YouVersion Logo
Search Icon

Yoshua 24

24
24–BOB
Yoshuaning Shakamda soʻzlagan nutqi
1Keyin Yoshua barcha Isroil qabilalarini, ularning oqsoqollarini, boshliqlarini, hakamlarini va nazoratchilarini Shakamga#24:1 Shakam — Quddusdan qariyb 50 kilometr shimolda, Isroil tepaliklarida joylashgan shahar. Shakam Isroil xalqi uchun muhim tarixiy yodgorlik boʻlib xizmat qilardi (Ibtido 12:6-7, 33:18-20, 35:2-5 ga qarang). chaqirtirdi. Ular Xudoning huzuriga keldilar. 2Yoshua butun xalqqa shunday dedi:
— Isroil xalqining Xudosi — Egamiz shunday demoqda: “Qadimda sizlarning ajdodlaringiz, jumladan, Terah va uning oʻgʻillari Ibrohim hamda Naxoʻr Furot daryosining narigi tomonida yashaganlar. Ular boshqa xudolarga xizmat qilganlar. 3Men sizlarning ota–bobongiz boʻlgan Ibrohimni Furotning narigi tomonidagi yerdan olib chiqib, butun Kanʼon yurti boʻylab boshlab bordim. Ibrohimning naslini koʻpaytirdim. Ibrohimga Isʼhoqni berdim. 4Isʼhoqqa esa Yoqub va Esovni berdim. Esovga yashash uchun Seir togʻlarini#24:4 Seir togʻlari — Edom yurtining yana bir nomi Seir edi. Isroil xalqi Yoqubdan, Edom xalqi esa Yoqubning akasi Esovdan kelib chiqqan edi. berdim. Yoqub va uning farzandlari esa Misrga bordilar. 5Keyin Muso va Horunni Misrga yuborib, Misr xalqining boshiga falokatlar keltirdim. Oʻshandan keyin sizlarni Misrdan olib chiqdim. 6Ota–bobolaringiz Qizil dengizga yetib keldi. Misrliklar esa aravakashlari va jang aravalari bilan ularni Qizil dengizgacha#24:6 Qizil dengiz — ibroniycha matnda Yom–Suf, maʼnosi Qamish dengizi. 2:10 izohiga qarang. quvib bordilar. 7Ota–bobolaringiz Menga iltijo qilganlarida, Men Misrliklar va ota–bobolaringiz orasiga zulmat tushirdim. Misrliklarning ustiga dengiz suvlarini bostirib, ularni choʻktirdim. Misrni qay ahvolga solganimni sizlar oʻz koʻzingiz bilan koʻrdingiz. Undan keyin sizlar sahroda uzoq vaqt yashadingiz. 8Keyin Men sizlarni Iordan daryosining sharq tomonidagi yurtga olib keldim. U yerda Amor xalqi yashar edi. Ular sizlarga qarshi chiqib jang qildi. Men sizlarga ularning ustidan gʻalaba ato qildim. Ularni sizlarning oldingizdan qirib tashladim, sizlar ularning yerlarini egallab oldingiz. 9Keyin Moʻab shohi — Zippur oʻgʻli Boloq sizlarga qarshi jangga chiqdi. Isroil xalqini laʼnatlasin deb, u Bavoʻr oʻgʻli Balomni chaqirtirdi#24:9 …Boloq…Balomni chaqirtirdi — Sahroda 22:1-24:25 ga qarang.. 10Ammo Men Balomga quloq solmadim, aksincha, u oʻz ixtiyoriga qarshi sizlarni duo qildi. Shunday qilib, Men sizlarni Boloqning qoʻllaridan qutqardim. 11Sizlar Iordandan oʻtib, Yerixoga kelganingizda, Yerixo aholisi sizlarga qarshi jang qildi. Amor, Pariz, Kanʼon, Xet, Girgosh, Xiv va Yobus xalqlari ham sizlarga qarshi urush qildi. Men sizlarga ularning ustidan gʻalaba berdim. 12Ikki Amor shohini#24:12 Ikki Amor shohi — yaʼni Sixoʻn va Oʻg (Sahroda 21:21-35, Qonunlar 2:24-3:11 ga qarang). vahimaga soldim–da, quvib yubordim#24:12 Ikki Amor shohini…quvib yubordim — yoki Men Ikki Amor shohini quvish uchun sizlardan oldin qovoq arilarni yubordim.. Bu gʻalabaga sizlar oʻz qilichu kamoningiz bilan erishmadingiz. 13Men sizlarga oʻzingiz ishlov bermagan yerlarni berdim. Endi sizlar oʻzingiz qurmagan shaharlarda yashayapsizlar, oʻzingiz ekmagan uzumzoru zaytun bogʻlarining mevasini yeyapsizlar.”
14Yoshua gapida davom etib, shunday dedi:
— Endi Egamizdan qoʻrqing, Unga sodiq boʻlib, doimo chin dildan xizmat qiling. Ajdodlaringiz Furot daryosining narigi tomonida va Misrda sajda qilgan xudolarning tasvirlarini uloqtirib yuboring, faqatgina Egamizga xizmat qiling. 15Agar Egamizga xizmat qilishni maʼqul koʻrmasangiz, kimga xizmat qilishingizni bugun tanlang. Furot daryosining narigi tomonida yashagan paytda sajda qilgan xudolaringizga xizmat qilasizlarmi? Yoki oldin Amor xalqlariga tegishli boʻlgan yerlarda yashayotganingiz uchun endi ularning xudolariga xizmat qilasizlarmi? Bugun tanlang. Men va oilam esa Egamizga xizmat qilamiz.
16Xalq shunday javob berdi:
— Xudo saqlasin! Biz hech qachon boshqa xudolarga xizmat qilish uchun Egamizni tashlab ketmaymiz! 17Bizni va ota–bobolarimizni Misrdagi qullikdan olib chiqqan Egamiz Xudodir. U qilgan moʻjizalarni biz oʻz koʻzimiz bilan koʻrdik. Turli xalqlarning orasidan oʻtganimizda, qayerga bormaylik, U bizni himoya qildi. 18Mana shu yurtda yashagan Amor va boshqa xalqlarning hammasini Egamiz bizning oldimizdan haydab yubordi. Shuning uchun ham biz Egamizga xizmat qilamiz, U bizning Xudoyimizdir.
19Yoshua xalqqa shunday dedi:
— Egamiz Muqaddas Xudodir. U sizning sevgingizni boshqa xudolar bilan baham koʻrmaydigan Xudodir. Egamizga sodiq qolish oson, deb oʻylamanglar. Agar Unga qarshi bosh koʻtarsangiz yoki gunoh qilsangiz, U sizlarni kechirmaydi. 20Egamiz sizlarga shuncha yaxshilik qilgan boʻlsa ham, agar Uni tashlab, boshqa xudolarga xizmat qilsangiz, U boshingizga kulfat keltirib, sizlarni qirib tashlaydi.
21Xalq Yoshuaga shunday dedi:
— Yoʻq, boshqa xudolarga xizmat qilmaymiz, biz Egamizga xizmat qilamiz!
22Shunda Yoshua xalqqa dedi:
— Sizlar, Egamizga xizmat qilamiz, deb qaror qildingiz. Bunga oʻzingiz guvohsiz.
— Ha, guvohmiz, — deb javob berdi xalq.
23Yoshua:
— Unday boʻlsa, orangizdagi begona xudolarning tasvirlarini uloqtirib yuboringlar, butun qalbingiz bilan Isroil xalqining Xudosi — Egamizga bogʻlaninglar, — dedi.
24Xalq Yoshuaga shunday dedi:
— Egamiz Xudoga xizmat qilamiz, Unga quloq solamiz.
25Oʻsha kuni Yoshua Shakamda xalq bilan ahd tuzib, ular bajarishlari uchun qonun–qoidalar berdi. 26Yoshua bu soʻzlarni Xudo Oʻz xalqiga bergan qonunlar bayon etilgan kitobga yozdi. Keyin katta tosh olib, uni Egamizga atalgan sajdagohdagi#24:26 sajdagoh — Xudoga sajda qilish uchun ajratilgan kichik bir ochiq joy boʻlsa kerak. Ibrohim shu joyda Egamizga atab qurbongoh qurgan boʻlishi mumkin (Ibtido 12:6-7 ga qarang), keyinchalik Yoqub oʻz xonadonini butlardan tozalab, ularni xuddi shu eman daraxtining tagiga koʻmgan boʻlishi mumkin (Ibtido 35:2-5 ga qarang). eman daraxtining tagiga yodgorlik qilib oʻrnatdi. 27Yoshua butun xalqqa shunday dedi:
— Qaranglar, mana shu tosh Egamiz bizga aytgan hamma gaplarni eshitdi, shuning uchun agar Egamizga bergan vaʼdamizda turmasak, bu tosh bizga qarshi guvoh boʻladi.
28Shundan keyin Yoshua xalqni ularga ulush qilib bergan yerlarga yubordi.
Yoshua va Elazar vafot etadilar
29Birmuncha vaqtdan keyin Egamizning quli Yoshua 110 yoshga kirib vafot etdi. 30Uni Timnat–Serax shahrida dafn qildilar. Bu shahar unga ulush qilib berilgan boʻlib#24:30 Bu shahar unga ulush qilib berilgan boʻlib… — 19:49-50 ga qarang., Gash togʻining shimolida, Efrayim qirlarida joylashgan edi.
31Yoshua davrida Isroil xalqi Egamizga xizmat qilar edi. Ular Yoshuaning oʻlimidan soʻng, Egamiz Isroil uchun qilgan hamma ishlarini koʻrgan oqsoqollar davrida ham Egamizga itoat qilishar edi.
32Isroil xalqi Misrdan chiqqanda Yusufning suyaklarini oʻzlari bilan olgan edi#24:32 …Yusufning suyaklarini oʻzlari bilan olgan edi — Ibtido 50:24-26 va Chiqish 13:19 ga qarang.. Ular mana shu suyaklarni Shakamda koʻmishdi. Yoqub bu yerni Shakamning otasi Xamoʻrning oʻgʻillaridan yuz boʻlak kumushga#24:32 yuz boʻlak kumush — ibroniycha matnda yuz kisito. Bu pul birligining qiymati va ogʻirligi haqidagi maʼlumot saqlanib qolmagan. Qadimgi paytlarda maʼlum vazndagi kumush boʻlaklari odatda pul birligi sifatida ishlatilgan. sotib olgan edi#24:32 Yoqub bu yerni…sotib olgan edi — Ibtido 33:19 ga qarang.. Oʻsha yer Yusuf avlodlarining ulushi boʻlib qoldi.
33Horun oʻgʻli Elazar ham vafot etdi. Elazarning oʻgʻli Finxazga Efrayim qirlaridagi Givo shahri ulush qilib berilgan edi. Elazar oʻsha joyga dafn qilindi.

Currently Selected:

Yoshua 24: O‘zbMK

Highlight

Share

Copy

None

Want to have your highlights saved across all your devices? Sign up or sign in