Hakamlar Kirish
Kirish
Hakamlar kitobi bizni Isroil xalqining Xudodan yuz oʻgirgan va butlarga sigʻingan davri bilan tanishtiradi. Mazkur kitobda Yoshuaning oʻlimidan soʻng monarxiya tuzumiga asoslangan davlat yuzaga kelguncha roʻy bergan turli voqealar bayon qilinadi. Kitobda biz turli hikoyalarni oʻqib, ularning magʻzini chaqqanimizda, Xudo Isroil xalqining yagona Hukmdori ekanini yaqqol koʻrishimiz mumkin.
Isroil xalqi Kanʼon yurtini zabt etganda, u yerda yashayotgan xalqlarni haydab yubormaydi, shu tariqa Xudoga itoatsizlik qiladi. Ular Xudodan yuz oʻgirib, oʻsha butparast xalqlarning soxta xudolariga koʻngil bogʻlaydilar. Oqibatda, Xudo Isroil xalqini butparastligi uchun jazolab, jazo sifatida ularni yon–atrofda yashovchi Kanʼon xalqlariga tobe qilib qoʻyadi. Jabr–zulm ostida qolgan Isroil xalqi Xudoga iltijo qilib, Undan yordam soʻraydi. Shunda Xudo Oʻz xalqini ozod qilish uchun ularga birin–ketin yoʻlboshchilarni yuboradi. Bu yoʻlboshchilar hakamlar deb ataladi. Hakamlar boshchiligida Isroil xalqi gʻanimlari ustidan gʻalaba qozonadi. Soʻng ular uchun farovonlik davri boshlanadi. Isroil xalqi hakamlarning hayotligi davrlarida Xudoga sodiq boʻladi. Lekin har bir hakamning vafotidan keyin, ular yana Xudodan yuz oʻgirishadi. Bunday hodisalar qayta–qayta takrorlanaveradi.
Odatda hakamlar bir nechta qabilaga yoʻlboshchilik qilishardi, lekin ayrimlari butun xalqni boshqarishardi. Oʻsha paytda Isroil xalqi tarqoq qabilalardan iborat boʻlib, hali yaxlit bir xalq deb hisoblanmasdi. Ularning shohi boʻlmagani uchun, oʻsha davrda “har bir odam bilganini qilar edi” (21:25 ga qarang). Lekin odamlar yagona Xudoga sajda qilishni oʻrganishlari lozim edi, shuning uchun ular har safar begona xudolarga sigʻinishni boshlaganlarida, Xudo ularni jazolardi.
Currently Selected:
Hakamlar Kirish: O‘zbMK
Highlight
Share
Copy
Want to have your highlights saved across all your devices? Sign up or sign in
© Muqaddas Kitobni tarjima qilish instituti, 2016, 2018, 2020