YouVersion Logo
Search Icon

Matto 6

6
6–BOB
Xayr–sadaqa haqida
1Ehtiyot boʻlinglar, savob ishingizni odamlarga koʻz–koʻz qilmanglar. Aks holda, osmondagi Otangizdan mukofot ololmaysizlar. 2Birovga xayr–sadaqa berganingiz haqida hammaga jar solib yurmanglar. Ikkiyuzlamachilargina odamlardan tahsin olish uchun sinagogalarda va koʻcha–koʻyda shunday qiladilar. Sizlarga chinini aytayin: ular oʻz mukofotini olib boʻlganlar. 3Siz esa xayr–sadaqa berayotganingizda, oʻng qoʻlingiz nima qilayotganini chap qoʻlingiz bilmasin. 4Xayr–sadaqangizni hech kimga bildirmay bering. Yashirincha qilgan bu ishingizni koʻrgan Otangiz sizni taqdirlaydi#6:4 …sizni taqdirlaydi — yunoncha matndan. Baʼzi yunon qoʻlyozmalarida …sizni aniq taqdirlaydi. Shu bobning 6, 18–oyatlarida ham bor..
Ibodat haqida
5Ibodat qilganingizda, ikkiyuzlamachilarga oʻxshamanglar. Ular oʻzlarini hammaga koʻrsatish uchun sinagogalarda va koʻchalarning burchaklarida turib ibodat qilishni yaxshi koʻradilar. Sizlarga chinini aytay: ular oʻzlarining mukofotlarini olib boʻlganlar. 6Siz esa ibodat qilayotganingizda ichkari xonaga kirib, eshikni berkitib oling va yashirin boʻlgan Otangizga ibodat qiling. Yashirin qilgan ishlaringizni koʻrgan Otangiz sizni taqdirlaydi. 7Ibodat qilayotganingizda, butparastlar kabi, behuda soʻzlarni hadeb takrorlayvermang. Ular, koʻp soʻzlasam, ibodatim ijobat boʻladi, deb oʻylaydilar. 8Ularga oʻxshamanglar, chunki osmondagi Otangiz soʻramasingizdan oldin nimaga muhtojligingizni biladi.
9Sizlar esa shunday ibodat qilinglar:
«Bizning osmondagi Otamiz!
Sening muqaddas noming ulugʻlansin.
10Sening Shohliging kelsin.
Osmonda boʻlgani kabi,
Yerda ham Sening irodang bajo boʻlsin.
11Bugungi rizqimizni bergin.
12Bizga qarshi gunoh qilganlarni biz kechirgandek,
Sen ham bizning gunohlarimizni kechirgin.
13Bizni vasvasaga duchor qilmagin,
Yovuz shaytondan xalos qilgin#6:13 Yunoncha matndan. Baʼzi yunon qoʻlyozmalarida quyidagi soʻzlar oyatga qoʻshimcha qilingan: Saltanat, kuch–qudrat va shon–shuhrat to abad Senikidir. Omin.
14Agar sizlarga yomonlik qilganlarni kechirsangizlar, osmondagi Otangiz ham sizni kechiradi. 15Bordi–yu, sizlar boshqalarning gunohlarini kechirmasangizlar, Otangiz ham sizni kechirmaydi.
Roʻza haqida
16Roʻza tutayotganingizda, ikkiyuzlamachilar kabi, qovoq solib yurmanglar. Ular roʻza tutayotganlarini boshqalarga koʻrsatish uchun yuvinib–taranmaydilar. Sizlarga chinini aytayin: ular oʻz mukofotlarini olib boʻlganlar. 17Sizlar roʻza tutganlaringizda yuzlaringizni yuvib, sochlaringizni tarab yuring, 18toki roʻza tutganingizni yashirin boʻlgan Otangizdan boshqa hech kim bilmasin. Shunda yashirin qilgan ishingizni koʻrgan Otangiz sizni taqdirlaydi.
Samoviy xazina haqida
19Bu dunyoda oʻzlaringiz uchun boylik gʻamlamanglar. Axir, bunday boylikni kuya yeydi#6:19 …bunday boylikni kuya yeydi… — qadimgi paytlarda qimmatbaho kiyimlar va gilamlar xazina hisoblanar edi., zang bosadi, oʻgʻri tushib oʻgʻirlaydi. 20Aksincha, oʻzlaringiz uchun samoda xazina yigʻinglar. Bunday boylikni kuya yemaydi, zang bosmaydi, oʻgʻri ham oʻgʻirlay olmaydi. 21Xazinangiz qayerda boʻlsa, yuragingiz ham oʻsha yerda boʻladi.
22Tananing chirogʻi — koʻz. Agar koʻzingiz yaxshi boʻlsa, butun tanangiz yop–yorugʻ boʻladi. 23Ammo koʻzingiz yomon boʻlsa, butun tanangiz zulmatga toʻladi. Agarda ichingizdagi nur zulmat boʻlsa, zimziyo zulmatda qolgan ekansiz.
24Hech kim ikki xoʻjayinga xizmat qilolmaydi. U yo birini yomon koʻrib, boshqasini yaxshi koʻradi, yoki biriga bagʻishlanib, boshqasini mensimaydi. Sizlar ham Xudoga, ham boylikka birdek xizmat qila olmaysizlar.
Tirikchilik tashvishlari haqida
25Shuning uchun sizlarga aytaman: tirikchiligingizdan xavotir olib, nima yeymiz, nima ichamiz, ustimizga nima kiyamiz, demanglar. Axir, hayot ovqatdan, tana esa kiyimdan muhimroq emasmi?! 26Qushlarga qaranglar: ular na ekadi, na oʻradi, na omborga don yigʻadi. Shunga qaramay, osmondagi Otangiz ularning rizqini beradi. Sizlar esa ulardan ancha qadrlisizlar–ku! 27Birontangiz tashvishlanib, umringizni bir lahzaga#6:27 lahza — yunoncha matnda tirsak. Odatda bu uzunlikni oʻlchash birligi, ammo baʼzan qisqa vaqtni ham bildiradi. Baʼzi olimlarning fikri boʻyicha, Iso odamning oʻz boʻyini oʻstira olmasligiga ishora qilyapti, ammo bu oʻrinda Iso Masih odamning oʻz umrini hatto qisqa vaqtga ham uzaytira olmasligiga ishora qilayotganining ehtimoli koʻproq. boʻlsa ham uzaytira olarmidingiz?! 28Nega kiyim uchun tashvishlanasizlar? Nilufar gullarning qanday oʻsishiga eʼtibor qiling: ular mehnat qilmaydi, ip yigirmaydi. 29Ammo sizlarga aytamanki, hatto shoh Sulaymon#6:29 shoh Sulaymon — 3 Shohlar 10:23-27 ga qarang. oʻzining shuhrat choʻqqisida ham oʻsha gullarning birontasiday kiyinmagan. 30Bugun bor, ertaga esa oʻchoqqa tashlanadigan dala oʻtini Xudo shunday bezagan boʻlsa, nahotki sizlarni kiyintirmasa, ey imoni sustlar?!
31Shunday ekan, nima yeymiz, nima ichamiz, nima kiyamiz, deb tashvishlanib yurmanglar. 32Butparastlar hadeb bu narsalarning tashvishida yuradilar. Lekin osmondagi Otangiz bularning hammasiga muhtoj ekaningizni biladi–ku! 33Sizlar avvalo Xudoning Shohligi#6:33 Xudoning Shohligi — 3:2 izohiga qarang. va Uning irodasini bajarish payida boʻlinglar#6:33 …Uning irodasini bajarish payida boʻlinglar — yunoncha matndan soʻzma–soʻz tarjimasi …Uning solihligi payida boʻlinglar., shunda qolgan hamma narsa sizga beriladi. 34Xullas, ertangi kun uchun tashvish tortmanglar. Ertaning tashvishi ertaning oʻziga tegishlidir. Har bir kunning gʻam–tashvishi oʻziga yetadi.

Currently Selected:

Matto 6: O‘zbMK

Highlight

Share

Copy

None

Want to have your highlights saved across all your devices? Sign up or sign in