Matto 5
5
5–BOB
Haqiqiy baxtiyorlik
1Iso katta bir olomonni koʻrib, toqqa chiqib oʻtirdi. Shogirdlari Uning oldiga kelishdi. 2Iso shogirdlariga taʼlim berib, gap boshladi:
3“Ruhan kambagʻal boʻlganlar baxtlidir,
Chunki Osmon Shohligi ularnikidir.
4Yigʻlayotganlar baxtlidir,
Chunki ular tasalli topadilar.
5Kamtarin boʻlganlar baxtlidir,
Chunki ular yer yuziga ega boʻladilar.
6Adolatga tashna boʻlganlar baxtlidir,
Chunki Xudo ularni qondiradi.
7Rahmdil boʻlganlar baxtlidir,
Chunki ular rahm–shafqat topadilar.
8Pokdil boʻlganlar baxtlidir,
Chunki ular Xudoni koʻradilar.
9Tinchlik oʻrnatuvchilar baxtlidir,
Chunki ular Xudoning farzandlari deb ataladilar.
10Xudoning yoʻlidan yurgani uchun
Quvgʻin boʻlganlar baxtlidir,
Chunki Osmon Shohligi ularnikidir.
11Odamlar Men tufayli sizlarni haqoratlab quvgʻin qilganlarida, sizlar haqingizda yolgʻon gapirib tuhmat qilganlarida, baxtlisizlar! 12Sevininglar, xursand boʻlinglar. Sizlarni osmonda buyuk mukofot kutmoqda. Axir, sizdan avval oʻtgan paygʻambarlar ham xuddi shunday quvgʻin boʻlganlar.
Tuz va nur haqida
13Sizlar yerning tuzisizlar. Lekin tuz oʻz taʼmini yoʻqotsa, uni yana qanday shoʻr qilib boʻladi?! Bunday tuz boshqa hech narsaga yaramaydi, uni oyoq ostiga tashlab yuborishadi.
14Sizlar dunyoning nurisizlar. Tepalikka qurilgan shaharni koʻzdan pinhon tutib boʻlmaydi. 15Hech kim chiroqni yoqib, ustini idish bilan yopib qoʻymaydi. Aksincha, uni chiroqpoyaga qoʻyishadi, shunda chiroq uydagilarning hammasiga yorugʻlik beradi. 16Sizning nuringiz ham insonlar oldida shunday porlasinki, ular yaxshi ishlaringizni koʻrib, osmondagi Otangizni#5:16 osmondagi Otangiz — Xudoga ishora. Iso koʻpincha Ota unvonini Xudoga nisbatan ishlatgan. Toʻliqroq maʼlumotga ega boʻlish uchun lugʻatdagi XUDONING NOMLARI iborasi ostida berilgan OTA soʻziga qarang. ulugʻlasinlar.
Musoning qonuni haqida
17Meni, Tavrot yoki paygʻambarlarning bitiklarini#5:17 …Tavrot…paygʻambarlarning bitiklari… — odatda yahudiylar, Eski Ahd toʻplami uch qismdan iborat, deb aytadilar. Bu uch qism quyidagilardir: Tavrot (Musoning qonuni degan nom bilan ham yuritiladi), Paygʻambarlar bitiklari (uning tarkibiga baʼzi tarixiy kitoblar ham kirgan) va Bitiklar (Zabur bu qismning birinchi kitobidir). Yahudiylar baʼzan dastlabki ikki qism “Tavrot va Paygʻambarlar bitiklari” deganda butun Eski Ahd toʻplamini nazarda tutadilar. bekor qilgani kelgan, deb oʻylamanglar. Men bekor qilgani emas, balki bajo keltirgani keldim. 18Sizga chinini aytayin: yeru osmon yoʻq boʻlib ketishi mumkin. Ammo Tavrotdagi na bir harf, na bir nuqta oʻchadi. Unda yozilgan hamma narsa amalga oshadi. 19Shu bois kim bu amrlarning eng kichigiga ham rioya qilmay, uni boshqalarga buzib oʻrgatsa, Osmon Shohligida eng kichik boʻladi. Lekin kim bu amrlarni bajarib, boshqalarga oʻrgatsa, Osmon Shohligida buyuk boʻladi. 20Sizlarga aytib qoʻyay: agar sizlarning solihligingiz Tavrot tafsirchilari va farziylarning solihligidan ustun kelmasa, sizlar hech qachon Osmon Shohligiga kirolmaysizlar.
Gʻazab va jazo haqida
21Ajdodlarimizga shunday aytilganini eshitgansizlar: «Qotillik qilma#5:21 Chiqish 20:13 ga qarang.. Qotillik qilgan odam hukm qilinadi.» 22Lekin Men sizlarga aytaman: oʻz yaqinidan hatto gʻazablangan odam#5:22 …hatto gʻazablangan odam… — yunoncha matndan. Baʼzi yunon qoʻlyozmalarida hatto behuda gʻazablangan odam. ham hukm qilinadi. Yaqinini haqoratlagan odam oliy mahkamada javob beradi. Yaqiniga: «Ahmoqsan» degan odam esa, doʻzax oloviga tashlanadi.
23Shunday ekan, siz ehsoningizni qurbongohga olib kelganingizda, yaqiningiz nimadandir sizdan xafa ekanligi yodingizga tushsa, 24ehsoningizni qurbongoh oldida qoldiring. Birinchi navbatda borib, yaqiningiz bilan yarashing, keyin kelib, ehsoningizni nazr qiling.
25Birov sizni ayblab qozixonaga olib borsa, vaqtni boy bermay, yoʻldayoq ayblovchingiz bilan kelishib oling. Aks holda, ayblovchingiz sizni qozi oldiga olib boradi, qozi esa sizni mirshabga topshiradi. Sizni zindonga tashlashadi. 26Sizlarga chinini aytay: oxirgi tiyiningizni toʻlamaguningizcha, u yerdan chiqolmaysiz.
Zino va ajralish haqida
27«Zino qilma»#5:27 Chiqish 20:14 ga qarang., — deb aytilganini ham eshitgansizlar. 28Lekin Men sizlarga aytaman: agar siz ayolga shahvat bilan qarasangiz, xayolingizda u bilan zino qilgan boʻlasiz. 29Bordi–yu, oʻng koʻzingiz gunoh qilishingizga sababchi boʻlsa, uni oʻyib olib, uloqtirib yuboring. Butun badaningiz doʻzaxga tashlangandan koʻra, aʼzolaringizdan bittasi yoʻq boʻlgani siz uchun yaxshiroqdir. 30Agar oʻng qoʻlingiz gunoh qilishingizga sababchi boʻlsa, uni kesib tashlab, uloqtirib yuboring. Butun badaningiz doʻzaxga yoʻliqqandan koʻra, aʼzolaringizdan bittasi yoʻq boʻlgani siz uchun yaxshiroqdir.
31Yana deyilganki: «Kim xotini bilan ajrashmoqchi boʻlsa, unga taloq xatini yozib bersin.»#5:31 Qonunlar 24:1 ga qarang. 32Lekin Men sizlarga aytaman#5:32 Lekin Men sizlarga aytaman… — 19:3-9 oyatlarga va 19:3 izohiga qarang.: kim bevafolik aybidan boshqa sabab tufayli oʻz xotini bilan ajrashsa, unga zino qilishga sabab topib beradi. Shuningdek, kim ajrashgan xotinga uylansa, zino qilgan boʻladi.
Qasam haqida
33Ajdodlarimizga: «Ichgan qasamingdan qaytma. Egamizga bergan vaʼdalaringni bajargin»#5:33 Sahroda 30:3, Qonunlar 23:21 ga qarang., deb aytilganini ham eshitgansizlar. 34Lekin Men sizlarga aytaman: umuman qasam ichmanglar. «Osmon haqi», deya qasam ichmanglar, chunki osmon Xudoning taxtidir. 35«Yer haqi», deya qasam ichmanglar, chunki yer Xudoning poyandozidir. «Quddus haqi», deya ham qasam ichmanglar, chunki Quddus buyuk Shohning#5:35 buyuk Shoh — Xudoga ishora. shahridir. 36Boshingiz haqi ham qasam ichmanglar, chunki oʻzlaringiz sochingizning bir tolasini ham oq yoki qora qila olmaysiz. 37Sizlarning soʻzingiz faqat «ha» yoki «yoʻq» boʻlsin. Bundan ortigʻi esa yovuz shaytondandir.
Yomonlikni yaxshilik bilan yengish haqida
38Sizlar: «Koʻz evaziga koʻz, tish evaziga tish»#5:38 Chiqish 21:24, Levilar 24:20, Qonunlar 19:21 ga qarang., — deb aytilganini ham eshitgansizlar. 39Lekin Men sizlarga aytaman: sizga yomonlik qilgan odamga qarshilik koʻrsatmang. Agar kimdir oʻng chakkangizga ursa, unga chapini ham tuting. 40Kim siz bilan daʼvolashib, koʻylagingizni olmoqchi boʻlsa, unga toʻningizni ham berib yuboring. 41Birov#5:41 Birov — Rim askari nazarda tutilgan boʻlishi mumkin. Oʻsha davrda qadimgi Falastin Rim imperiyasi hukmronligi ostida edi. sizni bir chaqirim#5:41 chaqirim — yunoncha matnda milion, taxminan 1,5 kilometrga toʻgʻri keladi. yoʻl yurishga majbur qilsa, u bilan birga ikki chaqirim yuring. 42Sizdan soʻraganga bering, sizdan qarz olmoqchi boʻlgandan yuz oʻgirmang.
Dushmanlaringizni yaxshi koʻringlar
43«Yaqiningni sevgin#5:43 Yaqiningni sevgin… — Levilar 19:18 ga qarang., dushmaningdan nafratlan», deb aytilganini ham eshitgansizlar. 44Lekin Men sizlarga aytyapman: dushmanlaringizni yaxshi koʻringlar. Sizlarni quvgʻin qilganlar uchun ibodat qilinglar#5:44 Sizlarni quvgʻin qilganlar uchun ibodat qilinglar — yunoncha matndan. Baʼzi yunon qoʻlyozmalarida Sizni laʼnatlaganlarni duo qilinglar. Sizdan nafratlanganlarga yaxshilik qilinglar. Sizning nomingizga isnod keltirganlar uchun, sizlarni quvgʻin qilganlar uchun ibodat qilinglar.. 45Shunda siz osmondagi Otangizning farzandlari boʻlasizlar. Chunki U Oʻz quyoshini yovuzlar ustida ham, yaxshilar ustida ham balqitadi, yomgʻirini solihlar ustiga ham, fosiqlar ustiga ham yogʻdiradi. 46Agar sizni sevganlarnigina yaxshi koʻrsangiz, sizlarga qanday mukofot boʻladi? Axir, soliqchilar#5:46 soliqchilar — bu soliqchilar odatda yahudiy boʻlib turib, Rim davlatiga ishlagani uchun hamma ularni yomon koʻrardi. Koʻp soliqchilar firibgarlik qilib, xalqdan soliq uchun keragidan ortiqroq pul undirardilar–da, bu pulni oʻz choʻntaklariga urardilar. Mana shuning uchun ham xalq soliqchilardan nafratlanib, ularni oʻz imonini sotgan xoinlar deb bilardi. ham shunday qilishmaydimi? 47Agar siz faqat oʻz yaqinlaringiz bilan salomlashsangiz, boshqalardan nima farqingiz qoladi?! Axir, butparastlar ham xuddi shunday qilishmaydimi?! 48Osmondagi Otangiz barkamol boʻlgani kabi, sizlar ham barkamol boʻlinglar.
Currently Selected:
Matto 5: O‘zbMK
Highlight
Share
Copy
Want to have your highlights saved across all your devices? Sign up or sign in
© Muqaddas Kitobni tarjima qilish instituti, 2016, 2018, 2020