Hakamlar 8
8
8–BOB
Gidoʻn Midiyon shohlarini qoʻlga oladi
1Efrayim qabilasi Gidoʻnga:
— Nega bunday qilding? Midiyonlarga qarshi jang qilgani chiqqaningda nega bizni chaqirmading? — deya u bilan qattiq janjallashdilar.
2Gidoʻn esa ularga dedi:
— Men qilgan ishim bilan sizlarga teng kelarmidim?! Efrayimdagi uzum qoldiqlari kichkinagina bir qavmimning jami hosilidan aʼlo–ku! 3Sizlar Xudoning qudrati bilan Midiyon lashkarboshilari Oriv va Zayovni qoʻlga olgan boʻlsangiz, oʻz ishlarim bilan sizlarga teng kelarmidim?!
U bu gaplarni aytgandan keyin, ular jahldan tushdilar.
4Gidoʻn uch yuzta odami bilan Iordan daryosiga kelib narigi qirgʻoqqa oʻtib oldi#8:4 …narigi qirgʻoqqa oʻtib oldi — yaʼni daryoning sharq tomoniga.. Ular holdan toygan boʻlsalar–da, dushmanning ketidan quvib ketayotgan edilar. 5Gidoʻn Suxot shahri aholisiga murojaat qilib:
— Ey xaloyiq, marhamat qilib odamlarimga ozgina non beringlar, ular holdan toyganlar. Biz Midiyon shohlari Zevax va Zalmunoning ketidan quvib ketyapmiz, — dedi.
6Ammo Suxot boshliqlari shunday javob berishdi:
— Zevax va Zalmunoni qoʻlga olgan boʻlsang ekan, lashkaringga non bersak.
7— Juda soz! — dedi Gidoʻn. — Zevax va Zalmunoni Egamiz mening qoʻlimga bergandan soʻng, sizlarni choʻldagi yantoq va chaqir tikanaklar bilan savalab, teringizni shilib olaman.
8Gidoʻn u yerdan Paniyol shahriga#8:8 Paniyol shahri — ibroniycha matnda bu nomning boshqa varianti Panuval. Paniyol shahri Giladda — Iordan daryosining sharq tomonida joylashgan edi (shu bobning 9, 17–oyatlarida ham bor). yoʻl oldi. U yerdagilarga ham xuddi shunday iltimos bilan murojaat qildi. Suxot aholisi qanday javob bergan boʻlsa, Paniyol aholisi ham xuddi shunday javob berdi. 9Gidoʻn Paniyol aholisiga dedi:
— Gʻolib boʻlib qaytib kelganimdan soʻng bu minorani#8:9 minora — qadimda shaharlar devor bilan oʻralgan boʻlib, maʼlum joylarida minoralar devorga tutashtirib qurilgan. Minoralardan mudofaa vositasi sifatida foydalanilgan. yer bilan yakson qilaman.
10Oʻsha paytda Zevax va Zalmuno oʻz lashkarlari bilan Karxorda turgan edilar. Sharqdagi koʻchmanchilarning 120.000 nafar sipohi halok boʻlib, 15.000 tachasi qolgandi. 11Gidoʻn Navah va Yohboxoning sharq tomonidagi karvon yoʻli boʻylab borib, dushmanni gʻaflatda qoldirib hujum qildi. 12Zevax va Zalmuno qochishdi, Gidoʻn esa ularning ketidan quvib ketdi. Ikki Midiyon shohini qoʻlga olib, butun dushman lashkarini sarosimaga soldi.
13Yoʻsh oʻgʻli Gidoʻn jangdan qaytib, Xares dovoni tomon ketayotganda, 14Suxotlik bir yigitchani ushlab olib, soʻroqqa tutdi. Yigitcha Suxot shahrining yetmish yettita boshliq va oqsoqolini nomma–nom aytib berdi. 15Soʻng Gidoʻn Suxot aholisining oldiga borib dedi:
— Eslaringizdami, meni masxara qilib, Zevax va Zalmunoni qoʻlga olganmidingki, biz holdan toygan lashkaringga non bersak, deb aytganlaringiz? Mana oʻsha Zevax va Zalmuno.
16Gidoʻn yantoq va chaqir tikanaklarni olib, Suxot boshliqlarining taʼzirini berdi. 17Paniyoldagi minorani ham vayron qilib, shaharning barcha erkaklarini qirib tashladi.
18Soʻng Zevax va Zalmunoga yuzlanib:
— Sizlar Tovur shahrida oʻldirgan odamlar qanday edi? — deb soʻradi.
— Ular senga oʻxshagan, koʻrinishlari shoh oʻgʻillariday savlatli edi, — deya javob berishdi ular.
19— Ular mening jigarlarim edi–ku! — deya xitob qildi Gidoʻn. — Biz bir qorindan talashib tushgan edik. Xudo shohid! Ularni oʻldirmaganlaringizda, men ham jonlaringizni saqlab qolgan boʻlardim.
20Soʻng toʻngʻich oʻgʻli Eterga:
— Bor, ularni oʻldir! — dedi.
Ammo bola qoʻrqqanidan qilichini ham chiqarmadi, chunki u hali yosh edi. 21Shunda Zevax va Zalmuno:
— Erkak boʻlsang, oʻzing kelib bizni oʻldir, — dedilar.
Gidoʻn Zevax va Zalmunoni oʻldirib, tuyalarining boʻynidagi shohona bezaklarini oldi.
22Boʻlib oʻtgan voqealardan soʻng Isroil xalqi Gidoʻnning oldiga kelib:
— Sen bizni Midiyonlarning qoʻlidan qutqarding, endi oʻzing, oʻgʻillaring va nabiralaring bizga hukmdor boʻlinglar, — deyishdi.
23— Men sizlarga hukmdor boʻlmayman, — dedi Gidoʻn, — oʻgʻlim ham hukmdoringiz boʻlmaydi. Egamning Oʻzi sizlarga hukmronlik qilsin.
24Keyin davom etib:
— Sizlardan bir narsa soʻramoqchiman, — dedi. — Oʻljalaringizdan bittadan tilla zirak bersangizlar.
Midiyonlar ham, Ismoil avlodi singari#8:24 Midiyonlar ham, Ismoil avlodi singari… — ibroniycha matndan soʻzma–soʻz tarjimasi Ismoil avlodidan boʻlganlari uchun…. Ismoil va Midiyon xalqlari Ibrohimning ikkita oʻgʻlidan kelib chiqqanlar (Ibtido 25:1-2, 12 ga qarang). Bu xalqlar yaqin qarindosh boʻlganlari uchun, ularning ikkalovini ham baʼzan Midiyon xalqi, baʼzan esa Ismoil xalqi deb atashardi (yana Ibtido 37:28 ga va oʻsha oyatning birinchi izohiga qarang)., tilla ziraklar taqib yurishardi.
25— Jonimiz bilan, — deb javob berdi Isroil xalqi.
Soʻng bir kiyim yoyib, har biri oʻlja qilib olgan tilla zirakdan oʻsha kiyim ustiga tashladi. 26Tilla ziraklarning oʻlchovi bir puddan ortiq#8:26 bir puddan ortiq — ibroniycha matnda bir ming yetti yuz shaqal, taxminan 19,5 kiloga toʻgʻri keladi. oltin chiqdi. Midiyon shohlari kiygan safsar liboslar, taqqan yarim oy shaklidagi va shokilali bezaklar hamda tuyalarining boʻynidagi tilla zanjirlar hisobga kiritilmagandi. 27Gidoʻn oʻsha oltindan bir haykal#8:27 haykal — ibroniycha matnda efod, oliy ruhoniylarning sajda marosimlarida kiyadigan ustki kiyimi (Chiqish 28:6-30, Levilar 8:7 ga qarang). Biroq bu oʻrinda oliy ruhoniylarning kiyimi emas, balki sajda qilish va fol ochishda ishlatiladigan buyum nazarda tutilgan. Bu buyum efod shaklida ishlangan oltin haykal boʻlishi mumkin. yasab, uni oʻz shahri Oʻfraga oʻrnatib qoʻydi. Butun Isroil xalqi Xudoga bevafolik qilib, oʻsha yerdagi haykalga sigʻina boshladi. Bu haykal Gidoʻn va uning oilasi uchun tuzoq boʻlib qoldi.
28Shunday qilib, Midiyonlar magʻlub boʻldilar. Ular Isroil xalqiga qarshi bosh koʻtarishga qayta jurʼat etmadilar. Gidoʻn paytida yurtda qirq yil tinchlik barqaror boʻldi.
Gidoʻnning oʻlimi
29Yoʻsh oʻgʻli Gidoʻn#8:29 Gidoʻn — ibroniycha matnda Yerubbaal, Gidoʻnning yana bir ismi (6:32, 7:1 ga qarang). uyiga qaytib ketdi. 30Uning yetmishta oʻgʻli bor edi, chunki xotinlari nihoyatda koʻp edi. 31Shakam shahridagi choʻrisi#8:31 choʻri — ibroniycha matnda bu soʻzning maʼnosi quyidagicha: choʻri boʻlgan ayollar qonuniy xotin boʻlmasalar–da, xoʻjayinlari ular bilan jinsiy aloqada boʻlishgan. Qadimgi paytlarda bu ayollarning jiddiy qonuniy huquqlari boʻlib, xoʻjayinlari ularning erlari sifatida boʻlgan. ham Gidoʻnga bir oʻgʻil tugʻib berdi. Gidoʻn unga Abumalek deb ism qoʻydi. 32Gidoʻn ulugʻ yoshga kirib olamdan oʻtdi va Oʻfra shahridagi otasi Yoʻshning xilxonasiga dafn etildi. Bu shahar Abuazar urugʻiga qarashli edi.
33Gidoʻn olamdan koʻz yumishi bilanoq, Isroil xalqi yana Xudoga bevafolik qilib, Baalning tasvirlariga sigʻina boshladi, ular Baal–Beritni#8:33 Baal–Berit — ibroniychadagi maʼnosi ahd Baali. oʻzlariga xudo qildilar. 34Ularni atrofdagi dushmanlardan xalos qilgan Egasi Xudoni eslaridan chiqardilar. 35Yerubbaal, yaʼni Gidoʻn, Isroil xalqi uchun qilgan shuncha yaxshiliklariga qaramay, Isroil xalqi uning xonadoniga sodiq qolmadi.
Currently Selected:
Hakamlar 8: O‘zbMK
Highlight
Share
Copy
Want to have your highlights saved across all your devices? Sign up or sign in
© Muqaddas Kitobni tarjima qilish instituti, 2016, 2018, 2020