YouVersion Logo
Search Icon

Yuhanno 15

15
15–BOB
Tok va uning novdalari haqida masal
1Iso shogirdlariga dedi: “Men haqiqiy tokman, osmondagi Otam esa bogʻbondir. 2Hosil bermaydigan har bir novdamni U kesib tashlaydi. Hosil beradigan har bir novdani esa, yana koʻproq hosil bersin deb, xomtok qilib tozalaydi. 3Men sizga aytgan soʻzim orqali sizlar allaqachon tozalanib boʻlgansizlar. 4Men bilan aloqada boʻlinglar, shunda Men sizlar bilan aloqada boʻlaman. Tokka ulanmagan novda oʻz–oʻzidan hosil berolmaydi. Shu singari, sizlar ham Men bilan aloqada boʻlmasangizlar, hosil berolmaysizlar.
5Men — tok, sizlar esa novdasizlar. Agar Menda boʻlsangizlar va Men sizlarda boʻlsam, koʻp hosil berasizlar. Mensiz hech narsa qilolmaysizlar. 6Kim Men bilan aloqani uzsa, novda kabi, tashlab yuboriladi va quriydi. Bunday novdalarni esa yigʻib, oʻtga tashlab yondirishadi. 7Agar siz Men bilan aloqada boʻlib, soʻzlarimni qalbingizga jo qilsangizlar, istaganingizni soʻranglar, sizga beriladi. 8Sizlar koʻp hosil berib, Mening shogirdlarim ekanligingizni isbotlaysiz. Bu orqali Otam ulugʻlanadi.
Sevgi haqida
9Osmondagi Otam Meni qanday sevgan boʻlsa, Men ham sizlarni shunday sevdim. Sevgimga sodiq qolinglar. 10Men Otamning amrlariga amal qilib, Uning sevgisiga sodiq qolganman. Xuddi shu singari, sizlar ham, Mening amrlarimga amal qilsangizlar, sevgimga sodiq qolasizlar.
11Mening shodligim qalbingizni toʻldirsin deb, sizlarga bu soʻzlarni aytdim. 12Mening amrim shu: Men sizlarni qanday sevgan boʻlsam, sizlar ham bir–biringizni shunday sevinglar. 13Kim oʻz jonini doʻstlari uchun fido qilsa, bundan ortiq sevgi yoʻq. 14Agar sizlar amrlarimni bajo keltirsangizlar, Mening doʻstlarim boʻlasizlar. 15Men sizlarni endi qul deb atamayman. Qul xoʻjayini nima qilishini bilmaydi. Sizlarni doʻstlarim deyman, chunki Otamdan eshitgan hamma narsani sizlarga aytdim.
16Sizlar Meni emas, Men sizlarni tanladim. Men sizlarni: «Borib hosil bersin, hosili boqiy boʻlsin», deb tanladim. Shunda Mening nomimdan Otadan nima soʻrasangizlar, U sizlarga beradi.
17Xullas, sizlarga amrim shu: bir–biringizni sevinglar!
Dunyoning nafrati
18Agar dunyo sizlardan nafratlanayotgan boʻlsa, bilingki, sizlardan ilgari Mendan nafratlangan. 19Sizlar bu dunyoga tegishli boʻlganingizda edi, dunyo sizlarni oʻziniki kabi sevar edi. Sizlar esa bu dunyoga tegishli emassizlar. Men sizlarni bu dunyodan tanlab oldim. Ana shu sababdan dunyo sizlardan nafratlanadi. 20Qul oʻz xoʻjayinidan ustun emas degan soʻzimni#15:20 degan soʻzim — 13:12-17 ga qarang. eslanglar. Agar Meni quvgʻin qilgan boʻlsalar, sizlarni ham quvgʻin qiladilar. Agar Mening soʻzlarimga rioya qilgan boʻlsalar, sizlarnikiga ham rioya qiladilar.
21Odamlar bularni sizlarga Mening nomim tufayli qiladilar. Axir, ular Meni Yuborganni tanimaydilar. 22Agar Men kelib, ularga gapirmaganimda edi, ular Menga ishonmaganlari uchun gunohda ayblanmas edilar. Endi boʻlsa gunohlarini oqlash uchun bahona topa olmaydilar. 23Mendan nafratlangan odam osmondagi Otamdan ham nafratlanadi. 24Agar Men ular orasida boshqa hech kim qilmagan moʻjizalarni qilmaganimda edi, ular gunohda ayblanmas edilar. Endi boʻlsa moʻjizalarimni koʻrdilar–u, Mendan ham, Otamdan ham nafratlandilar. 25Bu esa Tavrotdagi: «Mendan sababsiz nafrat etganlar»#15:25 Zabur 34:19, 68:5 ga qarang. degan soʻzlar bajo boʻlishi uchun sodir boʻldi.
26Men sizlarga Otamdan yuboradigan Homiy#15:26 Homiy — 14:16 izohiga qarang., yaʼni Otamdan chiqadigan Haqiqat Ruhi kelganda Men toʻgʻrimda guvohlik beradi. 27Sizlar ham guvohlik berasizlar, chunki boshdanoq Men bilan birga boʻlgansizlar.

Currently Selected:

Yuhanno 15: O‘zbMK

Highlight

Share

Copy

None

Want to have your highlights saved across all your devices? Sign up or sign in