YouVersion Logo
Search Icon

Mark 14

14
14–BOB
Isoni oʻldirish rejasi
1Fisih ziyofatiga va Xamirturushsiz non bayramiga#14:1 Fisih ziyofati…Xamirturushsiz non bayrami… — bu bayramlar Isroil xalqining Misrdagi qullikdan ozod boʻlishi munosabati bilan nishonlanar edi (Chiqish 12:1-42, 13:3-10 ga qarang). ikki kun qolgan edi. Bosh ruhoniylar va Tavrot tafsirchilari Isoni hiyla bilan tutib, oʻldirish uchun fursat poylab yurgan edilar. 2Ular: “Biz bu ishni bayram kunlari qilmasligimiz kerak, aks holda, xalq gʻalayon koʻtarishi mumkin”, dedilar.
Isoga sunbul moyi quygan ayol
3Iso Baytaniya qishlogʻida#14:3 Baytaniya qishlogʻi — Quddus shahrining sharqiy devori boʻylab oʻtgan Qidron soyligining narigi tomonida joylashgan edi. ilgari teri kasalligiga#14:3 teri kasalligi — 1:40 izohiga qarang. chalingan Shimoʻnning#14:3 ilgari teri kasalligiga chalingan Shimoʻn — bu odam haqida faqatgina shu oyatda va Matto 26:6 da aytib oʻtilgan. Bu Shimoʻn Isodan shifo topgani bilan tanilgan boʻlishi mumkin. uyida mehmon boʻlib oʻtirgan edi. Shunda bir ayol ganchdan#14:3 ganch — bu oʻrinda ishlatilgan yunoncha soʻz naqqoshlikda qoʻllaniladigan oqish yoki sargʻish rangli toshni bildiradi. Odatda bu toshdan yasalgan idishlarda atir moyni uzoq vaqt davomida saqlasa boʻlardi. yasalgan idishda toza, qimmatbaho sunbul moyi#14:3 sunbul moyi — yana bir nomi nard. Bu moy quyuq, och jigar rang, juda ham qimmat, juda xushboʻy boʻlgan. olib keldi. Idishni sindirib ochib, moyni Isoning boshidan quydi. 4Baʼzilar bundan gʻazablanib, bir–biriga:
— Moyni bunday isrof etishning nima keragi bor edi?! 5Axir, uni uch yuz kumush tangadan#14:5 uch yuz kumush tanga — yunoncha matnda uch yuz dinor. Dinor Rim kumush tangasi boʻlib, mardikorning bir kunlik ish haqi edi. ham koʻproqqa sotib, kambagʻallarga taqsimlab berish mumkin edi–ku! — deb ayolni qattiq koyishdi.
6— Qoʻyinglar uni! — dedi Iso. — Nega ayolni xijolatda qoldiryapsizlar? U Men uchun ajoyib ish qildi. 7Kambagʻallar har doim sizlar bilan birga boʻladilar. Istagan vaqtingizda ularga yordam bera olasizlar. Lekin Men sizlar bilan doimo birga boʻlmayman. 8Bu ayol qoʻlidan kelganini qildi. U Mening tanamga xushboʻy moy surtib, oldindan dafnga tayyorladi#14:8 U…oldindan dafnga tayyorladi — yahudiylarning urf–odatiga koʻra jasad dafn qilinishidan oldin unga xushboʻy hidli ziravorlar va moylar surtilar edi (Luqo 23:55-56, Yuhanno 19:38-40 ga qarang). Ayol qilgan ishining maʼnosini oʻzi tushunganmi yoki yoʻqmi, aniq emas, ammo Iso aytadiki, uning bu harakati Isoning oʻlimi yaqinlashib qolganini bildirardi.. 9Sizlarga chinini aytayin: Xushxabar dunyoning qaysi yerida eʼlon qilinmasin, bu ayol ham esga olinib, uning qilgan ishi haqida aytiladi.
10Shunda oʻn ikki shogirddan biri boʻlgan Yahudo Ishqariyot bosh ruhoniylarning oldiga borib, Isoni sizlarga tutib beraman, dedi. 11Bosh ruhoniylar bu gapni eshitib, juda xursand boʻldilar, Yahudoga pul berishni vaʼda qildilar. Shunday qilib, Yahudo Isoni tutib berish uchun qulay vaqtni kuta boshladi.
Qutlugʻ kecha va Isoga xiyonat
12Xamirturushsiz non bayramining birinchi kunida, Fisih qoʻzisi soʻyiladigan paytda shogirdlar Isodan soʻradilar:
— Fisih taomini qayerda yemoqchisiz? Biz borib tayyorgarlik koʻraylik.
13Iso shogirdlaridan ikkitasini yuborayotib, ularga dedi:
— Quddusga boringlar, u yerda koʻzada suv koʻtarib ketayotgan bir odamni uchratasizlar. Uning orqasidan boringlar. 14U kiradigan xonadon egasiga shunday deb aytinglar: “Ustozimiz shogirdlari bilan Fisih taomini yemoqchilar. U sizdan: «Bizga tayyorlab qoʻyilgan mehmonxona qayerda?» deb soʻrab yubordilar.” 15Uy egasi sizlarga jihozlangan, tayyorlab qoʻyilgan katta boloxonani koʻrsatadi. U yerda biz uchun hozirlik koʻringlar.
16Shogirdlar joʻnashdi. Shaharga kirganlarida, xuddi Isoning aytganini topdilar va Fisih taomini tayyorladilar. 17Kech kirganda, Iso oʻn ikki shogirdi bilan birga u yerga keldi.
18Ular ovqatlanib oʻtirganlarida Iso shunday dedi:
— Sizlarga chinini aytayin, Men bilan taom yeyayotgan kishi Menga xiyonat qiladi. U sizlarning orangizdadir.
19Shogirdlar xafa boʻlib, birin–ketin:
— Nahotki oʻsha men boʻlsam? — deb Undan soʻray boshladilar.
20Iso ularga javoban dedi:
— U oʻn ikkitangizdan bittasi, Men bilan baravar kosaga nonni botirgan — oʻshadir. 21Toʻgʻri, Inson Oʻgʻli U haqda yozilganday jon beradi. Lekin Inson Oʻgʻliga xiyonat qilgan odamning holiga voy! Uning tugʻilganidan koʻra, tugʻilmagani yaxshiroq edi.
22Ular ovqatlanayotganda, Iso nonni oldi, duo oʻqib sindirdi. Nonni shogirdlariga berib:
— Olinglar, bu Mening tanamdir, — dedi. 23Sharob quyilgan kosani ham oldi, shukrona duosini oʻqib ularga uzatdi. Hammalari undan ichdilar. 24Iso ularga dedi:
— Bu sharob Xudoning ahdini#14:24 ahd — yunoncha matndan. Baʼzi yunon qoʻlyozmalarida yangi ahd. Iso Masih butun odamzodning gunohini Oʻz boʻyniga olib, xochda oʻldi. Shu orqali yangi ahdni kuchga kiritdi (Ibroniylar 8:6-13, 9:11-17 ga qarang). Toʻliqroq maʼlumotga ega boʻlish uchun lugʻatdagi AHD soʻziga qarang. bildiradi. Bu ahd koʻplar uchun toʻkiladigan qonim evaziga kuchga kiradi. 25Sizlarga chinini aytayin: Xudoning Shohligida Men yangi sharob ichadigan kungacha uzum neʼmatini ogʻzimga ham olmayman.
26Soʻng ular hamdu sano kuylab, Zaytun togʻi#14:26 Zaytun togʻi — 11:1 izohiga qarang. tomon ketdilar.
Butrusning Isodan tonishi haqida bashorat
27Iso shogirdlariga dedi:
— Hammalaringiz Meni tashlab, qochib ketasizlar. Chunki yozilgan:
“Men choʻponni oʻldiraman,
Shunda qoʻylar har yoqqa tarqalib ketadi.”#14:27 Zakariyo 13:7 ga qarang.
28Biroq Men tirilganimdan keyin, sizlarni Jalilada kutaman.
29Butrus Isoga dedi:
— Sizni hamma tashlab ketsa ham, men Sizni tashlab ketmayman!
30Iso unga:
— Senga chinini aytayin, bugun, shu kechasiyoq, xoʻroz ikki marta qichqirmasdan oldin, sen Mendan uch marta tonasan, — dedi.
31Lekin Butrus oʻz gapida qattiq turib oldi:
— Kerak boʻlsa, Siz bilan birga oʻlaman! Ammo Sizdan aslo tonmayman! — dedi. Boshqa hamma shogirdlar ham shunday deyishdi.
Isoning bogʻdagi ibodati
32Ular Getsemaniya#14:32 Getsemaniya — Zaytun togʻining gʻarbiy yon bagʻridagi bogʻ. degan joyga bordilar. Iso shogirdlariga:
— Men ibodat qilayotganimda, sizlar shu yerda oʻtirib turinglar, — dedi.
33U yoniga Butrusni, Yoqub va Yuhannoni oldi. Isoni qaygʻu, gʻam bosib kela boshladi. 34U shogirdlariga:
— Yuragimdagi ogʻir qaygʻu Meni oʻlguday qiynab yubordi. Shu yerda qolinglar–da, koʻz–quloq boʻlib turinglar, — dedi.
35Bir oz nari ketib yerga muk tushdi: “Agar iloji boʻlsa, bu lahza Meni chetlab oʻtsin”, deb ibodat qildi. 36U shunday deb yolvordi:
— Otajon!#14:36 Otajon! — yunoncha matnda Abba, Ota. Abba soʻzi oramiychada ota deganidir. Iso Masih Xudoga “Ota” deb murojaat qilgani Uning Xudo bilan boʻlgan yaqin, shaxsiy munosabatini koʻrsatadi. Toʻliqroq maʼlumotga ega boʻlish uchun lugʻatdagi XUDONING NOMLARI iborasi ostida berilgan OTA soʻziga qarang. Sen uchun hamma narsaning imkoni bor! Bu azob kosasini#14:36 azob kosasi — yunoncha matnda kosa. 10:38 izohiga qarang. Mendan uzoqlashtir. Ammo Mening xohishim emas, Sening xohishing bajo boʻlsin.
37Iso qaytib kelib, shogirdlarining uxlab yotganini koʻrdi. Butrusga dedi:
— Shimoʻn!#14:37 Shimoʻn — Butrus ismi bilan ham tanilgan, Butrus ismini unga Iso qoʻygan edi (3:16 ga qarang). Uxlayapsanmi? Bir soatgina ham uygʻoq oʻtira olmadingmi? 38Koʻz–quloq boʻlib turinglar, vasvasaga tushib qolmaylik, deb ibodat qilinglar#14:38 …vasvasaga tushib qolmaylik, deb ibodat qilinglar — Iso Oʻz shogirdlarini hademay sinov payti boshlanishi haqida ogohlantiryapti (shu bobning 27-31–oyatlariga qarang). Oʻsha paytda ular vasvasaga tushib, Iso Masihdan yuz oʻgirishlari mumkin edi.. Ruh tetik, tana esa zaifdir.
39Iso yana borib, oʻsha soʻzlarni aytib ibodat qildi. 40U qaytib kelib, shogirdlarining yana uxlab yotganini koʻrdi. Ularning koʻzlari yumilib ketavergan edi. Ular Isoga nima deb aytishni bilmay qoldilar.
41Uchinchi marta borib kelib, Iso shogirdlariga dedi:
— Haligacha dam olib, uxlab yotibsizlarmi?! Boʻldi, vaqt–soati keldi! Inson Oʻgʻli gunohkorlar qoʻliga tutib berilyapti. 42Turinglar, ketaylik! Ana, Menga xoinlik qiluvchi kelyapti!
Iso hibsga olinadi
43Iso hali gapini tugatmagan ham ediki, Yahudo kelib qoldi. U oʻn ikki shogirddan biri boʻlib, uning yonida qilich va tayoq koʻtarib olgan olomon bor edi. Bu olomonni bosh ruhoniylar, Tavrot tafsirchilari va yoʻlboshchilar yuborgan edilar. 44Xoin Yahudo olomon bilan til biriktirib, shunday degandi: “Men kimni oʻpsam, U oʻsha Kishidir. Uni qoʻlga olinglar, qoʻriqlab olib ketinglar.”
45Yahudo toʻppa–toʻgʻri Isoning oldiga borib:
— Ustoz! — deb Uni oʻpdi.
46Shu zahotiyoq odamlar Isoni ushlab, qoʻlga oldilar. 47Oʻsha yerda turganlardan biri qilichini qinidan sugʻurdi–da, oliy ruhoniyning xizmatkoriga bir urib, qulogʻini kesib tashladi.
48Iso ularga dedi:
— Sizlar Meni qoʻlga olish uchun qoʻzgʻolonchiga qarshi chiqqandek qilichu tayoqlar bilan qurollanib kelibsizlar. 49Men har kuni Maʼbadda sizning orangizda edim, taʼlim berardim. Sizlar oʻshanda Meni qoʻlga olmadingizlar. Ammo bular Muqaddas bitiklarda#14:49 Muqaddas bitiklar — odatda Eski Ahd kitoblari toʻplami shu nom bilan ataladi. aytilganlar bajo boʻlishi uchun roʻy berdi.
50Oʻshanda hamma shogirdlari Isoni tashlab, qochib ketishdi. 51Bir yosh yigit Isoga ergashib ketayotgan edi. U zigʻir matosiga oʻranib olgan, boshqa kiyimi yoʻq edi. Odamlar oʻsha yigitni ham ushlagan edilar, 52u zigʻir matosini tashlab, yalangʻoch holicha qochib ketdi.
Iso yahudiylarning Oliy kengashi oldida
53Isoni oliy ruhoniyning oldiga olib keldilar. Bosh ruhoniylar, yoʻlboshchilar va Tavrot tafsirchilarining hammasi yigʻilgan edilar. 54Butrus esa Isoning orqasidan masofa saqlab ergashib kelib, oliy ruhoniyning hovlisiga kirdi. U soqchilar bilan birga olov yonida oʻtirib, isindi.
55Bosh ruhoniylar va Oliy kengashning#14:55 Oliy kengash — yahudiylarning siyosiy va diniy kengashi. Toʻliqroq maʼlumotga ega boʻlish uchun lugʻatdagi OLIY KENGASH iborasiga qarang. barcha aʼzolari Isoni oʻlimga mahkum qilish uchun Unga qarshi guvoh izlar edilar#14:55 …Isoni oʻlimga mahkum qilish uchun Unga qarshi guvoh izlar edilar — Tavrot qonuniga koʻra, birortasini oʻlimga mahkum qilish uchun, jinoyatni isbotlaydigan kamida ikkita guvoh boʻlishi kerak edi (Qonunlar 17:6 ga qarang)., lekin topolmasdilar. 56Koʻp odamlar Unga qarshi soxta guvohlik berayotgan boʻlsalar–da, ammo bergan guvohliklari bir–biriga mos kelmas edi. 57Soxta guvohlardan baʼzilari soʻzga chiqib shunday der edilar:
58— U: “Inson qoʻli bilan qurilgan bu Maʼbadni Men buzib tashlayman–u, uch kunda inson qoʻllarisiz, boshqa bir Maʼbadni tiklayman”, — deganini eshitgan edik#14:58 U…deganini eshitgan edik — Yuhanno 2:18-22 ga qarang..
59Lekin bu xususda ham guvohlarning bergan maʼlumotlari bir–biriga mos kelmas edi.
60Bundan keyin oliy ruhoniy oldinga chiqib, Isoga:
— Indamay turaverasanmi?! Ularning Senga qoʻygan ayblariga javob qaytarmaysanmi?! — dedi.
61Iso esa indamadi, hech javob qaytarmadi. Oliy ruhoniy yana Undan soʻradi:
— Muborak Xudoning Oʻgʻli#14:61 Xudoning Oʻgʻli — Iso Masihning unvoni. Toʻliqroq maʼlumotga ega boʻlish uchun lugʻatdagi XUDONING OʻGʻLI iborasiga qarang. — Masih Senmisan?
62Iso dedi:
— Men Oʻshaman. Sizlar Inson Oʻgʻlini Qodir Xudoning oʻng tomonida oʻtirganini#14:62 Qodir Xudoning oʻng tomonida oʻtirgani — Zabur 109:1 ga qarang. Oʻng tomon muruvvat va baraka oʻrni deb hisoblangan. va osmon bulutlarida kelayotganini koʻrasizlar#14:62 …Inson Oʻgʻlini…osmon bulutlarida kelayotganini koʻrasizlar — Doniyor 7:13 ga qarang..
63Shundan keyin oliy ruhoniy oʻz kiyimlarini yirtib#14:63 …oʻz kiyimlarini yirtib… — oliy ruhoniy bu harakati bilan Isoning aytgan soʻzlaridan dargʻazab boʻlganini koʻrsatdi. dedi:
— Bizlarga boshqa guvohlarning nima keragi bor?! 64Uning kufr ketganini oʻzlaringiz eshitdingizlar. Sizlarning qaroringiz qanday?
Hammalari Uni oʻlimga loyiq deb topishdi. 65Baʼzilar Unga tupurishdi. Uning yuz–koʻzini bogʻlab, mushtlashdi: “Paygʻambar, qani, top–chi, Seni kim urdi ekan?” deb aytishdi. Soqchilar ham Uni olib ketib, urdilar.
Butrus Isodan tonadi
66Butrus pastdagi hovlida ekan, oliy ruhoniyning bir choʻrisi kelib qoldi. 67Isinib turgan Butrusni koʻrib, unga tikilib qaradi–da:
— Siz ham oʻsha Nosiralik Iso bilan birga edingiz–ku! — dedi. 68Lekin Butrus inkor etib:
— Nima deyapsan oʻzi, tushunmayapman, — dedi–yu, boshqa yoqqa, tashqi hovliga chiqib ketdi. Shu payt xoʻroz qichqirdi.
69Choʻri uni yana uchratib, u yerda turganlarga:
— Bu odam oʻshalardan biri, — deb yana aytdi.
70Butrus yana inkor etdi.
Bir ozdan keyin u yerda turganlar yana Butrusga gapira boshlashdi:
— Sen Jalilaliksan–ku!#14:70 Sen Jalilaliksan–ku! — buni Butrusning shevasidan payqab olishgan edi (Matto 26:73 ga va oʻsha oyatning izohiga qarang). Oʻshalardan biri ekanliging aniq#14:70 Yunoncha matndan. Baʼzi yunon qoʻlyozmalarida quyidagi soʻzlar oyatga qoʻshimcha qilingan: shevang juda oʻxshaydi..
71— Xudo ursin! Sizlar aytayotgan bu Odamni men tanimayman! — deb qasam ichdi Butrus.
72Naq shu payt xoʻroz ikkinchi marta qichqirdi. Isoning: “Xoʻroz ikki marta qichqirmasdan oldin, sen Mendan uch marta tonasan” degan soʻzi Butrusning esiga tushib ketdi. U chidolmay yigʻlab yubordi.

Currently Selected:

Mark 14: O‘zbMK

Highlight

Share

Copy

None

Want to have your highlights saved across all your devices? Sign up or sign in