Matto 15
15
15–BOB
Diniy urf–odatlar va Xudoning amri
1Quddusdan farziylar va Tavrot tafsirchilari Isoning oldiga kelib, shunday dedilar:
2— Nega Sizning shogirdlaringiz ota–bobolarimizning urf–odatlariga amal qilmayaptilar? Nega ovqatlanishdan oldin qoʻllarini yuvmaydilar?#15:2 Nega ovqatlanishdan oldin qoʻllarini yuvmaydilar? — farziylar va Tavrot tafsirchilari ovqatlanishdan oldin qoʻllarining yuvilishiga alohida eʼtibor qaratishardi. Ayniqsa koʻchada, odamlar orasida boʻlib kelgandan keyin, dasturxonga oʻtirishdan oldin urf–odatlarga koʻra qoʻllarini yuvib, oʻzlarini poklab olishardi.
3Iso ularga javob berib dedi:
— Oʻzlaringiz–chi? Nega oʻz urf–odatingizni deb, Xudoning amrini buzib yuribsizlar? 4Xudo: “Ota–onangizni hurmat qiling. Otasini yoki onasini xoʻrlagan har qanday odamga oʻlim jazosi berilsin”#15:4 Chiqish 20:12, 21:17, Levilar 20:9, Qonunlar 5:16 ga qarang., deb aytgan. 5Ammo sizlar shunday taʼlim berasizlar: odam oʻz otasi yoki onasiga: “Farzandlik burchim — Xudoga inʼom qilingan, — desa, 6— u ota–onasini hurmat qilmasa ham boʻladi.” Shu tariqa sizlar oʻz taʼlimotingiz bilan Xudoning kalomini bekor qilyapsizlar. 7Sizlar ikkiyuzlamachisizlar! Ishayo paygʻambar siz haqingizda toʻgʻri aytgan:
8“Xudo aytdi:
«Bu xalq Meni tilidagina izzat qiladi#15:8 Bu xalq Meni tilidagina izzat qiladi… — yunoncha matndan. Baʼzi yunon qoʻlyozmalarida Bu xalq Menga yaqinlashar faqat ogʻizda, Meni tilidagina izzat qiladi.,
Yuraklari esa Mendan uzoqdir.
9Ular Menga sajda qiladilar,
Ammo sajdalari behudadir.
Chunki ular inson yaratgan qoidalarni
Ilohiy qonun deb oʻrgatadilar.»”#15:8-9 Muallif bu oʻrinda Ishayo 29:13 ning qadimiy yunoncha tarjimasidan foydalangan.
Insonni nima harom qiladi?
10Keyin Iso xalqni yoniga chaqirib, dedi:
— Menga quloq solib, tushunib olinglar! 11Ogʻizga kiradigan narsa emas, balki ogʻizdan chiqadigan narsa insonni harom qiladi.
12Shunda shogirdlar Isoning oldiga borib dedilar:
— Aytgan bu gapingiz farziylarga qattiq botganini bildingizmi?
13Iso shunday javob berdi:
— Osmondagi Otam oʻtqazmagan har qanday oʻsimlik ildizi bilan sugʻurib tashlanadi. 14Farziylarga eʼtibor bermanglar. Ular oʻzlari koʻr va koʻrlarga yoʻlboshchilik qiladilar. Agar koʻr odam koʻrni yetaklasa, ikkalasi ham chuqurga yiqilib tushadi.
15Shunda Butrus:
— Xalqqa aytgan gapingizni bizga tushuntirib bering! — dedi.
16— Shunchalik ham befahm boʻlasizlarmi?! — dedi Iso. 17— Ogʻizga kiradigan har bir narsa qoringa oʻtib, kerakli joydan chiqib ketishini nahotki tushunmasangizlar? 18Ammo ogʻizdan chiqadigan narsalar yurakdan chiqadi. Ana oʻshalar insonni harom qiladi. 19Chunki inson yuragidan yomon fikrlar, qotillik, fahshu zino, oʻgʻrilik, soxta guvohlik va tuhmat chiqadi. 20Ana shular insonni harom qiladi. Yuvilmagan qoʻl bilan ovqat yeyish esa insonni harom qilmaydi.
Gʻayriyahudiy ayolning ishonchi
21Iso u yerdan ketib, Tir va Sidon#15:21 Tir va Sidon — 11:21 ning birinchi izohiga qarang. hududlariga bordi. 22Shu yerda yashaydigan Kanʼon xalqidan boʻlgan bir ayol Isoning oldiga kelib, faryod qildi:
— Ey Hazrat, Dovudning Oʻgʻli#15:22 Dovudning Oʻgʻli — 9:27 izohiga qarang., menga rahm qiling! Qizimni jin chalgan, ahvoli yomon!
23Iso unga bir ogʻiz soʻz ham javob bermadi. Shogirdlari Isoning oldiga kelib, iltimos qildilar:
— Uni joʻnatib yuboring! Axir, u ketimizdan qolmay, dodlab yuribdi.
24Iso esa shunday dedi:
— Xudo Meni faqat Isroil xalqining adashgan qoʻylari oldiga yubordi.
25Ayol esa kelib, Isoning oldiga tiz choʻkdi–da:
— Yordam bering, Hazrat! — deb yolvordi. 26Iso esa:
— Bolalardan nonni olib kuchuklarga tashlash yaxshi emas, — dedi.
27— Toʻgʻri, Hazrat, — dedi ayol. — Lekin kuchuklar ham xoʻjayinlarining dasturxonidan toʻkilgan ushoqlarini yeydi–ku.
28Shunda Iso:
— Ey ayol, sening ishonching buyuk! — dedi. — Mayli, sen istaganingday boʻlsin.
Shu zahoti ayolning qizi sogʻayib qoldi.
Iso koʻp odamlarga shifo beradi
29Iso u yerdan chiqib, Jalila koʻli boʻylab ketdi. Soʻng toqqa chiqib, oʻtirdi. 30Isoning oldiga bir talay olomon keldi. Ular oʻzlari bilan choʻloq, koʻr, mayib, soqov va boshqa koʻplab xastalarni olib kelib, Isoning oyoqlari tomoniga oʻtqizdilar. Iso ularning hammasiga shifo berdi. 31Soqovlarning gapirganini, mayiblarning sogʻayganini, choʻloqlarning yurganini va koʻrlarning koʻzlari ochilganini xalq koʻrib, hayratda qoldi. Ular Isroil xalqining Xudosini olqishladilar.
Iso 4000 kishini toʻydiradi
32Iso shogirdlarini yoniga chaqirib dedi:
— Xalqqa achinyapman. Ular uch kundan beri Men bilan birga, yeyishga hech narsasi yoʻq. Ularga ovqat bermay joʻnatib yuborishni xohlamayman, yoʻlda holdan toyib qolishlari mumkin.
33Shogirdlari Unga:
— Shu qadar katta olomonni toʻydirish uchun bu kimsasiz joyda qayerdan non olamiz?! — deyishdi.
34— Qancha nonlaringiz bor? — deb soʻradi Iso.
— Yettita non va ozgina mayda baligʻimiz bor, — dedi shogirdlar.
35Shundan keyin Iso xalqqa yerga oʻtirishni buyurdi. 36Yettita non va baliqlarni olib, shukrona duosini oʻqidi. Non va baliqlarni sindirib, tarqatish uchun shogirdlariga berdi. Shogirdlar xalqqa tarqatishdi. 37Hamma yeb toʻydi. Ortib qolgan non burdalarini yigʻishganda, toʻla yetti savat chiqdi. 38Bolalar bilan ayollarni hisobga olmaganda, non yeganlarning soni toʻrt mingta edi. 39Shundan keyin Iso odamlarga ketishga ijozat berdi, Oʻzi esa qayiqqa oʻtirib, Magadan#15:39 Magadan — yunoncha matndan. Baʼzi yunon qoʻlyozmalarida Magdala. Magadan Jalila koʻlining gʻarbiy qirgʻogʻida joylashgan boʻlishi mumkin. hududiga yoʻl oldi.
Currently Selected:
Matto 15: O‘zbMK
Highlight
Share
Copy
Want to have your highlights saved across all your devices? Sign up or sign in
© Muqaddas Kitobni tarjima qilish instituti, 2016, 2018, 2020