YouVersion Logo
Search Icon

Yoshua 18

18
18–BOB
Yoshua qolgan yerlarni taqsimlaydi
1Isroil xalqi yurtni bosib olgandan keyin, butun Isroil jamoasi Shiloʻ shahrida#18:1 Shiloʻ shahri — Quddusdan qariyb 32 kilometr shimolda joylashgan boʻlib, Isroil xalqi sajda qiladigan asosiy joyga aylanib borayotgan edi. yigʻildi. Ular oʻsha yerda Uchrashuv chodirini tikdilar.
2Isroil xalqining orasida hali ulush olmagan yettita qabila qolgan edi. 3Yoshua Isroil xalqiga shunday dedi: “Ota–bobolaringizning Xudosi — Egamiz sizlarga yurtni bergan, qachongacha u yurtga butunlay joylashishni orqaga surasizlar?! 4Har bir qabiladan uch kishini tanlanglar. Men ularni butun yurtni kezib chiqish uchun yuboraman. Ular oʻz qabilalarining ulushi boʻyicha, oʻsha yerni tasvirlab yozib kelishadi. 5Janubdagi Yahudo qabilasining hududi va shimoldagi Yusuf avlodlarining#18:5 Yusuf avlodlari — 17:14 izohiga qarang. hududlaridan tashqari, yurtning qolgan qismini yettiga boʻlasizlar. 6Keyin shularni yozib, mening oldimga olib kelinglar. Men Egamiz Xudo oldida sizlar uchun qurʼa tashlayman#18:6 …Egamiz Xudo oldida…qurʼa tashlayman — 14:2 izohiga qarang.. 7Sizlarning orangizda Levi qabilasiga ulush bermayman. Egamizga ruhoniy boʻlib xizmat qilish ularning ulushidir. Gad, Ruben qabilalari va Manashe qabilasining yarmi Iordanning sharq tomonida oʻz ulushlarini olib boʻlganlar. Egamizning quli Muso oʻsha yerlarni ularga bergan.”
8Shunday qilib, Yoshua yerning xaritasini tuzib kelishni buyurgan kishilar yoʻlga tushdilar. Ular ketmasdan oldin, Yoshua ularga shunday deb tayinlagan edi: “Butun yerni kezib, uning xaritasini tuzib kelganingizdan keyin, men Shiloʻda, Egamiz oldida sizlar uchun qurʼa tashlayman.” 9U kishilar borib, yerni yetti qismga boʻldilar. Butun yurtning xaritasini tuzib, shaharlarini roʻyxatga oldilar. Keyin Yoshuaning oldiga, Shiloʻdagi qarorgohga qaytib keldilar. 10Yoshua Shiloʻda, Egamiz oldida ular uchun qurʼa tashlab, oʻsha yerlarni Isroil xalqiga boʻlib berdi. Qurʼa boʻyicha har bir qabilaga bir ulushdan yer berdi.
Benyamin qabilasining ulushi
11Qurʼa tashlanganda, Benyamin qabilasiga Yahudo qabilasi va Yusuf avlodlari#18:11 Yusuf avlodlari — 17:14 izohiga qarang. hududlarining orasidagi yerlar ulush boʻlib tushdi.
12Benyamin hududining shimoliy chegarasi sharq tomonda Iordan daryosidan boshlanadi, keyin Yerixo qirining yon bagʻridan shimol tomonga boradi. Qirlar boʻylab gʻarb tomonga oʻtib, Bayt–Obun atrofidagi sahroga boradi. 13U yerdan chegara Luz, yaʼni Baytil tomonga borib, Luzning janubidagi qir boʻylab choʻziladi. Keyin chegara Otroʻt–Adar shahriga borib, u yerdan Pastki Bayt–Xoʻron shahrining janubidagi qirgacha boradi.
14U yerdan gʻarbiy chegara boshlanib, Bayt–Xoʻron qarshisidagi qirning gʻarb tomoni boʻylab janub tomonga choʻziladi va Xirat–Baal, yaʼni Xirat–Yoʻrim qishlogʻida tugaydi. Bu qishloq Yahudo qabilasiga tegishli. Gʻarbiy chegara mana shudir.
15Gʻarbda janubiy chegara Xirat–Yoʻrimning chetidan boshlanib, Naftuva buloqlarigacha boradi. 16Keyin chegara Rafa vodiysining shimolidagi togʻ etagiga boradi. Xinnum soyligi mana shu yerdan boshlanadi. Chegara janub tomonga davom etib, Xinnum soyligi boʻylab Yobusning#18:16 Yobus — Quddusning qadimgi nomi (shu bobning 28–oyatiga qarang). janubidagi qir yon bagʻriga boradi. U yerdan esa En–Roʻgʻol tomonga qarab davom etadi. 17Chegara u yerdan shimolga, En–Shamash tomonga buriladi va Adum dovonining qarshisidagi Geliloʻtga boradi. Keyin Ruben oʻgʻli Boʻxan nomi bilan atalgan toshning yonidan oʻtadi. 18Keyin Iordan vodiysining#18:18 Iordan vodiysi — ibroniycha matnda Araba. Araba umumiy geografik nom boʻlib, bu oyatda Iordan vodiysiga nisbatan ishlatilgan. yonidagi qir yon bagʻrining shimol tomonidan oʻtib, vodiyni ham kesib oʻtadi. 19U yerdan chegara Bayt–Xoʻglax qirining shimol tomoniga oʻtib, Iordan daryosi Oʻlik dengizga#18:19 Oʻlik dengiz — ibroniycha matnda Tuz dengizi. quyiladigan joyda tugaydi. Bu Benyamin qabilasi hududining janubiy chegarasidir.
20U yerning sharqiy chegarasi Iordan daryosidir.
Benyamin qabilasiga ulush qilib berilgan yerlarning chegaralari mana shular edi.
21Quyidagi shaharlar Benyamin qabilasiga berildi: Yerixo, Bayt–Xoʻglax, Emix–Qaziz, 22Bayt–Araba, Zamorayim, Baytil, 23Avim, Poro, Oʻfra, 24Xafar–Ommonax, Ofnax va Gebo — hammasi boʻlib oʻn ikkita shahar va ularning atrofidagi qishloqlar. 25Quyidagi shaharlar ham Benyamin qabilasiga berildi: Givon, Rama, Baroʻt, 26Mispax, Xafira, Moʻzox, 27Rahem, Yirpayel, Taralo, 28Zila, Elef, Yobus, yaʼni Quddus, Givo va Xirat–Yoʻrim#18:28 Xirat–Yoʻrim — qadimiy yunoncha, suryoniycha va lotincha tarjimalardan. Ibroniycha matnda Xirat. Xirat Xirat–Yoʻrimning qisqa shakli boʻlishi mumkin. — hammasi boʻlib oʻn toʻrtta shahar va ularning atrofidagi qishloqlar.
Yoshua mana shu yerlarni Benyamin qabilasiga ulush qilib berdi.

Currently Selected:

Yoshua 18: O‘zbMK

Highlight

Share

Copy

None

Want to have your highlights saved across all your devices? Sign up or sign in