YouVersion Logo
Search Icon

Yuhanno 14

14
14–BOB
Iso yoʻl, haqiqat va hayotdir
1Iso shogirdlariga dedi:
— Yuragingiz siqilmasin. Xudoga ishoning, Menga ham ishoning! 2Otam Xudoning uyida maskan koʻp. Shunday boʻlmaganda edi, sizlarga bularni aytib oʻtirmagan boʻlardim. Men sizlarga joy tayyorlagani ketyapman. 3Men borib sizlarga joy tayyorlayman–u, sizlarni Oʻzim bilan olib ketgani kelaman. Toki Men boʻlgan joyda sizlar ham boʻlinglar. 4Men boradigan joyga olib boradigan yoʻlni sizlar bilasizlar.
5— Hazrat! — dedi Unga Toʻma, — Qayerga borishingizni bilmasak, yoʻlni qayerdan bilamiz?
6Iso unga dedi:
— Men yoʻl, haqiqat va hayotdirman. Otaning oldiga olib boradigan Mendan boshqa yoʻl yoʻq. 7Agar Meni tanib–bilsangiz, Otamni ham tanib–bilasizlar#14:7 …tanib–bilasizlar — yunoncha matndan. Baʼzi yunon qoʻlyozmalarida tanib–bilgan boʻlardingiz.. Ha, Uni bilasiz, chunki Uni koʻrdingiz.
8Filip Isoga dedi:
— Hazrat, bizga Otani koʻrsating, shuning oʻzi bizga kifoya!
9— Filip, — dedi unga Iso, — Men shuncha vaqtdan beri sizlar bilan birgaman. Nahotki Meni tanib–bilmasang?! Meni koʻrgan odam Otani koʻrgan boʻladi. Shunday ekan, qanday qilib sen: “Otani bizga koʻrsating”, deyapsan? 10Men Otada, Ota esa Menda ekanligiga nahotki ishonmasang?! Men sizlarga aytgan soʻzlarni Oʻzimdan toʻqib gapirmayapman. Aksincha, Menda yashagan Otam Men orqali Oʻz ishlarini bajarmoqda. 11Men Otamda va Otam Menda ekanligiga ishoninglar. Agar ishonmasangizlar, hech boʻlmasa, qilgan ishlarim tufayli ishoninglar. 12Sizlarga chinini aytayin: Menga ishongan odam Men qilgan ishlarni qiladi. Bulardan ham buyukroq ishlarni qiladi, chunki Men Otaning oldiga ketyapman. 13Sizlar Mening nomimdan soʻragan hamma narsani Men bajo keltiraman, toki Ota Oʻz Oʻgʻli orqali ulugʻlansin. 14Ha, sizlar Mening nomim bilan Mendan soʻragan har qanday narsani bajo keltiraman.
Muqaddas Ruhni yuborish vaʼdasi
15Iso ularga dedi: “Agar Meni sevsangizlar, amrlarimga amal qilasizlar. 16Men osmondagi Otaga murojaat qilaman va U sizlar bilan to abad qoladigan boshqa Homiyni#14:16 Homiy — Muqaddas Ruhning unvoni. Bu oʻrinda ishlatilgan yunoncha soʻz birortasiga yordam berish uchun doim uning yonida boʻladigan insonni yoki Zotni bildiradi. Bu soʻzni shafoat qiluvchi, nasihatgoʻy, madadkor, yupatuvchi deb tarjima qilsa ham boʻladi. Bu yunoncha soʻz yuqoridagi soʻzlarga qaraganda kengroq maʼnoga ega boʻlgani uchun, oʻzbek tiliga Homiy deb tarjima qilingan. yuboradi. 17Bu Homiy — Haqiqat Ruhidir. Bu dunyoga tegishli boʻlganlar Uni qabul qila olmaydilar, chunki Uni koʻrmaydilar ham, bilmaydilar ham. Sizlar esa Uni bilasizlar, chunki U sizlar bilan yashamoqda, U ichingizda boʻladi. 18Men sizlarni yetim qoldirmayman, yana oldingizga qaytib kelaman. 19Bir ozdan keyin dunyo Meni boshqa koʻrmaydi. Ammo sizlar Meni koʻrasizlar. Men barhayot boʻlganim uchun sizlar ham yashaysizlar. 20Men Otamda ekanimni, sizlar Menda va Men sizlarda ekanimni oʻsha kuni anglab olasizlar. 21Mening amrlarimni bilib, ularga amal qilgan kishi Meni sevadi. Kim Meni sevsa, Otam ham uni sevadi. Men ham uni sevaman va Oʻzimni unga ayon qilaman.”
22Ishqariyot boʻlmagan boshqa Yahudo Isoga dedi: “Hazrat, nega Oʻzingizni dunyoga ayon qilmay, bizga ayon qilmoqchisiz?”
23Iso unga shunday javob berdi: “Kim Meni sevsa, Mening soʻzimga amal qiladi. Otam ham uni sevadi. Biz uning oldiga kelib, u bilan birga yashaymiz. 24Meni yaxshi koʻrmagan kishi soʻzlarimga amal qilmaydi. Sizlar eshitgan soʻz Meniki emas, balki Meni yuborgan Otanikidir.
25Men sizlar bilan ekanman, bularni aytdim. 26Otam Mening nomimdan yuboradigan Homiy#14:26 Homiy — shu bobning 16–oyati izohiga qarang., yaʼni Muqaddas Ruh sizlarga hammasini oʻrgatadi. Men sizlarga aytgan hamma soʻzlarimni U yodingizga soladi.
27Men sizlarga tinchlikni qoldiryapman. Oʻz tinchligimni sizlarga beryapman. Men berayotgan tinchlik dunyo beradigan tinchlikka oʻxshamaydi. Yuragingiz siqilmasin, qoʻrqmanglar. 28Sizlarga aytganimni eshitdingizlar: Men ketib, yana oldingizga qaytib kelaman. Agar Meni yaxshi koʻrganingizda edi, samoviy Otaning oldiga ketayotganimdan quvongan boʻlar edingizlar. Zero, Ota Mendan ulugʻdir. 29Bu hodisalar sodir boʻlmasdan oldin sizlarga aytdim. Toki sodir boʻlganda ishoninglar. 30Sizlar bilan soʻzlashishga deyarli vaqtim qolmadi. Chunki bu dunyoning yovuz hukmdori#14:30 bu dunyoning yovuz hukmdori — yaʼni shayton. kelyapti. U Menga hukmini oʻtkaza olmaydi. 31Lekin dunyo bilsinki, Men Otani sevaman, Ota Menga neki buyurgan boʻlsa, xuddi shuni bajaraman.
Qani, turinglar, bu yerdan keta qolaylik.”

Currently Selected:

Yuhanno 14: O‘zbMK

Highlight

Share

Copy

None

Want to have your highlights saved across all your devices? Sign up or sign in