YouVersion Logo
Search Icon

Yuhanno 16

16
16–BOB
Muqaddas Ruhning faoliyati
1Men bu gaplarni sizlar toʻgʻri yoʻldan ozmanglar, deb aytdim. 2Sizlarni sinagogalardan haydab yuboradilar. Hatto shunday zamon keladiki, sizlarni oʻldirayotgan har bir kishi bu bilan Xudoga xizmat qilyapman, deb oʻylaydi. 3Ular bu ishlarni samoviy Otamni va Meni tanimaganlari uchun qiladilar. 4Bularni sizlarga hozirdan aytib qoʻyyapman, toki oʻsha vaqt–soat kelganda, soʻzlarimni esga olinglar.
Sizlarga bularni boshdanoq aytishimga hojat yoʻq edi, chunki Oʻzim sizlar bilan birga edim. 5Endi esa Meni Yuborganning oldiga ketyapman. Birontangiz Mendan: «Qayerga ketyapsan?» deb soʻramayapsiz. 6Bularni aytganim uchun dilingiz gʻam–qaygʻuga botgan. 7Ammo sizlarga haqiqatni aytaman, Mening ketishim sizlar uchun yaxshiroqdir. Agar Men ketmasam, Homiy#16:7 Homiy — 14:16 izohiga qarang. kelmaydi. Agarda ketsam, Uni oldingizga yuboraman. 8U kelganda dunyoga gunoh, adolat va hukm toʻgʻrisidagi haqiqatni ayon qiladi. 9Gunoh toʻgʻrisidagi haqiqat shundan iboratki, odamlar Menga ishonmaydilar. 10Adolat toʻgʻrisidagi haqiqat shuki, Ota Meni oqlaydi. Men Otaning oldiga ketyapman va sizlar Meni boshqa koʻrmaysizlar. 11Hukm toʻgʻrisidagi haqiqat shundan iboratki, hukm chiqarib boʻlingan, bu dunyoning yovuz hukmdori#16:11 bu dunyoning yovuz hukmdori — yaʼni shayton. mahkum qilingan.
12Sizlarga yana aytadigan gaplarim koʻp, lekin endi ichingizga sigʻdirolmaysizlar. 13Haqiqat Ruhi kelib, sizlarni toʻliq haqiqat sari boshlaydi. U Oʻzicha gapirmaydi, neki eshitsa, oʻshani soʻzlab beradi, U yuz beradigan voqealar haqida sizlarga xabar qiladi. 14U Mendan eshitgan narsalarni sizlarga maʼlum qiladi, shu orqali Meni ulugʻlaydi. 15Otaning bor narsasi Menikidir. Ana shu sababdan, Ruh Mendan eshitgan narsalarni sizlarga maʼlum qiladi, deb aytdim. 16Sizlar bilan birga uzoq vaqt boʻlmayman, lekin koʻp oʻtmay sizlar Meni yana koʻrasizlar#16:16 Yunoncha matndan. Baʼzi yunon qoʻlyozmalarida quyidagi soʻzlar Isoning gapiga qoʻshimcha qilingan: chunki Men Otamning oldiga ketyapman..”
Qaygʻungiz shodlikka aylanadi
17Shu paytda Isoning shogirdlari bir–biriga dedi: “Qiziq, U bizga oʻzi nima aytmoqchi?! «Sizlar bilan birga uzoq vaqt boʻlmayman, lekin koʻp oʻtmay sizlar Meni yana koʻrasizlar», dedi. «Otaning oldiga ketyapman», deb aytdi. 18«Sizlar bilan birga uzoq vaqt boʻlmayman» deyishi bilan nima demoqchi ekan, tushunmadik.”
19Iso shogirdlarining savol bermoqchi boʻlganlarini bilib, dedi: “«Sizlar bilan birga uzoq vaqt boʻlmayman, lekin koʻp oʻtmay sizlar Meni yana koʻrasizlar», deb aytgan gapimning maʼnosini muhokama qilyapsizlarmi? 20Sizlarga chinini aytayin: sizlar yigʻlab, dod–faryod qilasizlar, dunyo esa quvonadi. Sizlar qaygʻurasiz, lekin qaygʻungiz shodlikka aylanadi. 21Oyi toʻlgan ayol dard bilan tugʻadi. Ammo bola tugʻilgandan keyin, dunyoga odamzod keldi, deb ayol quvonadi. Quvonganidan u chekkan dardini unutib yuboradi. 22Shunga oʻxshab sizlar ham hozir gʻam–qaygʻu chekyapsizlar. Lekin Men sizlarni yana koʻraman. Shunda yuragingiz quvonchga toʻladi. Quvonchingizni sizlardan hech kim tortib olmaydi.
23Oʻsha kuni Mendan hech narsa soʻramaysizlar. Sizlarga chinini aytayin: Mening nomimdan osmondagi Otamdan nima soʻrasangizlar, U sizlarga beradi. 24Shu paytgacha Mening nomim bilan Otadan hech narsa soʻramadingizlar. Soʻranglar, olasizlar va qalbingiz shodlikka toʻladi.
Iso dunyodan ustun
25Shu vaqtgacha sizlarga matallar orqali gapirib keldim. Lekin shunday vaqt keladiki, Men sizlarga Otam haqida matallar orqali emas, ochiqdan–ochiq gapiraman. 26Oʻsha kuni oʻzlaringiz Otadan istaganingizni Mening nomimdan soʻraysizlar. Mening sizlar uchun Otadan iltimos qilishimning hojati boʻlmaydi. 27Zotan, Otaning Oʻzi sizlarni sevadi, chunki sizlar Meni yaxshi koʻrib, Xudodan kelganimga ishondingizlar. 28Men Otamdan chiqib, dunyoga keldim. Endi dunyoni tark etib, Otamning oldiga ketyapman.”
29Shogirdlar Isoga shunday deyishdi:
— Mana, hozir Siz matal ishlatmay, ochiq soʻzlayapsiz. 30Hamma narsani bilishingizni endi tushundik. Savolga ham oʻrin yoʻq. Siz Xudodan kelganingizga endi ishondik.
31Iso dedi:
— Endi rostdan ham ishonyapsizlarmi? 32Shunday vaqt keladiki, hatto keldi ham, sizlar tarqalib, har biringiz in–iningizga kirib ketasiz. Meni yolgʻiz qoldirasizlar. Biroq Men yolgʻiz emasman, chunki Otam Men bilandir. 33Men tufayli xotirjam boʻlishingiz uchun bularni sizlarga aytdim. Dunyoda qaygʻu–alam chekasizlar. Lekin dadil boʻlinglar, Men dunyoni yengdim.

Currently Selected:

Yuhanno 16: O‘zbMK

Highlight

Share

Copy

None

Want to have your highlights saved across all your devices? Sign up or sign in