlarni hukm qiladi va Oʻzining abadiy shohligini oʻrnatadi. Shunda imonda oxirigacha sobit turgan birodarlar najot topishadi va boqiy baxtiyorlikdan bahramand boʻlishadi. Rim imperiyasining vahshiy zulmi ostida qolgan masihiylar bu kitobni oʻqib, Xudoga sodiq qolishardi.
Ushbu kitob obrazlarga va gʻoyalarga nihoyatda boydir. Ular yordamida muallif Xudoning beqiyos qudrati va oxiratdagi odilona hukmini tasvirlaydi. Misol uchun, samodagi taxt, muhrlangan oʻrama qogʻoz va Qoʻzi haqidagi vahiylar Xudoning va Iso Masihning cheksiz hokimiyatini aks ettiradi. Yetti muhr, yetti karnay va gʻazab kosalari haqidagi vahiylar esa qiyomatda Xudoning hukmini va yer yuziga sochadigan qahrini tasvirlaydi. Yetti raqami kitobda bir necha bor ishlatilgan boʻlib, barkamollik maʼnosini ifodalaydi.
Kitobni mazmun jihatdan uch qismga boʻlsa boʻladi: 1) dunyoda yovuz kuchlar mavjud. Masihiylar imon yoʻlida azob chekishlari va hatto jonidan mahrum boʻlishlari mumkin. 2) Iso Masih Rabbiydir. U Xudoga qarshi boʻlgan hamma odamlarni va kuchlarni yengadi. 3) Xudoga oxirigacha sodiq qolgan odamlar uchun Iso Masih mukofotlar tayyorlab qoʻygan. Ayniqsa, Xudoni oʻz jonidan ham ortiq koʻrganlarni U yuksak darajada taqdirlaydi.

Currently Selected:

Vahiy Kirish: O‘zbMK

Highlight

Share

Copy

None

Want to have your highlights saved across all your devices? Sign up or sign in