Luqo 12
12
12–BOB
Iso ikkiyuzlamachilik haqida ogohlantiradi
1Shu orada minglab odamlar toʻplanib, bir–birlarini itarib siqishayotgan edilar. Iso avval shogirdlariga gapira boshladi: “Farziylarning xamirturushidan#12:1 xamirturush — majoziy maʼnoda ishlatilgan boʻlib, odatda boshqalarga salbiy taʼsir koʻrsatadigan taʼlimotlar va xulq–atvor nazarda tutilgan., yaʼni ularning ikkiyuzlamachiligidan#12:1 ikkiyuzlamachiligi — Matto 23:27-28 ga qarang. ehtiyot boʻlinglar! 2Axir, har qanday yashirin narsa maʼlum boʻladi, har qanday sir ochiladi. 3Shu bois qorongʻida aytganlaringiz yorugʻlikda eshitiladi, yopiq eshiklar ortida shivirlab aytganlaringizni uylarning tomi ustida baqirib eʼlon qilishadi.
Qoʻrqish va qoʻrqmaslik haqida
4Sizlarga shuni aytay, doʻstlarim: tanani oʻldirib, undan keyin boshqa biron narsa qila olmaydiganlardan qoʻrqmanglar. 5Biroq kimdan qoʻrqishingiz kerakligini sizlarga uqtiray: Xudodan qoʻrqinglar, chunki U odamni oʻldirib, doʻzaxga tashlashga ham qodir. Ha, sizlarga aytaman: Xudodan qoʻrqinglar!
6Beshta chumchuq ikki tangaga#12:6 ikki tanga — yunoncha matnda ikki assarion, Rim imperiyasidagi ikki mis chaqa. Oʻn olti assarion bir dinor qiymatiga toʻgʻri kelardi. Bir dinor mardikorning bir kunlik ish haqi edi. sotiladi, shunday emasmi? Biroq bularning birontasi ham Xudoning nazaridan chetda qolmagan. 7Sizlarning esa hatto boshingizdagi har bir tola sochingiz sanalgan. Qoʻrqmanglar, sizlar koʻplab chumchuqlardan qadrliroqsizlar.
Masihni eʼtirof etish va rad qilish toʻgʻrisida
8Sizlarga yana shuni aytay: kim Meni insonlar oldida tan olsa, Inson Oʻgʻli ham Xudoning farishtalari oldida uni tan oladi. 9Ammo kim insonlar oldida Meni rad etsa, u ham Xudoning farishtalari oldida rad etiladi. 10Kimki Inson Oʻgʻliga qarshi soʻz aytsa, kechiriladi. Lekin kim Muqaddas Ruhga kufrlik qilsa#12:10 …kim Muqaddas Ruhga kufrlik qilsa… — Xudoga ishonishdan bosh tortib, Muqaddas Ruhning ishiga qarshilik koʻrsatadigan odamga ishora qiladi., kechirilmaydi.
11Sizlarni sinagogalarga, boshliqlar va hokimlar oldiga olib kelganlarida: «Oʻzimizni qanday himoya qilamiz, nima aytamiz», deb xavotir olmanglar. 12Nima aytishingizni oʻsha vaqtda sizga Muqaddas Ruh oʻrgatadi.”
Ahmoq boy haqida masal
13Olomon orasidan kimdir Isoga aytdi:
— Ustoz, akamga ayting, otamiz bizga qoldirgan merosni men bilan boʻlishsin.
14— Ey inson! Kim Meni sizlarga qozi yoki meros boʻluvchi qilib qoʻyibdi? — dedi unga Iso. 15Soʻng xaloyiqqa dedi:
— Ehtiyot boʻlinglar, oʻzingizni har qanday ochkoʻzlikdan saqlanglar. Zero, insonning umri mol–mulkining koʻpligiga bogʻliq emas.
16Iso ularga shunday masal aytdi: “Bir boy odamning dalasi moʻl hosil beribdi. 17Boy koʻnglida:
— Nima qilsam ekan, hosilimni saqlashga yetarli joyim yoʻq–ku, — deb oʻylabdi. 18Nihoyat, u shunday debdi:
— Endi bunday qilaman: omborlarimni buzib, kattaroqlarini quraman. Hamma don–dunlarimni, boyliklarimni oʻsha yerda saqlayman. 19Shunda oʻzimga oʻzim deyman: “Koʻp yillarga yetadigan mol–mulk toʻpladim. Endi rohatlanaman, yeb–ichaman, kayfu safo qilaman.”
20Ammo Xudo unga shunday debdi:
— Ey nodon! Shu tundayoq joning olinadi. Yigʻib–tergan mol–mulking endi kimga qoladi?!
21Ha, oʻzi uchun boylik yiqqan, ammo Xudoning nazarida boy boʻlmagan odamning qismati shunday boʻladi.”
Tirikchilik tashvishlari haqida
22Iso shogirdlariga shunday dedi: “Shuning uchun sizlarga aytaman: tirikchiligingizdan xavotir olib, nima yeymiz, ustimizga nima kiyamiz, demanglar. 23Axir, hayot ovqatdan, tana esa kiyimdan muhimroq–ku! 24Qargʻalarga qaranglar: ular na ekadi, na oʻradi, na omborlari, na qoʻralari bor. Shunga qaramay, Xudo ularning rizqini beradi. Sizlar esa qushlardan ancha qadrlisizlar! 25Birontangiz tashvishlanib, umringizni bir lahzaga boʻlsa ham uzaytira olarmidingiz?! 26Shunday arzimas ish qoʻlingizdan kelmas ekan, nega qolgan narsalar haqida tashvish tortasiz?
27Nilufar gullarning qanday oʻsishiga eʼtibor qiling: ular mehnat qilmaydi, ip yigirmaydi. Ammo sizlarga aytamanki, hatto shoh Sulaymon#12:27 shoh Sulaymon — 3 Shohlar 10:23-27 ga qarang. oʻzining shuhrat choʻqqisida ham oʻsha gullarning birontasiday kiyinmagan. 28Bugun bor, ertaga esa oʻchoqqa tashlanadigan dala oʻtini Xudo shunday bezagan boʻlsa, nahotki sizlarni kiyintirmasa, ey imoni sustlar! 29Nima yeymiz, nima ichamiz, deb tashvishlanib bezovta boʻlmanglar. 30Xudoni bilmaydigan xalqlar hadeb bu narsalarning tashvishida yuradilar. Lekin osmondagi Otangiz bularga muhtoj ekaningizni biladi–ku! 31Sizlar, yaxshisi, Xudoning Shohligi payida boʻlinglar, shunda qolgan narsalar ham sizga beriladi.
32Ey kichik suruv, qoʻrqmanglar! Osmondagi Otangiz Oʻz Shohligini sizlarga berishni maʼqul topdi. 33Mol–mulkingizni sotib, xayr–sadaqa beringlar. Oʻzingizga eskirmaydigan hamyonlar, samolarda bitmas–tuganmas xazina tayyorlanglar. U yerga oʻgʻri yaqinlasha olmaydi, xazinangizni kuya yeya olmaydi#12:33 …xazinangizni kuya yeya olmaydi — qadimgi paytlarda qimmatbaho kiyimlar va gilamlar xazina hisoblanar edi.. 34Xazinangiz qayerda boʻlsa, yuragingiz ham oʻsha yerda boʻladi.
Hushyor xizmatkorlar
35Har doim tayyor holda turinglar: belbogʻlaringiz belingizda bogʻlangan, chiroqlaringiz yonib turgan boʻlsin! 36Sizlar xoʻjayinining toʻydan qaytishini intizorlik bilan kutgan xizmatkorlarday boʻlinglar. Xoʻjayin kelib, eshikni taqillatishi bilanoq eshikni ochadigan boʻlinglar. 37Xoʻjayin kelganda hushyor turgan xizmatkorlar baxtlidir! Sizlarga chinini aytay: xoʻjayin belini bogʻlab, xizmatkorlarini dasturxonga oʻtqazadi va ularga oʻzi xizmat qiladi. 38Xoʻjayin yarim tunda keladimi yoki tongga yaqin keladimi, xizmatkorlarini hushyor holda koʻrsa, oʻsha xizmatkorlar naqadar baxtlidir!
39Ammo shuni bilib qoʻyingki, agar uy egasi oʻgʻrining qachon kelishini bilganda edi, uyiga buzib kirishga oʻgʻriga yoʻl qoʻymagan boʻlardi. 40Shuningdek, sizlar ham tayyor turinglar, chunki Inson Oʻgʻli sizlar kutmagan vaqtda keladi.”
41Shu payt Butrus soʻradi: “Hazrat, bu masalni faqat bizga aytyapsizmi yo hammagami?”
42Rabbimiz Iso shunday javob berdi: “Ishonchli va aqlli uy boshqaruvchisi kim? Xoʻjayin bunday odamni oʻz xizmatkorlariga boshliq qilib qoʻyadi, ularga oʻz vaqtida ovqat tarqatishni unga topshiradi. 43Xoʻjayin uyga qaytganda oʻsha xizmatkorini yumush ustida koʻrsa, xizmatkor naqadar baxtlidir! 44Sizlarga chinini aytay: xoʻjayin oʻsha xizmatkorini butun mulki ustidan boshqaruvchi qilib qoʻyadi. 45Bordi–yu, u xizmatkor koʻnglida: «Xoʻjayinim hali beri qaytib kelmaydi» deb, boshqa xizmatkorlarni ura boshlasa, yeb–ichib, mast boʻlsa, 46xizmatkor kutmagan kunda, oʻylamagan soatda xoʻjayini kelib qoladi, xizmatkorini qattiq jazolab, boshiga sadoqatsizlarning kunini soladi.
47Xoʻjayinning xohishini bilgan, ammo hozirlik koʻrmagan va uning xohishini bajarmagan xizmatkor koʻp kaltak yeydi. 48Bilmay turib jazoga munosib ish qilgan xizmatkor esa koʻp kaltaklanmaydi. Kimga koʻp berilgan boʻlsa, undan koʻp soʻraladi. Kimga koʻp ishonib topshirilgan boʻlsa, undan koʻproq talab qilinadi.
Iso — boʻlinishning sababchisi
49Men yer yuziga olov keltirgani keldim. Qaniydi, bu olov hoziroq alanga olib ketsa! 50Men chuqur qaygʻu–alamlarga botaman. Bu amalga oshmaguncha qattiq iztirob chekaman! 51Meni yer yuziga tinchlik olib kelgan, deb oʻylaysizlarmi? Yoʻq, deb aytaman, boʻlinish olib kelganman! 52Zero, bundan buyon bir uyda yashagan besh kishi boʻlinadi, uchtasi ikkitasiga va ikkitasi uchtasiga qarshi boʻladi. 53Ha, ular boʻlinadi:
Ota oʻgʻliga qarshi chiqadi,
Oʻgʻil otasiga qarshi boʻladi,
Ona qiziga qarshi chiqadi,
Qiz onasiga qarshi boʻladi,
Qaynana keliniga qarshi chiqadi,
Kelin qaynanasiga qarshi boʻladi.”
Zamon alomatlari va abadiylik
54Iso olomonga shunday dedi: “Gʻarbda bulut koʻtarilib kelayotganini koʻrganingizda, sizlar darrov: «Hozir yomgʻir yogʻadi», deb aytasizlar. Shunday boʻladi ham. 55Janubdan shamol esayotganini koʻrganingizda, sizlar: «Jazirama issiq boʻladi», deb aytasizlar. Shunday boʻladi ham. 56Ey ikkiyuzlamachilar! Sizlar yeru osmonning avzoyiga qarab, ob–havoni aniqlay olasizlar–ku! Nima uchun hozirgi zamonni talqin qila olmaysizlar?! 57Nima toʻgʻriligini nega oʻzingiz qaror qila olmaysizlar? 58Shunday ekan, birontasi bilan daʼvolashib, u bilan birga mahkamaga ketayotganingizda, yoʻlda u bilan yarashishga harakat qiling. Agar shunday qilmasangiz, u sizni qozining oldiga sudrab boradi, qozi sizni zindonbonga topshiradi. Zindonbon esa sizni zindonga tashlaydi. 59Sizlarga shuni aytay: qarzingizni oxirgi tiyinigacha toʻlamaguningizcha, u yerdan chiqolmaysiz.”
Currently Selected:
Luqo 12: O‘zbMK
Highlight
Share
Copy
Want to have your highlights saved across all your devices? Sign up or sign in
© Muqaddas Kitobni tarjima qilish instituti, 2016, 2018, 2020