YouVersion Logo
Search Icon

Yuhanno 20

20
20–BOB
Iso tiriladi
1Yakshanba kuni erta saharda, kun yorishmasdan, Magdalalik#20:1 Magdala — Jalila koʻlining gʻarbiy qirgʻogʻidagi qishloq. Maryam qabrning oldiga kelib, qabr ogʻzidagi toshning agʻdarilganini koʻrdi. 2Soʻng u yugurib, Butrus#20:2 Butrus — yunoncha matnda Shimoʻn Butrus (shu bobning 6–oyatida ham bor). 1:40 izohiga qarang. va Isoning sevikli shogirdi#20:2 Isoning sevikli shogirdi — yaʼni Yuhanno. oldiga borib dedi:
— Hazratimizning jasadini qabrdan olib ketishibdi. Uni qayerga qoʻyishganini bilmaymiz.
3Butrus va boshqa shogird qabr tomon joʻnashdi. 4Ikkovi birga yugurib ketishdi. Ammo u shogird Butrusdan tezroq yugurib, qabrga birinchi boʻlib yetib keldi. 5U engashib ichkariga qaradi–da, u yerda yotgan kafanni koʻrdi. Lekin qabrga kirmadi. 6Uning orqasidan Butrus yetib kelib, qabrga kirdi. U yerda yotgan kafanni 7va Isoning boshiga oʻralgan roʻmolni koʻrdi. Ammo roʻmol kafan bilan birga emas, alohida joyga yigʻishtirib qoʻyilgan edi. 8Shunda avval kelgan shogird ham qabrga kirdi. Koʻrgandan keyingina ishonch hosil qildi. 9Chunki ular Muqaddas bitiklardagi, Iso oʻlikdan tirilishi kerak degan soʻzlarni shu paytgacha tushunmagan edilar.
Iso Maryamga zohir boʻladi
10Shundan soʻng shogirdlar yana oʻz uylariga qaytib ketdilar. 11Maryam esa qabrning tashqarisida turganicha, yigʻlar edi. Yigʻlayotib, bir egilib qabr ichiga qaradi. 12Shunda oq kiyim kiygan ikki farishtani koʻrib qoldi. Biri Isoning jasadi yotgan joyning bosh tomonida, ikkinchisi esa oyoq tomonida oʻtirgan edi. 13Ular Maryamga:
— Ey ayol, nega yigʻlayapsan? — deyishdi.
— Hazratimning jasadini olib ketishibdi, Uni qayerga qoʻyishganini bilmayman, — dedi u. 14Shunday dedi–yu, orqasiga burilib, u yerda turgan Isoni koʻrdi. Lekin Uning Iso ekanligini bilmadi.
15— Ey ayol, nega yigʻlayapsan? Kimni qidiryapsan? — deb soʻradi undan Iso. Maryam Uni bogʻbon deb oʻyladi. Unga shunday dedi:
— Taqsir, agar Uni siz olib ketgan boʻlsangiz, qayerga qoʻyganingizni menga ayting, men borib Uni olay.
16Iso unga:
— Maryam! — dedi.
Maryam Isoga qayrilib qaradi–da, oramiychalab#20:16 oramiycha — 5:2 ning birinchi izohiga qarang.:
— Ravvuniy! — dedi. (Ravvuniy “ustozim” demakdir.)
17— Meni ushlab turma! — dedi Iso Maryamga. — Men samoviy Otaning oldiga chiqib ketyapman. Sen borib birodarlarimga gaplarimni yetkaz: “Men Otamning oldiga chiqib ketyapman. U sizlarning ham Otangizdir. U Mening Xudoyim va sizlarning Xudoyingizdir.”
18Shunda Magdalalik Maryam shogirdlarning oldiga borib:
— Men Rabbimiz Isoni koʻrdim! — dedi. Soʻng Isoning unga aytgan gaplarini ularga yetkazdi.
Iso shogirdlariga zohir boʻladi
19Oʻsha yakshanba kuni oqshomda shogirdlar toʻplangan edilar. Ular yahudiylardan qoʻrqib, uyning eshiklarini qulflab olgan edilar. Shu payt Iso keldi, oʻrtalarida turib shogirdlariga:
— Sizlarga tinchlik boʻlsin! — dedi. 20Soʻng ularga qoʻllarini#20:20 qoʻllari — yunoncha matndan. Qadimiy slavancha tarjimada qoʻl–oyoqlari. va biqinini koʻrsatdi. Shogirdlar Rabbimiz Isoni koʻrib, xursand boʻlib ketdilar.
21Iso yana ularga dedi:
— Sizlarga tinchlik boʻlsin! Osmondagi Otam Meni dunyoga yuborgani singari, Men ham sizlarni dunyoga yuboryapman.
22Shunday deb, ularning ustiga pufladi–da:
— Muqaddas Ruhni qabul qilinglar, — dedi. 23— Sizlar kimning gunohlarini kechirsangizlar, u kechiriladi. Kimning gunohlarini kechirmasangizlar, u kechirimsiz qolaveradi.
Iso bilan Toʻma
24Iso kelganda oʻn ikki shogirddan biri Toʻma, yaʼni Didimus#20:24 Toʻma, yaʼni Didimus — 11:16 izohiga qarang. shogirdlar orasida yoʻq edi. 25Boshqa shogirdlar unga:
— Biz Rabbimiz Isoni koʻrdik, — deyishdi. Toʻma ularga shunday dedi:
— Uning qoʻllaridagi mix chandiqlarini oʻzim koʻrmagunimcha, mix chandiqlariga barmogʻimni tekkizmagunimcha, biqiniga qoʻlim bilan tegib koʻrmagunimcha ishonmayman.
26Keyingi yakshanba kuni Isoning shogirdlari yana uyda toʻplangan edilar. Bu safar Toʻma ham ular bilan birga edi. Uyning eshiklari qulf edi. Shunga qaramay Iso kirdi, oʻrtalarida turib:
— Sizlarga tinchlik boʻlsin! — dedi. 27Keyin Toʻmaga qarab:
— Barmogʻingni bu yoqqa tekkiz! Qoʻllarimni koʻr. Qoʻlingni uzatib, biqinimga tegib koʻr. Ikkilanishni bas qil, ishon! — dedi. 28Toʻma Isoga:
— Yo Rabbim, Xudoyim! — dedi. 29Iso unga shunday dedi:
— Sen Meni koʻrganing uchun ishonding. Meni koʻrmay ishonganlar naqadar baxtlidir!
Kitobning mohiyati
30Isoning bu kitob tarkibiga kiritilmagan yana koʻp moʻjizali alomatlariga shogirdlar guvoh boʻlganlar. 31Kitobga kiritilgan moʻjizalar esa sizlar uchun yozilgan. Toki sizlar Isoning Masih, Xudoning Oʻgʻli#20:31 Xudoning Oʻgʻli — Iso Masihning unvoni. Toʻliqroq maʼlumotga ega boʻlish uchun lugʻatdagi XUDONING OʻGʻLI iborasiga qarang. ekanligiga ishonib, bu imoningiz tufayli hayotga ega boʻlinglar.

Currently Selected:

Yuhanno 20: O‘zbMK

Highlight

Share

Copy

None

Want to have your highlights saved across all your devices? Sign up or sign in