YouVersion Logo
Search Icon

Yuhanno 13

13
13–BOB
Iso Oʻz shogirdlarining oyoqlarini yuvadi
1Fisih bayramiga oz qolgan edi. Iso bu dunyoni tark etib, osmondagi Otasi oldiga boradigan vaqt–soati kelganini bilar edi. U dunyodagi Oʻzinikilarni yaxshi koʻrar edi, ularni oxirigacha yaxshi koʻrdi.
2Kechki ovqat payti edi. Shimoʻn oʻgʻli Yahudo Ishqariyotning diliga iblis allaqachon Isoga xiyonat qilish niyatini solgan edi. 3Iso esa Otasi hamma narsani Uning qoʻliga berganini bilar edi, U Xudodan kelib, yana Xudoning oldiga qaytayotganini ham bilar edi.
4Shunday qilib, Iso dasturxondan turib, ustki kiyimini yechib tashladi. Sochiqni olib beliga bogʻladi. 5Keyin togʻoraga suv quyib, shogirdlarining oyoqlarini yuvishga tushdi. Beliga bogʻlagan sochiq bilan ularning oyoqlarini artib quritdi.
6Iso Butrusning#13:6 Butrus — yunoncha matnda Shimoʻn Butrus (shu bobning 9, 24, 36–oyatlarida ham bor). 1:40 izohiga qarang. oldiga keldi.
— Hazrat, nahot oyoqlarimni Siz yuvsangiz?! — dedi Butrus.
7— Hozir nima qilayotganimni sen bilmaysan, keyin tushunib olasan, — dedi Iso unga javoban.
8— Mening oyoqlarimni ikki dunyoda ham yuvmaysiz! — dedi Butrus.
— Agar oyoqlaringni yuvmasam, Menga qarashli boʻlmaysan, — dedi Iso. 9Shunda Butrus dedi:
— Hazrat, nafaqat oyoqlarimni, qoʻllarim bilan boshimni ham yuvib qoʻying!
10Iso unga dedi:
— Choʻmilgan odam faqat oyogʻini yuvsa bas, u tamoman pokdir. Sizlar ham poksizlar, ammo hammangiz emas.
11Iso Oʻziga xoinlik qiladigan odamni bilar edi, shuning uchun: “Hammangiz ham pok emassizlar”, dedi.
12Shogirdlarining oyoqlarini yuvib boʻlgach, Iso ustki kiyimini kiyib, yana dasturxon oldiga yonboshladi. Soʻng shogirdlaridan soʻradi:
— Hozir nima qilganimni tushundingizlarmi? 13Sizlar Meni “Ustoz”, “Hazrat” deb chaqirasizlar va toʻgʻri qilasizlar, chunki Men xuddi shundayman. 14Agar Men Hazratingiz va Ustozingiz boʻla turib oyoqlaringizni yuvgan boʻlsam, sizlar ham bir–biringizning oyoqlaringizni yuvishingiz shart. 15Men sizlarga nima qilgan boʻlsam, sizlar ham oʻshani qilishingiz kerak. Men sizlarga oʻrnak koʻrsatdim. 16Sizlarga chinini aytayin: qul oʻz xoʻjayinidan ustun emas, elchi ham uni yuborgandan ustun emas. 17Agar gapimni uqqan boʻlsangiz, bunga amal qilinglar, shunda baxtli boʻlasizlar!
Yahudoning Isoga xiyonati haqida karomat
18Iso gapida davom etdi:
— Mening gaplarim hammangizga tegishli emas. Men kimlarni tanlaganimni bilaman. Muqaddas bitiklarda: “Nonimni yegan kishi Menga qarshi bosh koʻtardi”#13:18 Zabur 40:10 ga qarang., deb aytilgan. Bu soʻzlar bajo boʻlishi kerak. 19Men buni sizlarga hozirdan, yuz bermasdan oldin, aytib qoʻyyapman. Toki yuz berganda, Masih Men ekanligimga#13:19 Masih Men ekanligim — yoki Men oʻsha ekanligim, yaʼni Xudo tomonidan yuborilgan, Muqaddas bitiklarda bashorat qilinganiday, xiyonat qurboni boʻladigan Masih. ishoninglar. 20Sizlarga chinini aytayin: kim Men yuborgan odamni qabul qilsa, Meni qabul qilgan boʻladi. Meni qabul qilgan esa Meni Yuborganni qabul qilgan boʻladi.
21Iso qattiq iztirob chekib, dedi:
— Sizlarga chinini aytayin, orangizdan bittasi Menga xiyonat qiladi.
22Shogirdlari esa U kimni nazarda tutayotganini bilmay, gangib bir–biriga qarab turar edilar. 23Shogirdlaridan biri Isoning yonida yonboshlagan edi. U Isoning sevikli shogirdi#13:23 Isoning sevikli shogirdi — yaʼni Yuhanno. edi. 24Butrus oʻsha shogirdga: “Iso kim haqida gapiryapti, soʻra–chi”, deb imo–ishora qildi. 25Shunda u engashib, Isodan:
— Hazrat, u kim? — deb soʻradi. 26Iso javob berdi:
— Men bir burda nonni kosaga botirib kimga bersam, u oʻshadir, — dedi. Soʻng burda nonni botirib, Shimoʻn oʻgʻli Yahudo Ishqariyotga berdi. 27Yahudo burdani olar–olmas, shayton uning ichiga kirib oldi.
— Qiladiganingni tezroq qil, — dedi unga Iso.
28Dasturxon atrofidagilardan hech kim nima uchun Iso bu soʻzlarni Yahudoga aytganini tushunmadi. 29Pul qutisi Yahudoda boʻlgani sababli, baʼzilari: “Iso unga, bayram uchun bizga kerak boʻladigan narsalarni sotib ol, deyapti yoki, kambagʻallarga bir nima ber, deyapti”, deb oʻylardilar. 30Yahudo esa oʻsha burda nonni olgan zahoti tashqariga chiqib ketdi. Tun edi.
Bir–biringizni sevinglar
31Yahudo chiqib ketgach, Iso dedi:
— Inson Oʻgʻlining ulugʻvorligi ayon boʻladigan vaqti keldi. U orqali Xudoning ulugʻvorligi ayon boʻladi. 32Xudoning ulugʻvorligi Inson Oʻgʻli orqali ayon boʻlar ekan, tez orada Xudo Inson Oʻgʻlini Oʻz ulugʻvorligiga sherik qiladi. 33Bolalarim! Endi Men sizlar bilan uzoq boʻlmayman. Meni qidirasizlar. Yahudiylarga aytgan edim, sizlarga ham aytyapman: Men boradigan joyga sizlar borolmaysizlar. 34Sizlarga yangi amr beryapman: bir–biringizni sevinglar. Men sizlarni qanday sevgan boʻlsam, sizlar ham bir–biringizni shunday sevinglar. 35Agar bir–biringizni sevsangiz, sizlar Mening shogirdlarim ekaningizni hamma shundan bilib oladi.
Butrusning Isodan tonishi haqida karomat
36Butrus Isoga dedi:
— Hazrat, Siz qayerga ketyapsiz?
— Hozir Men boradigan joyga sen orqamdan borolmaysan, keyinchalik borasan, — dedi unga Iso.
37Butrus soʻradi:
— Hazrat, nega hozir orqangizdan borolmas ekanman? Men Siz uchun jonimni berishga tayyorman!
38Iso javob berdi:
— Sen rostdan ham Men uchun joningni berishga tayyormisan?! Senga chinini aytaman, xoʻroz qichqirmasdanoq, sen uch marta Mendan tonasan!

Currently Selected:

Yuhanno 13: O‘zbMK

Highlight

Share

Copy

None

Want to have your highlights saved across all your devices? Sign up or sign in