YouVersion Logo
Search Icon

Yuhanno 17

17
17–BOB
Iso Oʻz shogirdlari uchun ibodat qiladi
1Shu gaplardan keyin Iso koʻzlarini osmonga tikib, dedi: “Ey Ota! Vaqt–soati keldi. Oʻgʻling Seni ulugʻlashi uchun Oʻgʻlingni ulugʻlagin. 2Sen Unga butun insoniyat ustidan hokimiyat berding. Toki Unga berilgan har bir insonga U abadiy hayot ato qilsin. 3Abadiy hayot esa Seni — yagona haq Xudoni hamda Sen yuborgan Iso Masihni tanib–bilishdan iboratdir.
4Sen Menga topshirgan ishni tugatib, yer yuzida Seni ulugʻladim. 5Dunyo yaratilishidan avval Men Sening huzuringda ulugʻvor edim. Endi, ey Ota, oʻsha ulugʻvorlikni Oʻz huzuringda Menga yana ato qilgin.
6Sen dunyodan Menga bergan odamlarga Seni tanitdim. Ular Seniki edilar va Sen ularni Menga berding. Ular Sening soʻzingga amal qildilar. 7Sen Menga bergan hamma narsa Sendan ekanligini ular endi bilib oldilar. 8Chunki Sen Menga aytgan soʻzlaringni Men ularga aytdim. Ular soʻzlaringni qabul qilib, Men Sendan kelganimni aniq tushundilar. Meni Sen yuborganingga ishondilar.
9Men ular uchun iltijo qilaman. Dunyo uchun emas, balki Sen Menga bergan odamlar uchun iltijo qilaman. Axir, ular Senikidir. 10Zotan, Meniki boʻlgan hamma — Seniki, Seniki esa Menikidir. Mening ulugʻvorligim ular orqali ayon boʻlmoqda.
11Men bu dunyoda ortiq qolmayman, Sening oldingga qaytib ketyapman. Ular esa bu dunyoda qoladilar. Ey Muqaddas Ota! Menga bergan Oʻz noming qudrati ila ularni omon saqla#17:11 Menga bergan Oʻz noming qudrati ila ularni omon saqla — yunoncha matndan. Baʼzi yunon qoʻlyozmalarida Oʻz noming qudrati ila Menga berganlaringni omon saqla.. Toki ular ham Bizday bir boʻlsinlar. 12Men ular bilan birga boʻlganimda, Menga bergan noming qudrati ila ularni omon saqladim. Ularni asradim#17:12 …Menga bergan noming qudrati ila ularni omon saqladim. Ularni asradim… — yunoncha matndan. Baʼzi yunon qoʻlyozmalarida …noming qudrati ila ularni omon saqladim. Sen Menga berganlarni asradim…., birontasi yoʻqolmadi. Faqat Muqaddas bitiklarda aytilganlar#17:12 Muqaddas bitiklarda aytilganlar — 13:18-19 ga va Havoriylar 1:15-20 ga qarang. bajo boʻlishi uchun halokatga mahkum boʻlgan odam#17:12 halokatga mahkum boʻlgan odam — Isoga xiyonat qilgan Yahudo nazarda tutilgan. nobud boʻldi.
13Endi esa Sening oldingga ketyapman. Mening shodligim ularning qalbini toʻldirsin deb, bularni hali dunyoda boʻlganimda aytyapman. 14Men ularga Sening soʻzlaringni aytdim. Bu dunyoga tegishli boʻlganlar ulardan nafratlanadi. Chunki Men bu dunyodan boʻlmaganim kabi, ular ham bu dunyodan emaslar. 15Endi ularni dunyodan olishingni emas, balki yovuz shaytondan saqlashingni soʻrayapman. 16Men bu dunyodan boʻlmaganim kabi, ular ham bu dunyodan emaslar. 17Sening kaloming haqiqatdir. Haqiqat orqali ularni Oʻzing uchun ajratib olgin. 18Sen Meni dunyoga yuborganingday, Men ham ularni dunyoga yubordim. 19Ularni deb Oʻzimni Senga bagʻishladim, toki ular ham haqiqat orqali oʻzlarini Senga bagʻishlasinlar.
20Men nafaqat ular uchun iltijo qilyapman, balki ularning soʻzi orqali Menga imon keltiradiganlar uchun ham iltijo qilyapman: 21hammalari bir boʻlishsin. Ey Ota, Sen Menda va Men Senda boʻlganimday, ular ham Bizda boʻlishsin. Shu tariqa Meni Sen yuborganingga dunyo ishonsin. 22Sen Menga ato qilgan ulugʻvorlikni ularga berdim, toki Biz bir boʻlganimizdek, ular ham bir boʻlishsin. 23Men ulardaman, Sen esa Mendasan. Shunday ekan, ular mukammal birlikda boʻlsinlar. Toki, Meni Sen yuborganingni dunyo bilsin. Meni qanday sevsang, Menikilarni ham shunday sevganingni dunyo koʻrsin.
24Ey Ota! Sen Menga bergan odamlar Men bilan bir joyda boʻlishini xohlayman. Sen Menga ato qilgan ulugʻvorlikni ular ham koʻrsin, chunki olamni yaratmasingdan oldin Sen Meni yaxshi koʻrar eding. 25Ey odil Ota! Dunyo Seni bilmasa ham, Men Seni bilaman. Bu odamlar ham Meni Sen yuborganingni bilib oldilar. 26Ularga Sening kimligingni ayon qildim va ayon qilishni davom ettiraveraman. Toki, Menga boʻlgan sevging ularning yuraklarida jo boʻlsin, Men ham ularda boʻlayin.”

Currently Selected:

Yuhanno 17: O‘zbMK

Highlight

Share

Copy

None

Want to have your highlights saved across all your devices? Sign up or sign in