YouVersion Logo
Search Icon

Mark 15

15
15–BOB
Iso Pilat huzurida
1Tong otar–otmas, bosh ruhoniylar, yoʻlboshchilar, Tavrot tafsirchilari va Oliy kengashning qolgan aʼzolari bir qarorga kelishdi. Ular Isoni bogʻlatib, hokim Pilatga#15:1 hokim Pilat — Rim hukumati tomonidan Yahudiya viloyatiga tayinlangan hokim. olib borib topshirishdi. 2Pilat Isodan:
— Sen yahudiylarning Shohimisan? — deb soʻradi.
— Siz shunaqa deysiz, — deb javob berdi Iso.
3Bosh ruhoniylar Uni koʻp masalada ayblayotgan edilar. 4Pilat yana Unga:
— Sen hech narsaga javob bermaysanmi? Koʻryapsan–ku, ular Seni koʻp jinoyatlarda ayblashyapti! — dedi. 5Lekin Iso boshqa hech javob bermadi. Pilat bunga qoyil qoldi.
6Har Fisih bayramida#15:6 Fisih bayrami — Fisih ziyofatiga va undan keyin yetti kun davomida nishonlanadigan Xamirturushsiz non bayramiga ishora (14:1 ga va oʻsha oyatning izohiga qarang). Pilat xalqning iltimosiga binoan bir mahbusni ozod qilar edi. 7Isyon#15:7 Isyon — yuz bergan bu hodisa kitob yozilgan davrda yashagan odamlarga maʼlum boʻlgan. Hozirgi davrda bu isyon haqida hech qanday maʼlumot yoʻq. vaqtida qotillik qilgan Barabbas ismli bir kishi oʻz sheriklari bilan oʻshanda qamoqda edi. 8Xalq yana kelib, Pilatdan odatdagiday bir mahbusni ozod qilishni soʻray boshladi.
9-10Bosh ruhoniylar Isoni hasad tufayli qoʻlga tushirishganini bilgan Pilat olomondan:
— Sizlar uchun yahudiylarning Shohini ozod qilishimni istaysizlarmi? — deb soʻradi. 11Ammo bosh ruhoniylar: “Uning oʻrniga Barabbasni ozod qilishni Pilatdan soʻranglar”, deb olomonni qoʻzgʻadilar. 12Pilat ularga yana dedi:
— Aytinglar xohishingizni! Sizlar “Yahudiylar Shohi” deb ataydigan Kishini nima qilay?
13— Xochga mixlansin! — deb shovqin soldi olomon. 14Pilat ulardan:
— Nimaga? U nima yomonlik qildi? — deb soʻradi. Lekin olomon:
— Xochga mixlansin! — deb battar baqirardi.
15Shundan keyin Pilat xalqni mamnun qilay deb, Barabbasni ozod etdi. Isoni esa qamchilatib, xochga mixlashni buyurdi.
Askarlar Isoni haqorat qilishadi
16Rim askarlari Isoni hukumat saroyining hovlisiga olib borib, butun boʻlinmani Uning oldiga toʻplashdi. 17Unga safsar toʻn kiydirishdi va tikanlardan toj oʻrib boshiga qoʻyishdi.
18— Yashavor, ey yahudiylarning Shohi! — deb Uni qutlay boshlashdi. 19Qamish bilan Uning boshiga qayta–qayta urib, tupurishdi. Uning oldida tiz choʻkib, taʼzim qilishdi. 20Uni shunday masxara qilganlaridan keyin, ustidan safsar toʻnni yechib olib, Oʻzining kiyimlarini kiydirishdi. Soʻng Uni xochga mixlash uchun olib ketishdi.
Iso xochga mixlanadi
21Askarlar yoʻlda Shimoʻn degan odamni uchratib qoldilar. U daladan qaytib kelayotgan edi. Ular Shimoʻnni Isoning xochini#15:21 xoch — bu oʻrinda xochning koʻndalang yogʻochiga ishora qilingan. Oʻlimga mahkum qilingan inson bu yogʻochni hukm ijro qilinadigan joygacha oʻzi koʻtarib borishi kerak edi. Bundan oldin Isoni ayovsiz qamchilashgani uchun (shu bobning 15–oyatiga va Matto 27:26, Yuhanno 19:1 ga qarang), U shu qadar holdan toygan ediki, ehtimol, xochni Oʻzi koʻtarishga madori qolmagan boʻlsa kerak. koʻtarib borishga majbur qildilar. Shimoʻn Kirineyalik#15:21 Kirineya — bu shahar Oʻrta yer dengizi boʻyida, hozirgi Liviya mamlakatining hududida joylashgan edi. boʻlib, Iskandar va Rufusning otasi edi.
22Askarlar Isoni Goʻlgota degan joyga olib kelishdi. Goʻlgota “bosh suyagi” maʼnosini beradi. 23Isoga mirra aralashtirilgan sharob#15:23 mirra aralashtirilgan sharob — xochga mixlanadigan odamlarning azobini oz boʻlsa–da, kamaytirish uchun beriladigan dori boʻlishi mumkin. berishdi, lekin U ichmadi. 24Bundan soʻng Isoni xochga mixlab qoʻyishdi. Uning kiyimlarini esa oʻzaro boʻlishib, kim nima oladi, deb qurʼa tashlashdi#15:24 Uning kiyimlarini esa oʻzaro boʻlishib, kim nima oladi, deb qurʼa tashlashdi — Zabur 21:19 ga qarang..
25Uni xochga mixlaganlarida ertalab soat toʻqqiz#15:25 soat toʻqqiz — yunoncha matnda uchinchi soat, yahudiylarning urf–odatiga koʻra, kunning bu payti oʻsha soat bilan belgilanar edi. edi. 26Bosh tomonida: “Yahudiylarning Shohi” deb yozilgan aybnoma bor edi. 27-28Iso bilan birga ikkita qaroqchini ham mixlagan edilar. Ularning biri Isoning oʻng tomonida, ikkinchisi esa chap tomonida edi#15:27-28 Yunoncha matndan. Baʼzi yunon qoʻlyozmalarida quyidagi soʻzlar 28–oyatni tashkil etib, qoʻshimcha qilingan: Shu tariqa Muqaddas bitiklardagi: “U gunohkorlar qatorida sanaldi”, — deya yozilgan soʻz amalga oshdi. Ishayo 53:12 ga qarang..
29Oʻtib ketayotganlar boshlarini chayqab, Isoni haqoratlashardi#15:29 …boshlarini chayqab, Isoni haqoratlashardi — Zabur 21:8 ga qarang.:
— Ey Maʼbadni buzib, uch kun ichida tiklaydigan! 30Oʻzingni Oʻzing qutqarib, xochdan tushib koʻr–chi!
31Bosh ruhoniylar va Tavrot tafsirchilari ham ularga qoʻshilib, Isoni masxaralay ketishdi. Ular bir–biriga:
— U boshqalarni qutqarardi, Oʻzini esa qutqara olmaydi! 32Isroilning Shohi Masih endi xochdan tushsin, toki biz buni koʻrib Unga ishonaylik! — deyishardi.
Iso bilan birga xochga mixlanganlar ham Uni haqoratlar edilar.
Iso jon beradi
33Tush payti butun yurtni zulmat qopladi. Soat uchga#15:33 Tush payti…Soat uch… — yunoncha matnda Oltinchi soat…toʻqqizinchi soat…, yahudiylarning urf–odatiga koʻra, kunning bu paytlari oʻsha soatlar bilan belgilanar edi. qadar hamma yoq zulmatga choʻmdi. 34Soat uchda Iso baland ovoz bilan:
— Elohi, Elohi, lamo shavaqtani?#15:34 Elohi, Elohi, lamo shavaqtani? — oramiycha ibora. — deb faryod qildi. Bu soʻzning tarjimasi: “Ey Xudoyim! Ey Xudoyim! Nega Meni tark etding?!”#15:34 Zabur 21:2 ga qarang. demakdir.
35U yerda turgan baʼzilar buni eshitib:
— Qarang, U Ilyosni#15:35 Ilyos — oramiycha Elohi soʻzi ibroniycha Eliyah (yaʼni Ilyos) degan ismga ohangdosh. chaqiryapti, — deyishdi. 36Shunda bir odam yugurib borib, shimgichni arzon sharobga#15:36 arzon sharob — bu oʻrinda ishlatilgan yunoncha soʻz avom xalq kunda ichadigan nordon sharobga ishora qiladi. Bu sharob Rim askarlari uchun oʻsha yerga olib kelingan boʻlishi mumkin. botirib, qamishning uchiga ilib qoʻydi–da, Isoga ichish uchun uzatdi. Soʻng dedi:
— Qani, koʻraylik–chi, Ilyos kelib#15:36 …Ilyos kelib… — 6:15 izohiga qarang., Uni xochdan tushirarmikan?
37Ammo Iso qattiq faryod qildi–yu, jon berdi. 38Shu zahoti Maʼbaddagi parda#15:38 Maʼbaddagi parda — shoh Hirod qayta qurgan Maʼbadda ikkita parda bor edi. Pardaning biri Maʼbadning kiraverishida osilgan, ikkinchisi esa Eng muqaddas xonani Muqaddas xonadan ajratib turar edi. Bu oyatda Eng muqaddas xonani Muqaddas xonadan ajratib turadigan parda nazarda tutilgan. Maʼbaddagi pardaning yirtilishi Iso tufayli odamlarga Xudoning huzuriga yoʻl ochilganidan dalolat beradi (Yuhanno 4:19-24, Ibroniylar 9:1-10, 10:19-22 ga qarang). yuqoridan pastgacha yirtilib, ikkiga boʻlinib ketdi. 39Isoning qarshisida turgan Rim yuzboshisi Uning shu tarzda jon berganini koʻrib:
— Haqiqatan ham bu Odam Xudoning Oʻgʻli#15:39 Xudoning Oʻgʻli — Iso Masihning unvoni. Toʻliqroq maʼlumotga ega boʻlish uchun lugʻatdagi XUDONING OʻGʻLI iborasiga qarang. ekan! — dedi.
40U yerda uzoqdan qarab turgan ayollar bor edi. Ular orasida Magdalalik#15:40 Magdala — Jalila koʻlining gʻarbiy qirgʻogʻidagi qishloq. Maryam, kichik Yoqub bilan Yusufning onasi Maryam hamda Salomiya bor edilar. 41Iso Jalilada ekanligida, ular Unga xizmat qilib, ergashib kelgan edilar. U yerda Iso bilan birga Quddusga kelgan boshqa koʻp ayollar ham bor edi.
Iso dafn qilinadi
42Juma kuni kech kirishiga oz qolgan#15:42 Juma kuni kech kirishiga oz qolgan… — yahudiylarning urf–odatiga koʻra, yangi kun quyosh botgandan keyin boshlanar edi. Juma kuni tugayotgani uchun Yusuf jasadni Shabbat kuni boshlanmasidan oldin qabrga qoʻymoqchi boʻlgan (Luqo 23:50-56 ga qarang)., Shabbat kuniga tayyorgarlik qilish vaqti tugayotgan edi. 43Shunda Oliy kengashning obroʻli aʼzosi, Xudoning Shohligini intizorlik bilan kutib yurgan Arimateyalik#15:43 Arimateya — Quddusdan 35 kilometr shimoli–gʻarbda joylashgan shahar. Yusuf jurʼat etib, Pilatning huzuriga bordi va Isoning jasadini soʻradi. 44Pilat Isoning darrov oʻlganiga hayron boʻldi. Yuzboshini chaqirib:
— Uning joni uzilib boʻldimi? — deb soʻradi. 45Pilat Isoning oʻlganini yuzboshidan bilib olgach, Uning jasadini Yusufga berdi.
46Yusuf zigʻir matosi sotib oldi. Jasadni xochdan tushirib olib, zigʻir matosi bilan kafanladi. Jasadni qoyada oʻyilgan qabrga qoʻydi. Keyin qabrning ogʻziga bir toshni yumalatib keltirib, qoʻyib ketdi. 47Isoning jasadi qayerga dafn qilinganini Magdalalik Maryam bilan Yusufning#15:47 Yusuf — shu bobning 40–oyatida aytib oʻtilgan odamga ishora, Arimateyalik Yusufdan boshqa odam. onasi Maryam koʻrdi.

Currently Selected:

Mark 15: O‘zbMK

Highlight

Share

Copy

None

Want to have your highlights saved across all your devices? Sign up or sign in