Yuhanno 19
19
19–BOB
Iso oʻlimga hukm qilinadi
1Shundan keyin Pilat#19:1 Pilat — 18:28 ning birinchi izohiga qarang. Isoni olib ketishni va qamchilatishni buyurdi. 2Rim askarlari tikanlardan toj oʻrib, Isoning boshiga qoʻydilar, ustiga safsar toʻn kiydirdilar. 3Isoning oldiga qayta–qayta kelib:
— Yashavor–e, yahudiylarning Shohi! — deb, Uni tarsakilar edilar.
4Pilat yana tashqariga chiqib, yahudiylarga xitob qildi:
— Mana, Uni oldingizga chiqaryapman, bilib qoʻyinglar, men Undan hech qanday ayb topolmadim!
5Shu payt boshida tikanli toj, egnida safsar toʻn bilan Iso tashqariga chiqdi.
— Mana, u Odam! — dedi Pilat ularga. 6Bosh ruhoniylar va Maʼbad mirshablari#19:6 Maʼbad mirshablari — 7:32 ning ikkinchi izohiga qarang. Isoni koʻrib, baqirishdi:
— Xochga mixlansin! Xochga mixlansin!
— Uni sizlar olib xochga mixlanglar! Men Undan hech qanday ayb topolmadim, — dedi Pilat ularga. 7Yahudiylar unga javoban:
— Bizda qonun bor, qonunimizga koʻra#19:7 …qonunimizga koʻra… — Levilar 24:16 ga qarang., U oʻlishi kerak, chunki U Oʻzini Xudoning Oʻgʻli#19:7 Xudoning Oʻgʻli — Iso Masihning unvoni. Toʻliqroq maʼlumotga ega boʻlish uchun lugʻatdagi XUDONING OʻGʻLI iborasiga qarang. deb aytyapti, — dedilar.
8Pilat buni eshitgach, yuragi orqaga tortib ketdi. 9Qaytadan hukumat saroyiga kirib, Isodan:
— Sen qayerdansan? — deb soʻradi. Iso unga javob bermadi.
10— Menga javob bermaysanmi?! — dedi Pilat. — Seni ozod qilishga yoki xochga mixlashga menda hokimiyat borligini bilmaysanmi?!
11Iso javob berdi:
— Agar Xudo yoʻl qoʻymaganda edi, siz Menga hech qanday hukmingizni oʻtkaza olmas edingiz. Shu sababdan Meni sizning qoʻlingizga tutib bergan odamning gunohi sizning gunohingizdan kattaroq.
12Shundan keyin Pilat Isoni qoʻyib yuborishga chora izlay boshladi. Ammo yahudiylar shunday deb qichqirishdi:
— Agar Uni qoʻyib yuborsangiz, siz Qaysarning#19:12 Qaysar — barcha Rim imperatorlariga berilgan unvon. Bu oʻrinda Qaysar Tiberiyga ishora qilingan. U milodiy 14-37 yillarda hukmronlik qilgan. doʻsti emassiz. Oʻzini shoh deydigan har bir kishi Qaysarga qarshi chiqqan boʻladi!
13Pilat bu soʻzni eshitgach, Isoni tashqariga olib chiqdi va Tosh supa deb nom olgan joydagi hukm kursisiga oʻtirdi (bu joyning oramiycha#19:13 oramiycha — 5:2 ning birinchi izohiga qarang. nomi Gabbata edi). 14Oʻsha kuni Fisih bayrami#19:14 Fisih bayrami — Nison oyining oʻn beshinchi kunida boshlanadigan “Xamirturushsiz non bayrami”ga ishora. Yangi Ahdda “Fisih bayrami” nomi ostida Fisih ziyofati va undan keyin yetti kun davomida nishonlanadigan Xamirturushsiz non bayrami nazarda tutilgan. Yahudiylarning urf–odatiga koʻra, yangi kun quyosh botgandan keyin boshlanar edi. Shuning uchun bu oyatda Yuhanno Xamirturushsiz non bayramidan oldingi kunni, yaʼni Nison oyining oʻn toʻrtinchi kuni quyosh botmasdan oldingi paytni nazarda tutgan. Zamonaviy kun hisobiga koʻra, bu payt juma kunining quyosh botmasdan oldingi vaqtiga toʻgʻri keladi. Fisih ziyofati Nison oyining oʻn toʻrtinchi kuni boshlanganda, yaʼni payshanba kuni quyosh botgandan keyin, kechqurun yeyilardi. Toʻliqroq maʼlumotga ega boʻlish uchun BAYRAMLAR soʻzi ostida berilgan FISIH ZIYOFATI va XAMIRTURUSHSIZ NON BAYRAMI iboralariga qarang. arafasi, tush mahali#19:14 tush mahali — yunoncha matnda oltinchi soat, yahudiylarning urf–odatiga koʻra, kunning bu payti oʻsha soat bilan belgilanar edi. edi. Pilat yahudiylarga xitob qildi:
— Mana, Shohingiz!
15— Yoʻq qiling Uni, yoʻq qiling! Xochga mixlang! — deb baqirdi ular.
— Sizlarning Shohingizni xochga mixlab qoʻyaymi? — deb soʻradi Pilat.
— Qaysardan boshqa shohimiz yoʻq, — deyishdi bosh ruhoniylar.
16Oxiri Pilat Isoni xochga mixlash uchun askarlariga topshirdi. Ular esa Isoni olib ketdilar.
Isoni xochga mixlashadi
17Iso Oʻz xochini#19:17 xoch — bu oʻrinda xochning koʻndalang yogʻochiga ishora qilingan. Oʻlimga mahkum qilingan inson bu yogʻochni hukm ijro qilinadigan joygacha oʻzi koʻtarib borishi kerak edi. koʻtarib, shahar tashqarisidagi Bosh suyagi degan joyga keldi (bu joyning oramiycha nomi Goʻlgota edi). 18U yerda Isoni xochga mixlab qoʻydilar. U bilan birga yana ikkita odamni ham xochga mixladilar. Ularning biri Isoning bu tomonida, boshqasi u tomonida, Iso esa oʻrtada edi. 19Pilat bir lavhaga: “Yahudiylarning Shohi Nosiralik Iso” degan soʻzlarni yozib, lavhani xochga ostirib qoʻydi.
20Iso xochga mixlangan joy shaharga yaqin boʻlgani uchun, bu lavhani koʻp yahudiylar oʻqidilar. Lavha oramiy, lotin va yunon tillarida yozilgan edi. 21Yahudiy bosh ruhoniylari esa Pilatga borib shunday dedilar:
— “Yahudiylarning Shohi” deb yozmang, balki “Bu Odam yahudiylarning Shohi boʻlishga daʼvogarlik qilgan” deb yozing.
22— Men qanday yozgan boʻlsam, shundayligicha qolsin, — dedi Pilat.
23Askarlar Isoni xochga mixlab boʻlib, Uning kiyimlarini oldilar. Kiyimlarini toʻrt boʻlakka boʻlib, har bir askarga berdilar. Ichki koʻylagini ham oldilar. Ichki koʻylak boshdan–oyoq choksiz bir toʻqima edi. 24Askarlar bir–biriga:
— Buni yirtmaylik, bu uchun qurʼa tashlaymiz, kimga tushsa, oʻshaniki boʻlsin, — deyishdi.
Shu tariqa Muqaddas bitiklardagi quyidagi soʻzlar bajo boʻldi:
“Kiyimlarimni ular oʻzaro boʻlishgan,
Libosim uchun qurʼa tashlashgan.”#19:24 Zabur 21:19 ga qarang.
Askarlar xuddi shunday qildilar.
25Isoning xochi yonida Uning onasi va xolasi, Klopasning xotini Maryam hamda Magdalalik#19:25 Magdala — Jalila koʻlining gʻarbiy qirgʻogʻidagi qishloq. Maryam turar edilar. 26Iso onasini va onasi yonida turgan sevikli shogirdini#19:26 sevikli shogird — yaʼni Yuhanno. koʻrdi. Iso onasiga:
— Mana bu sizning oʻgʻlingiz! — dedi. 27Keyin shogirdiga qarab:
— Mana bu sening onang! — dedi.
Oʻsha vaqtdan boshlab shogird Maryamni oʻz uyiga oldi.
Iso jon beradi
28Iso hamma ishlarini tugatganini bilardi. Muqaddas bitiklar#19:28 Muqaddas bitiklar — Zabur 21:16, 68:22 ga qarang. bajo boʻlsin deb, U:
— Chanqadim! — dedi.
29Bu yerda arzon sharobga#19:29 arzon sharob — bu oʻrinda ishlatilgan yunoncha soʻz avom xalq kunda ichadigan nordon sharobga ishora qiladi. Bu sharob Rim askarlari uchun oʻsha yerga olib kelingan boʻlishi mumkin. toʻla bir idish turgan edi. Askarlar sharobga shimgichni botirdilar–da, tayoqning#19:29 tayoq — yunoncha matnda issop. Issop buta boʻlib, uning novdasi nazarda tutilgan. uchiga ilib, Isoning ogʻziga olib bordilar. 30Iso sharobni tatib koʻrgach:
— Amalga oshdi! — dedi–yu, boshini egib, jon berdi.
31Oʻsha kuni Shabbat arafasi edi. Ertangi Shabbat kuni nihoyatda tabarruk kun#19:31 nihoyatda tabarruk kun — har bir Shabbat kuni muqaddas hisoblanardi. Bu yil Xamirturushsiz non bayramining birinchi kuni Shabbat kuniga toʻgʻri kelgani uchun bu kun nihoyatda tabarruk hisoblangan. hisoblangani uchun, yahudiylar jasadlarni xochda qoldirishni istamadilar. Ular Pilatning oldiga borib, xochga mixlangan odamlarning boldirlarini sindirib tashlab#19:31 …boldirlarini sindirib tashlab… — xochga mixlangan odamlar nafas olish uchun oyoqlarini tirab tik turardilar. Ular tezroq jon berishi uchun, boldirlari sindirilgan., xochdan tushirishni soʻradilar. 32Shunda askarlar borib, Iso bilan birga xochga mixlangan birinchi, soʻngra ikkinchi odamning boldirlarini sindirib tashladilar. 33Isoning oldiga kelib, Uning oʻlib boʻlganini koʻrdilar. Shuning uchun boldirlarini sindirmadilar. 34Lekin askarlardan biri Isoning biqinini nayza bilan teshdi, shu zahoti Uning biqinidan qon bilan suv oqib chiqdi. 35Bu hodisani koʻrgan kishi#19:35 Bu hodisani koʻrgan kishi — bu yerda muallif oʻziga ishora qilyapti. Shu bobning 26–oyatiga va oʻsha oyatning izohiga qarang., sizlar ham ishoninglar deb, guvohlik berib kelmoqda. Uning guvohligi haqiqatdir, u haqiqat aytayotganini biladi. 36Bu hodisa Muqaddas bitiklardagi: “Bironta ham suyagi sindirilmaydi”#19:36 Zabur 33:21 ga qarang. Yana Sahroda 9:12 ga qarang. degan soʻzlar amalga oshishi uchun roʻy berdi. 37Muqaddas bitiklarning boshqa bir joyida shunday deyilgan: “Ular oʻzlari nayza sanchgan Odamga qaraydilar.”#19:37 Zakariyo 12:10 ga qarang.
Iso dafn qilinadi
38Arimateyalik#19:38 Arimateya — Quddusdan 35 kilometr shimoli–gʻarbda joylashgan shahar. Yusuf Isoning shogirdi edi, lekin yahudiylardan qoʻrqqani uchun buni yashirib yurar edi. Iso oʻlgandan keyin Yusuf Pilatdan Isoning jasadini xochdan tushirib olishni iltimos qildi. Pilat ijozat berdi. Shunda Yusuf borib, Isoning jasadini xochdan tushirib oldi. 39Ilgari Isoning oldiga kechasi borgan Nikodim#19:39 Nikodim — 3:1-15 ga qarang. ham Yusuf bilan birga edi. Nikodim ikki pud#19:39 ikki pud — yunoncha matnda yuz litra, taxminan 34 kiloga toʻgʻri keladi. mirra#19:39 mirra — maʼlum bir daraxtlar yelimidan tayyorlangan xushboʻy moy. va aloe moylarining qorishmasini olib kelgandi. 40Ular ikkovi Isoning jasadini olib, yahudiylarning dafn odatlariga koʻra, bu muattar moddalarni surtib, Uni kafanladilar. 41Iso xochga mixlangan joyning yaqinida bir bogʻ bor edi. U bogʻda hali hech kim qoʻyilmagan yangi bir qabr bor edi. 42Oʻsha kun yahudiylarning Shabbat arafasi boʻlgani uchun ular, bu joy yaqinroq, deb Isoning jasadini oʻsha qabrga qoʻydilar.
Currently Selected:
Yuhanno 19: O‘zbMK
Highlight
Share
Copy
Want to have your highlights saved across all your devices? Sign up or sign in
© Muqaddas Kitobni tarjima qilish instituti, 2016, 2018, 2020