YouVersion Logo
Search Icon

Yuhanno 18

18
18–BOB
Iso hibsga olinadi
1Bu soʻzlarni aytgandan soʻng, Iso Oʻz shogirdlari bilan u yerdan chiqib, Qidron soyligining#18:1 Qidron soyligi — Quddus shahridan sharqda, shahar bilan Zaytun togʻi oraligʻidan oʻtgan. narigi tomoniga oʻtdi. Oʻsha yerda bir bogʻ bor edi. Iso shogirdlari bilan boqqa kirdi. 2Xoin Yahudo ham oʻsha joyni bilar edi, chunki Iso shogirdlari bilan u yerda tez–tez uchrashib turar edi. 3Shunday qilib, Yahudo bir boʻlinma Rim askarlarini hamda bosh ruhoniylar va farziylar tomonidan yuborilgan Maʼbad mirshablarini#18:3 Maʼbad mirshablari — 7:32 ning ikkinchi izohiga qarang. boshlab, u yerga keldi. Qoʻllarida mashʼalayu fonuslar, qurol–yarogʻlar bor edi.
4Iso boshidan kechadigan hamma narsani bilar edi. U odamlarga peshvoz chiqib, soʻradi:
— Kimni qidiryapsizlar?
5— Nosiralik Isoni, — deb javob berishdi ular.
— Oʻsha Menman, — dedi Iso.
Xoin Yahudo ularning orasida turgan edi. 6Iso “Oʻsha Menman” deyishi bilanoq ular orqaga tisarilib, yerga yiqilishdi. 7Iso ulardan yana soʻradi:
— Kimni qidiryapsizlar?
— Nosiralik Isoni, — dedilar.
8— Sizlarga aytdim–ku, Oʻsha Menman, — dedi ularga Iso. — Agar Meni qidirayotgan boʻlsangizlar, bularni qoʻyib yuboringlar, ketaverishsin.
9Shu yoʻsin Isoning ilgari: “Ota, Sen Menga bergan odamlardan hech birining yoʻqolishiga yoʻl qoʻymadim#18:9 Sen Menga bergan odamlardan hech birining yoʻqolishiga yoʻl qoʻymadim — 6:39, 17:12 ga qarang.” degan soʻzlari bajo boʻldi.
10Shu onda Butrus#18:10 Butrus — yunoncha matnda Shimoʻn Butrus (shu bobning 15, 25–oyatlarida ham bor). 1:40 izohiga qarang. yonidagi qilichini qinidan sugʻurdi–da, oliy ruhoniyning xizmatkoriga bir urib, oʻng qulogʻini kesib tashladi. Xizmatkorning ismi Malxus edi.
11Iso Butrusga:
— Qilichingni qiniga solib qoʻy! Nahotki Men osmondagi Otam bergan azob kosasidan#18:11 azob kosasi — yunoncha matnda kosa, Isoning azoblari va xochdagi oʻlimiga ishora. “Kosadan ichmoq” iborasi azob–uqubat tortib, jazo olish maʼnosini bildiradi (misol uchun, Zabur 74:9, Ishayo 51:17, Yeremiyo 25:15 ga qarang). ichmasam?! — dedi.
12Shunda Rim askarlari bilan boʻlinma qoʻmondoni va yahudiy mirshablari Isoni qoʻlga olib, bogʻlashdi. 13Uni oldin Xanan oldiga olib borishdi. Xanan oʻsha yilgi oliy ruhoniy boʻlgan Kayafasning qaynatasi edi#18:13 Xanan…Kayafasning qaynatasi edi — Xanan milodiy 6-15 yillarda oliy ruhoniy boʻlib xizmat qilgan. Rim hukumati uni bu lavozimdan chetlatgandan keyin, uning oʻrnini kuyovi Kayafas egallab, milodiy 18-37 yillarda oliy ruhoniy boʻlib xizmat qildi. Xanan oʻz vazifasidan chetlatilganiga qaramay, xalq uni hamon oliy ruhoniy deb bilardi, u yahudiylar jamiyatida yuksak eʼtibor va nufuzga ega edi (Luqo 3:2 ga qarang).. 14Yahudiylarga: “Xalq uchun bitta odamning oʻlishi yaxshiroq”, deb maslahat bergan oʻsha Kayafas#18:14 oʻsha Kayafas — 11:49-50 ga qarang. edi.
Butrus Isodan tonadi
15Isoning orqasidan Butrus va yana boshqa bir shogird ergashib borishar edi. Bu shogird oliy ruhoniy Xananning#18:15 oliy ruhoniy Xanan — shu bobning 13–oyati izohiga qarang. tanishi boʻlib, Iso bilan bemalol oliy ruhoniyning hovlisiga kirdi. 16Butrus esa tashqarida, darvoza oldida qoldi. Oliy ruhoniyga tanish boʻlgan shogird keyinroq yana tashqariga chiqdi–da, darvozabon choʻriga nimadir deb, Butrusni ichkariga olib kirdi. 17Shunda darvozabon choʻri Butrusdan:
— Siz ham u Odamning shogirdlaridan emasmisiz? — deb soʻradi.
— Yoʻq! — dedi Butrus.
18Havo sovuq boʻlgani uchun u yerda turgan xizmatkorlar bilan mirshablar koʻmir yoqib, isinayotgan edilar. Butrus ham ularning oldiga borib, isinib turdi.
Iso oliy ruhoniy Xanan oldida
19Shu paytda oliy ruhoniy Xanan Isoni soʻroq qilayotgan edi. Shogirdlari va taʼlimotiga taalluqli savollar berdi. 20Iso unga javob berib dedi:
— Men elu olamga ochiq soʻzladim. Har doim yahudiylar yigʻiladigan sinagogalarda va Maʼbadda taʼlim berib yurdim, hech yashirincha gap aytmadim. 21Nega Meni soʻroq qilyapsiz? Gaplarimni eshitgan odamlardan soʻrang. Nimalar haqida gapirganimni ular bilishadi.
22Iso bularni aytib boʻlgach, yonida turgan Maʼbad mirshablaridan biri Isoning yuziga bir shapaloq urib, dedi:
— Oliy ruhoniyga ham shunday javob berasanmi?
23Iso bunga javoban dedi:
— Agar Men notoʻgʻri gapirgan boʻlsam, notoʻgʻri joyini koʻrsat. Agar toʻgʻri gapirgan boʻlsam, nega Meni urasan?
24Shundan keyin Xanan Isoni bogʻlangan holda oliy ruhoniy Kayafas#18:24 oliy ruhoniy Kayafas — shu bobning 13–oyati izohiga qarang. huzuriga yubordi.
Butrus Isodan yana tonadi
25Butrus olov oldida isinib turarkan, kimdir undan:
— Sen ham Uning shogirdlaridan emasmisan? — deb soʻradi.
— Yoʻq! — deb tondi u.
26Oliy ruhoniyning xizmatkorlaridan biri Butrus qulogʻini uzib yuborgan odamning qarindoshi edi. Bu xizmatkor Butrusga dedi:
— Seni bogʻda U bilan koʻrdim, shekilli?
27Butrus esa yana tondi. Naq shu payt xoʻroz qichqirdi.
Iso Pilat huzurida
28Tong otdi. Yahudiylar Isoni Kayafas huzuridan olib chiqib, hokim Pilatning#18:28 hokim Pilat — Rim hukumati tomonidan Yahudiya viloyatiga tayinlangan hokim. saroyiga olib bordilar. Oʻzlari esa bulgʻanishni istamay hukumat saroyiga kirmadilar#18:28 …bulgʻanishni istamay hukumat saroyiga kirmadilar — yahudiylarning taʼlimotiga koʻra, gʻayriyahudiylarning uyiga kirish ularni harom qilib qoʻyardi., chunki bulgʻangan odam Fisih taomini#18:28 Fisih taomi — bir kun oldin, yaʼni Nison oyining oʻn toʻrtinchi kuni Fisih ziyofatida yeyiladigan taom emas. Yangi Ahdda “Fisih” nomi ostida Fisih ziyofati va undan keyin yetti kun davomida nishonlanadigan Xamirturushsiz non bayrami nazarda tutilgan. Xamirturushsiz non bayrami davomida boshqa taomlar ham tanovul qilinardi, mazkur oyatda oʻsha taomlarga ishora qilingan. Toʻliqroq maʼlumotga ega boʻlish uchun BAYRAMLAR soʻzi ostida berilgan FISIH ZIYOFATI va XAMIRTURUSHSIZ NON BAYRAMI iboralariga qarang. yeya olmasdi. 29Shu sababli Pilat tashqariga, ularning oldiga chiqdi.
— Bu Odamni nimada ayblayapsizlar? — deb soʻradi.
30— Agar U jinoyatchi boʻlmaganda, Uni sizning qoʻlingizga topshirmas edik, — deb javob berishdi ular.
31— Uni olib ketib, oʻz qonuningiz boʻyicha hukm qilaveringlar, — dedi Pilat.
— Bizga hech kimni qatl qilishga ijozat berilmagan, — deyishdi unga yahudiylar.
32Iso Oʻzining qanday oʻlishi haqida aytgan soʻzlari amalga oshishi uchun#18:32 Iso…aytgan soʻzlari amalga oshishi uchun… — Iso, yuqoriga koʻtarilaman, deganda, Oʻzining xochga mixlanishini nazarda tutgan edi (3:14, 8:28, 12:31-33 ga qarang). Rim qonunlariga koʻra, faqatgina Rim hukmdori jinoyatchini oʻlimga hukm qila olar edi. Odatda, jamiyatdagi past tabaqa yoki hukumat dushmani hisoblangan odamlar xochga mixlanish yoʻli bilan jazolanar edi. bu voqea sodir boʻldi.
33Shunda Pilat yana saroyga kirdi va Isoni chaqirtirib:
— Sen yahudiylarning Shohimisan? — deb soʻradi.
34— Oʻzingiz qiziqib soʻrayapsizmi, yoki boshqalar sizga Men toʻgʻrimda aytishdimi? — deb soʻradi Iso.
35Pilat dedi:
— Nima, men yahudiymidim?! Oʻz xalqing, bosh ruhoniylaring Seni menga topshirishdi. Sen nima ish qilib qoʻyding?
36Iso javob berdi:
— Mening Shohligim bu dunyodan emas. Agar Shohligim bu dunyodan boʻlganda edi, yahudiylarning qoʻliga tushmasligim uchun Mening xizmatkorlarim kurashar edilar. Biroq Mening Shohligim bu yerdan emas.
37— Demak, Sen Shoh ekansan–da?! — dedi Pilat.
— Shoh ekanimni oʻzingiz aytdingiz, — dedi Iso. — Men haqiqat toʻgʻrisida shohidlik qilmoq uchun tugʻilganman, ana shu maqsadda olamga keldim. Haqiqat tarafida boʻlgan har bir odam Menga quloq soladi.
38— Haqiqat oʻzi nima? — deb soʻradi Pilat. Shunday dedi–yu, yana tashqariga, yahudiylarning oldiga chiqdi.
— Men Undan hech qanday ayb topmadim, — dedi ularga. 39— Sizlarning bir odatingiz bor–ku, har Fisih bayramida sizlar uchun bir mahbusni ozod qilar edim. Shunga koʻra, sizlar uchun yahudiylarning Shohini ozod qilishimni istaysizlarmi?
40— Uni emas, Barabbasni ozod qiling! — deb baqirdi ular.
Barabbas esa isyonda ishtirok etgandi.

Currently Selected:

Yuhanno 18: O‘zbMK

Highlight

Share

Copy

None

Want to have your highlights saved across all your devices? Sign up or sign in