YouVersion Logo
Search Icon

Mark 13

13
13–BOB
Iso oxirzamon haqida gapiradi
1Iso Maʼbaddan chiqib ketayotganda shogirdlaridan biri:
— Ustoz, qarang, naqadar ulkan toshlar, naqadar hashamatli binolar! — dedi. 2Iso unga:
— Bu hashamatli binolarni koʻryapsanmi? Bularning hammasi vayron boʻladi#13:2 Bularning hammasi vayron boʻladi — milodiy 70 yilda Tit boshchiligida Rim qoʻshini Quddusni va u yerdagi Maʼbadni butunlay vayron qilgan.. Bu yerda tosh ustida turgan bironta tosh qolmaydi, — dedi.
3Iso Zaytun togʻida#13:3 Zaytun togʻi — 11:1 izohiga qarang., Maʼbadning roʻparasida oʻtirgan vaqtda Butrus, Yoqub, Yuhanno va Endrus Undan alohida soʻradilar:
4— Bizga ayting–chi, bu hodisalar qachon yuz beradi? Tez orada sodir boʻlishini nimadan bilsak boʻladi?
5Iso ularga shunday javob berdi: “Ehtiyot boʻlinglar, hech kim sizlarni yoʻldan ozdirmasin! 6Koʻp kishilar oʻzlarini Mening nomim bilan atab: «Men Oʻshaman», deb koʻplarni yoʻldan ozdiradilar. 7Sizlar uzoq–yaqindagi urush xabarlarini eshitganingizda, choʻchimanglar. Bular albatta sodir boʻladi, ammo bu hali oxiri degani emas. 8Xalq xalqqa qarshi, shohlik shohlikka qarshi koʻtariladi. Ayrim joylarda qahatchilik va zilzilalar boʻladi. Bu hodisalar toʻlgʻoq azoblarining boshlanishiga oʻxshaydi.
9Sizlar esa oʻzingizga ehtiyot boʻlinglar. Chunki sizlarni mahkamalarga topshirib, sinagogalarda uradilar. Men tufayli sizlarni hokimlar va shohlar huzurida turgʻizib qoʻyadilar, sizlar esa Mening shohidlarim boʻlasizlar. 10Ammo oxirat kelishidan oldin, Xushxabar hamma xalqlarga eʼlon qilinishi lozim.
11Sizlarni qoʻlga olib, mahkamaga topshirganlarida, nima aytamiz, deb oldindan xavotir olmanglar. Oʻsha soatda sizlarga nima berilsa, oʻshani aytinglar. Chunki oʻshanda sizlar emas, balki Muqaddas Ruh gapiradi. 12Aka ukasini, ota bolasini oʻlimga topshiradi. Bolalar oʻz ota–onalariga qarshi chiqib, ularni oʻldirtiradilar. 13Mening nomim tufayli hamma sizlardan nafratlanadi. Lekin oxirigacha bardosh bergan najot topadi.
Buyuk musibat va Isoning kelishi
14Koʻp harom–xarish ishlarga sabab boʻladigan makruh bir narsaning#13:14 makruh bir narsa — Doniyor 9:27 ga va oʻsha oyatning oxirgi izohiga qarang. Yana Doniyor 11:31, 12:11 ga qarang. man etilgan joyga oʻrnatilganini koʻrganingizda — oʻqigan tushunib olsin! — Yahudiyada boʻlganlar togʻlarga qochishsin. 15Tomning ustida boʻlganlar#13:15 Tomning ustida boʻlganlar — u zamonlarda uylarning tomi tekis boʻlib, odamlar tomga chiqib dam olishardi. pastga tushib, uyidan biron narsa olib kelish uchun uyiga kirishmasin. 16Dalada boʻlganlar esa toʻnini olgani qaytib kelmasin. 17U kunlarda homilador va emizikli ayollarning holiga voy! 18Qochishingiz qishga toʻgʻri kelmasligi uchun iltijo qilinglar. 19Chunki oʻsha kunlarda shunday azob–uqubatlar boʻladiki, Xudo dunyoni yaratganidan to hozirgacha bunday boʻlmagan va qaytib sodir boʻlmaydi. 20Agar Egamiz oʻsha kunlarni qisqartirmaganda edi, hech bir jonzot omon qolmas edi. Lekin Xudo tanlagan odamlari uchungina oʻsha kunlarni qisqartiradi.
21Agar oʻshanda kimdir sizlarga: «Masih mana bu yerda» yoki: «Ana u yerda», deb aytsa, ishonmanglar. 22Chunki soxta masihlar va soxta paygʻambarlar paydo boʻlib, iloji boʻlsa, tanlangan odamlarni yoʻldan ozdirish uchun alomatu moʻjizalar koʻrsatadilar. 23Sizlar esa ehtiyot boʻlinglar. Men hammasini sizlarga oldindan aytib qoʻydim.
24Oʻsha kunlarda, azob–uqubatlardan keyin,
«Quyosh qorayadi, oyning nuri soʻnadi.
25Osmondan yulduzlar qulab tushadi,
Samoviy kuchlar larzaga keladi.»#13:24-25 Ishayo 13:10, 34:4 ga qarang.
26Shunda hamma odam Inson Oʻgʻlini koʻradi. Inson Oʻgʻli buyuk qudrat va ulugʻvorlikka burkanib, bulutlarda keladi#13:26 Inson Oʻgʻli…bulutlarda keladi — Doniyor 7:13-14 ga qarang.. 27U farishtalarini yerning toʻrt tomoniga yuborib, dunyoning bir burchagidan tortib, narigi burchagigacha tanlagan odamlarini toʻplab oladi.
Hushyor boʻlish haqida
28Anjir daraxtidan saboq olinglar: uning shoxlari koʻkarib barg chiqarayotganda, yoz yaqinlashganini bilasizlar. 29Shu singari, mana bu voqealar sodir boʻlganda, bilingki, oʻsha vaqt#13:29 oʻsha vaqt — yoki Inson Oʻgʻli. yaqinlashib qolgan, ostonangizga yetgan. 30Sizlarga chinini aytayin: bu nasl oʻtmasdanoq, bularning hammasi sodir boʻladi. 31Yeru osmon yoʻq boʻlib ketadi, ammo Mening soʻzlarim kuchda qoladi.
32Oʻsha kun yoki soat haqida samoviy Otamdan boshqa hech kim bilmaydi. Oʻgʻil ham, samodagi farishtalar ham bilmaydilar. 33Ehtiyot boʻlib, hushyor turinglar#13:33 …hushyor turinglar… — yunoncha matndan. Baʼzi yunon qoʻlyozmalarida hushyor boʻlib ibodat qilinglar., chunki oʻsha vaqt–soat qachon kelishini sizlar bilmaysizlar.
34Bu xuddi safarga joʻnagan uy egasiga oʻxshaydi. U oʻz uy–roʻzgʻorini xizmatkorlariga topshirib, har biriga vazifa berib, darvozabonga hushyor boʻlib turishni buyurib, joʻnab ketadi. 35Xuddi shu singari, sizlar ham hushyor boʻlib turinglar. Chunki uy egasi qachon kelishini — kechqurunmi, yarim tundami, xoʻrozlar qichqirgandami yoki ertalabmi — sizlar bilmaysizlar. 36Tagʻin U nogahon kelib, sizlarni uxlab yotgan holda koʻrmasin! 37Sizlarga aytganimni hammaga aytaman: hushyor boʻlinglar!”

Currently Selected:

Mark 13: O‘zbMK

Highlight

Share

Copy

None

Want to have your highlights saved across all your devices? Sign up or sign in