Yoshua 23
23
23–BOB
Yoshuaning oxirgi nasihatlari
1Oradan yillar oʻtdi. Egamiz Isroil xalqiga tinchlik ato qildi, atrofdagi dushmanlar ularga xavf solmas edi. Yoshua ham yoshi ancha oʻtib, qarib qolgan edi. 2U butun Isroil xalqini, ularning oqsoqollariyu boshliqlarini, hakam va nazoratchilarini chaqirib shunday dedi: “Mening yoshim ham oʻtdi, ancha qarib qoldim. 3Egangiz Xudo sizlar uchun atrofingizdagi xalqlarni nima qilganini koʻrdingiz. Egangiz Xudoning Oʻzi sizlar uchun jang qildi. 4Men Isroil xalqining qabilalariga sharqda Iordan daryosidan boshlab gʻarbdagi Oʻrta yer dengizigacha#23:4 Oʻrta yer dengizi — ibroniycha matnda Buyuk dengiz. boʻlgan yerlarni mulk qilib berdim. Men sizlarga magʻlub boʻlgan xalqlarning ham, hali magʻlub qilinmagan xalqlarning ham yerlarini taqsimlab berdim. 5Egangiz Xudoning Oʻzi oʻsha xalqlarni oldingizdan haydab, orqaga chekintiradi. Egangiz Xudoning Oʻzi vaʼda qilganday, sizlar ularning yerlarini egallaysizlar. 6Musoning Tavrot kitobida#23:6 Tavrot kitobi — 1:8 izohiga qarang. yozilgan barcha qonunlarga amal qilinglar. Ularni bitta qoldirmay bajaringlar. 7Orangizda qolgan oʻzga xalqlarga qoʻshilmanglar. Ularning xudolarining nomlarini tilga ham olmanglar, oʻsha xudolarning nomi bilan qasam ichmanglar. U xudolarga sajda ham qilmanglar, xizmat ham qilmanglar. 8Sizlar shu paytgacha Egangiz Xudoga sodiq boʻlib keldingizlar, bundan keyin ham Unga sodiq boʻlib qolinglar. 9Egamiz sizlarning oldingizdan katta va kuchli xalqlarni haydab chiqardi, mana shu kungacha hech kim sizlarga bas kela olgani yoʻq. 10Egangiz Xudo vaʼda qilganday, Uning Oʻzi sizlar uchun jang qiladi. Dushmanlarning mingtasi bittangizga bas kela olmaydi. 11Shuning uchun doimo chin dildan Egangiz Xudoni sevinglar. 12Undan yuz oʻgirmanglar, orangizdagi oʻzga xalqlar bilan aralashmanglar, ular bilan quda–andachilik qilmanglar. 13Agar shunday qilsangiz, bilib qoʻyingki, Egangiz Xudo oʻsha xalqlarni sizlarning oldingizdan boshqa haydab chiqarmaydi. Ular sizlarga qopqon va tuzoqday, yelkalaringizga qamchiday, koʻzlaringizga esa tikanday boʻladi. Oxiri, Egangiz Xudo sizlarga bergan mana shu hosildor yurtda birortangiz ham tirik qolmaysiz.
14Men ham bir bandaman, umrim oxirlab boryapti. Shubhasiz, hammangiz bilasiz, Egangiz Xudo sizlarga yaxshi vaʼdalar bergan edi, shu vaʼdalarning hammasi roʻyobga chiqdi, ularning birortasi ham bajarilmay qolmadi. 15Egangiz Xudo sizlarga vaʼda qilgan barcha yaxshi narsalarni roʻyobga chiqardi. Agar Egamizga itoat qilmasangiz, U sizlarni ogohlantirib aytgan kulfatlarni boshingizga soladi. Oqibatda U sizlarga bergan mana shu hosildor yurtdan sizlarni butunlay yoʻq qilib tashlaydi. 16Agar sizlar Egangiz Xudo bilan qilgan ahdni buzib, boshqa xudolarga ergashsangiz, ularga xizmat qilib, sajda qilsangiz, sizlarga qarshi Egamizning gʻazabi qoʻzgʻaydi–da, U sizlarga bergan mana shu hosildor yurtda tez orada qirilib ketasizlar.”
Currently Selected:
Yoshua 23: O‘zbMK
Highlight
Share
Copy
![None](/_next/image?url=https%3A%2F%2Fimageproxy.youversionapi.com%2F58%2Fhttps%3A%2F%2Fweb-assets.youversion.com%2Fapp-icons%2Fen.png&w=128&q=75)
Want to have your highlights saved across all your devices? Sign up or sign in
© Muqaddas Kitobni tarjima qilish instituti, 2016, 2018, 2020