YouVersion Logo
Search Icon

Luqo 13

13
13–BOB
Tavba va halokat haqida
1Oʻsha vaqtda baʼzi odamlar kelib, Isoga hokim Pilat#13:1 hokim Pilat — 3:1 ga va oʻsha oyatning uchinchi izohiga qarang. oʻldirgan Jalilaliklar haqida xabar qilishdi. Jalilaliklar qurbonlik keltirayotgan paytda Pilat ularni oʻldirib, qonlarini soʻyilgan qurbonliklar qoniga aralashtirib tashlagan edi.
2Iso xabarchilarga dedi: “Sizningcha, bu Jalilaliklar boshqa hamma Jalilaliklarga qaraganda koʻproq gunoh qilganlari uchun shunchalik jafo chekdilarmi? 3Sizga yoʻq, deyman. Lekin tavba qilmasangizlar, hammalaringiz ular kabi halok boʻlasizlar. 4Yoki Siloam qishlogʻidagi#13:4 Siloam qishlogʻi — Quddus shahrining yonida joylashgan. minora qulaganda nobud boʻlgan oʻn sakkiz kishini olaylik. Sizlarning fikringizcha, oʻsha nobud boʻlganlar Quddusda yashaydigan qolgan hamma odamdan koʻra, koʻproq gunoh qilgan edilarmi? 5Sizlarga, yoʻq, deb aytaman. Lekin tavba qilmasangizlar, hammangiz ular kabi halok boʻlasizlar.”
Hosilsiz anjir daraxti haqida masal
6Shundan keyin Iso shu masalni aytib berdi: “Bir odamning uzumzoriga anjir daraxti ekilgan ekan. Oʻsha odam kelib, anjir daraxtidan meva izlabdi, ammo topa olmabdi. 7U bogʻbonga debdi:
— Menga qara, uch yildirki, men mana bu anjir daraxtidan meva izlayman, ammo shu paytgacha bironta meva topa olmadim. Uni kesib tashla! Bekorga yerni egallab turishining nima keragi bor?!
8Bogʻbon esa shunday javob beribdi:
— Xoʻjayin, daraxtingiz bu yil ham tursin. Men uning atrofini chopib, goʻng solay. 9Balki kelgusi yil meva berar. Agar bermasa, unda kesib tashlaymiz.”
Shabbat kuni Iso bukri ayolga shifo beradi
10Shabbat kuni Iso sinagogalarning birida taʼlim berayotgan edi. 11U yerda oʻn sakkiz yildan beri jinga chalingan bir ayol bor edi. U ikki bukilib qolgan boʻlib, qaddini umuman rostlay olmasdi. 12Iso uni koʻrgach, yoniga chaqirib dedi:
— Ey ayol, sen dardingdan xalos boʻlding!
13Soʻng ayolga qoʻllarini qoʻydi, shu zahoti ayolning qaddi tiklandi–qoldi. Ayol Xudoga hamdu sanolar aytdi.
14Iso Shabbat kuni xastaga shifo bergani uchun sinagoga boshligʻi achchiqlanib, olomonga shunday dedi:
— Ishlash uchun olti kun bor. Shifo topmoqchi boʻlsangiz, Shabbatdan boshqa kuni kelinglar.
15Rabbimiz Iso unga javoban dedi:
— Ey ikkiyuzlamachilar! Sizlar oʻzlaringiz ham Shabbat kuni hoʻkizingiz yoki eshagingizni oxurdan yechib, sugʻorgani olib borasizlar–ku! 16Bu esa Ibrohimning qizi, axir! Shayton oʻn sakkiz yildan beri uni bogʻlab qoʻygan edi. Uni Shabbat kuni kishanlaridan ozod qilish nahotki mumkin boʻlmasa?!
17Iso shu gaplarni aytganda, Uning hamma raqiblari sharmanda boʻldilar. Jamiki olomon esa Iso qilgan ajoyib ishlardan xursand edi.
Xantal urugʻi haqida masal
18Iso dedi: “Xudoning Shohligi nimaga oʻxshaydi? Uni nimaga oʻxshatsam boʻladi? 19Xudoning Shohligi bir odam oʻz bogʻiga ekkan xantal urugʻiga#13:19 xantal urugʻi — oʻsha zamonda odamlar xantal urugʻini eng mayda urugʻ deb bilishardi. oʻxshaydi. Urugʻ unib–oʻsib, daraxt boʻladi, qushlar uning shoxlariga uya quradi.”
Xamirturush haqida masal
20Iso yana shunday dedi: “Xudoning Shohligini yana nimaga oʻxshatsam boʻladi? 21Xudoning Shohligi xamirturushga oʻxshaydi. Ayol bir boʻlak xamirturushni bir togʻora#13:21 bir togʻora — yunoncha matnda uch saton, taxminan 22 kiloga toʻgʻri keladi. unga qorsa ham, hamma xamir oshadi.”
Najot eshigi tordir
22Iso Quddusga yoʻl oldi va shaharu qishloqlarga borib, taʼlim berar edi. 23Bir odam Undan soʻradi: “Hazrat, nahotki sanoqli odam najot topsa?!”
Iso shunday javob berdi: 24“Tor eshikdan kirishga jon–jahdingiz bilan harakat qilinglar. Sizlarga shuni aytay: koʻp odam ichkari kirishga intiladi, ammo kira olmaydi. 25Uy egasi oʻrnidan turib eshikni yopganda, sizlar tashqarida qolib eshikni taqillatasizlar va:
— Hazrat, bizga eshikni oching! — deb aytasizlar. U esa sizlarga:
— Kimligingizni va qayerdan kelganingizni bilmayman! — deb javob beradi. 26Shunda sizlar:
— Axir, biz Siz bilan birga yeb–ichganmiz! Koʻchalarimizda taʼlim bergansiz! — deb aytasizlar. 27Ammo U sizlarga deydi:
— Men sizlarni tanimayman! Qayerdanligingizni ham bilmayman! Yoʻqolinglar oldimdan, ey badkirdorlar!
28Sizlarni tashqariga quvib chiqarishganda, qattiq pushaymon boʻlasizlar, figʻon chekasizlar, chunki Ibrohim, Isʼhoq, Yoqub#13:28 Yoqub — Isʼhoqning oʻgʻli, Ibrohimning nabirasi. va barcha paygʻambarlar Xudoning Shohligida ekanini koʻrasizlar. 29Shundan keyin sharqu gʻarbdan, shimolu janubdan odamlar kelib, Xudoning Shohligida ziyofatga oʻtiradilar. 30Shunda oxirgi boʻlgan baʼzi odamlar birinchi boʻladilar, birinchi boʻlgan baʼzilar esa oxirgi boʻladilar.”
Isoning Quddus uchun nolasi
31Shu paytda farziylardan ayrimlari Isoning oldiga kelib deyishdi:
— Bu yerdan ketishingiz kerak. Hirod#13:31 Hirod — 3:1 ga va oʻsha oyatning toʻrtinchi izohiga qarang. Sizni oʻldirmoqchi.
32Iso ularga shunday dedi:
— Borib u tulkiga aytinglar: “Eshitib ol, Men bugun ham, ertaga ham jinlarni quvib, xastalarga shifo beraman. Uchinchi kuni esa ishimni tugataman.” 33Ammo shunday boʻlsa ham, Men bugun, ertaga va indinga Oʻz yoʻlimdan qolmasligim kerak. Axir, paygʻambar Quddusdan tashqarida oʻldirilishi mumkin emas. 34Eh Quddus, Quddus! Paygʻambarlarni qatl etib, huzuriga yuborilganlarni toshboʻron qiluvchi shahar! Tovuq oʻz joʻjalarini qanotlari ostiga qanday toʻplasa, Men ham sening xalqingni bir necha marta shunday toʻplamoqchi boʻldim. Lekin sen istamading. 35Ey Quddus aholisi, sizning Maʼbadingiz huvullab qoladi. Sizga shuni aytay: “Egamiz nomidan keladigan Inson baraka topsin”#13:35 Zabur 117:26 ga qarang., deb aytmaguningizcha, Meni koʻrmaysizlar.

Currently Selected:

Luqo 13: O‘zbMK

Highlight

Share

Copy

None

Want to have your highlights saved across all your devices? Sign up or sign in