YouVersion Logo
Search Icon

Hakamlar 9

9
9–BOB
Abumalek
1Gidoʻn#9:1 Gidoʻn — ibroniycha matnning shu joyida va mana shu bobning qolgan qismida Yerubbaal deb ishlatilgan, Gidoʻnning yana bir ismi (6:32, 7:1 ga qarang). oʻgʻli Abumalek Shakam shahriga — togʻalarining oldiga borib, barcha urugʻ–aymoqlariga shunday dedi:
2— Shakam beklarining huzuriga boringlar, ularga: “Ustingizdan Gidoʻnning yetmishta oʻgʻli hukmronlik qilganidan koʻra, bittasi hukmronlik qilgani yaxshi emasmi?” deb aytinglar. Men sizlarning jigaringiz ekanimni ham eslaringizdan chiqarmanglar.
3Togʻalari Abumalekning manfaatini koʻzlab, bu soʻzlarni Shakam beklariga yetkazdilar. Shakam beklari esa: “Har qalay Abumalek qarindoshimiz”, deya uning tarafdorlari boʻldilar. 4Shakam beklari unga Baal–Berit#9:4 Baal–Berit — 8:33 ga va oʻsha oyatning izohiga qarang. uyidagi yetmish boʻlak kumushni#9:4 yetmish boʻlak kumush — taxminan 770 grammga toʻgʻri keladi. berdilar. Abumalek esa bu kumushga yaramas odamlarni yolladi. 5U Oʻfraga — otasining uyiga borib, yetmishta oʻgay aka–ukasini bir tosh ustida qatl qildi. Ammo Gidoʻnning kenja oʻgʻli Yoʻtom bekinib, tirik qoldi. 6Soʻng Shakam#9:6 Shakam — Quddusdan qariyb 50 kilometr shimolda, Isroil tepaliklarida joylashgan shahar. beklari va Bayt–Milloda yashovchilar Shakamdagi muqaddas eman daraxtining oldiga borib, u yerda Abumalekni taxtga koʻtarishdi.
7Yoʻtom buni eshitgach, Garizim togʻining tepasiga chiqib xitob qildi:
“Ey Shakam beklari, gapimni eshitinglar, shunda Xudo ham sizlarni eshitgay! 8Bir zamonda daraxtlar oʻzlariga shoh tanlamoqchi boʻlishibdi. Ular zaytun daraxtiga:
— Shohimiz boʻl, — deyishibdi.
9Zaytun daraxti ularga shunday javob beribdi:
— Xudolar va bandalar sharafiga ishlatiladigan moyimni bermay qoʻyib, daraxtlar uzra shoxlarimni silkitib turaymi?!
10Shunda daraxtlar anjirga:
— Sen kelib, shohimiz boʻla qol, — deb aytishibdi.
11Anjir daraxti ham shunday javob beribdi:
— Iye, shirin va lazzatli mevalarimni tugmay, daraxtlar uzra shoxlarimni silkitib turaymi?!
12Soʻng daraxtlar tokka:
— Bizga sen hukmronlik qila qol, — deyishibdi.
13Tok ham javob berib shunday debdi:
— Xudolar va bandalar dimogʻini chogʻ qiladigan sharobimni bermay qoʻyib, daraxtlar uzra novdalarimni silkitib turaymi?!
14Oxiri daraxtlarning barchasi yantoqqa deyishibdi:
— Sen kelib, bizga hukmronlik qilgin.
15Yantoq esa daraxtlarga:
— Agar meni sidqidildan shohlikka koʻtarayotgan boʻlsangizlar, kelib soyamda panoh topinglar, aks holda, tikanlarimdan chiqqan olov avj olib, hatto Lubnondagi sadrlarni#9:15 Lubnondagi sadrlar — Lubnon togʻlarida oʻsadigan bu sadr daraxtlari dunyoning oʻsha hududidagi eng katta daraxt turlaridan edi. ham kuydirib tashlaydi! — deb javob beribdi.
16Shu tariqa sizlar ham Abumalekni taxtga sidqidildan, vijdonan koʻtardingizmi?! Gidoʻn va uning xonadoniga nisbatan toʻgʻri ish tutdingizmi?! Qilmishlaringiz otamning sizlar uchun qilgan ezgu ishlariga loyiq ekanmi?! 17Otam jonini ayamay sizlar uchun jang qilgan edi, sizlarni Midiyonlarning qoʻlidan qutqargan edi. 18Sizlar esa otamning xonadoniga qarshi chiqib, uning yetmish nafar oʻgʻlini bir toshning ustida qatl qildingizlar. Choʻrisi tuqqan Abumalekni esa qarindoshingiz boʻlgani uchun Shakam beklarining ustidan shoh qilib tayinladingizlar. 19Agar bugun Gidoʻn xonadoniga nisbatan vijdonan ish tutgan boʻlsangiz, Abumalekdan mamnun boʻlib shodlaning, u ham sizlardan mamnun boʻlib shodlansin. 20Aks holda, Abumalekdan olov chiqib, Shakam va Bayt–Millo beklarini yamlab yuborsin. Shakam va Bayt–Millo beklaridan ham olov chiqib, Abumalekni kuydirib yoʻq qilsin.”
21Soʻng Yoʻtom Abumalekdan qoʻrqqanidan Ber hududiga qochib qoldi.
22Abumalek uch yil Isroilda hukmronlik qildi. 23Xudo esa Abumalek va Shakam beklari orasida nizo chiqarish uchun bir ruh yubordi. Shuning uchun Shakam beklari Abumalekka xoinlik qilishdi. 24Bu hodisa Gidoʻnning yetmishta oʻgʻlini oʻldirgan Abumalekdan va uning bu jinoyatini qoʻllab turgan Shakam beklaridan qasos olinishining daragi edi. 25Shunday qilib, Shakam beklari Abumalekka qarshi togʻlarning tepalarida, pistirmalarda odamlarini oʻtirgʻizib qoʻyishgandi. Ular oʻtgan–ketganlarni talab, bor–yoʻgʻini tortib olishardi. Abumalek bundan xabar topdi.
26Gal ismli bir odam oʻz ogʻa–inilari bilan Shakamga koʻchib keldi. U Shakam beklarining ishonchini qozondi. Gal Evid degan odamning oʻgʻli edi. 27Shakamliklar dalaga chiqib, uzumzorlaridan uzum terishdi, uni ezib sharob tayyorlashdi, soʻng ziyofat qilishdi. Ular xudosining uyida oʻtirib, ziyofat qilishar ekan, yeb–ichib Abumalekni mazax qilishdi: 28“Abumalek kim boʻlibdiki, biz, Shakamliklar, unga xizmat qilsak? — shangʻillab gapini boshladi Gal. — Padari buzrukvorimiz Xamoʻr bu shaharga asos solgan edi. Shunday ekan, Xamoʻr naslidan boʻlgan bironta odam bizga hukmronlik qilishi kerak. Abumalek esa yetti yot begona boʻlgan Gidoʻnning oʻgʻli–ku! Nega biz uning va hokimi Zabulning oldida bosh egishimiz kerak ekan? 29Agar bu odamlar qoʻlim ostida boʻlganda edi, Abumalekni oʻzim yoʻq qilardim! Unga, lashkaringni koʻpaytirib, jangga chiq, degan boʻlardim.”
30Shahar hokimi Zabul Galning bu soʻzlarini eshitgach, gʻazabi alanga oldi. 31U bildirmay Abumalekning oldiga chopar joʻnatib#9:31 U bildirmay Abumalekning oldiga chopar joʻnatib… — yoki U Armaxdagi Abumalekning oldiga chopar joʻnatib…. dedi: “Qarang, Evid oʻgʻli Gal butun urugʻi bilan Shakamga kelib, shaharni sizga qarshi qoʻzgʻatmoqda. 32Shuning uchun yarim tunda lashkaringiz bilan yoʻlga tushib, dalalarda yashirining. 33Ertasiga saharda turib, shaharga qoʻqqisdan hujum qiling. Gal qoʻshinlari bilan sizlarga qarshi chiqqanda qoʻlingizdan kelganicha ular bilan olishing.”
34Shunday qilib, Abumalek lashkari bilan yarim tunda yoʻlga tushdi. Ular toʻrt qismga boʻlinib Shakam yaqinida pisib yotishdi.
35Gal chiqib shahar darvozasida turganda, Abumalek bir qism lashkari bilan qirlar orqasidan chiqib keldi. 36Gal ularni koʻrgach, Zabulga dedi:
— Qarang! Qirlardan odamlar tushib kelmoqda!
— Qoʻysang–chi, — dedi Zabul. — Qirlar soyalari koʻzingga odamlar boʻlib koʻrinyapti.
37— Qarang, qirlardan odamlar pastga tushib kelishyapti, boshqa bir qismi esa folbinlarning daraxti#9:37 folbinlarning daraxti — ibroniycha matnda Elon–Moʻnanim, maʼnosi folbinlarning eman daraxti. tomonidan yaqinlashyapti, — dedi yana Gal.
38— Katta ketib: “Abumalek kim boʻpti biz unga xizmat qilsak?” deb gapirgan sen emasmiding?! — dedi shunda Zabul, — sen mana shu lashkarni mazax qilgan eding–ku. Qani, boʻl, endi chiqib ular bilan jang qil.
39Shakam beklari Gal boshchiligida chiqib, Abumalekka qarshi jang qilishdi. 40Abumalek Galni quvib ketdi, ammo Gal qochib qoldi. Oʻsha kuni Shakam sipohlarining koʻplari halok boʻldi, butun jang maydoni to shahar darvozasigacha jasadlarga toʻldi.
41Abumalek Armaxda#9:41 Armax — Shakamdan qariyb 8 kilometr masofada joylashgan shahar. oʻrnashdi, Zabul esa Galni barcha qarindoshlari bilan Shakamdan quvib yubordi. Ular endi Shakamda yashay olmas edilar.
42Ertasi kuni Shakamliklar yumushlarini bajarmoq uchun dalalarga chiqmoqchi ekanligidan Abumalek xabardor boʻldi. 43U lashkarini uch qismga boʻldi. Lashkar dalalardagi qirlarda pisib yotdi. Abumalek shahardan chiqib kelayotgan odamlarni koʻrib, lashkari bilan ularga hamla qildi. 44Lashkarning bir qismi Abumalek boshchiligida shahar darvozasini qoʻlga kiritdi. Ular shahar darvozasi oldidan siljimadilar. Lashkarning qolgan ikki qismi esa daladagi odamlarga hujum qilib, ularni qirib tashladi. 45Oʻsha kuni Abumalek kun boʻyi shaharga qarshi jang qildi. Oxiri shaharni qoʻlga oldi. U yerdagi hamma odamni qatl qildi. Shaharni esa vayron qilib, ustidan tuz sochib tashladi#9:45 …ustidan tuz sochib tashladi — bu harakat Abumalekning bu shaharda endi hech narsa oʻsmaydi, hech kim yashamaydi, deb laʼnatlaganining ramzi boʻlishi mumkin (Qonunlar 29:23, Zabur 106:34, Yeremiyo 17:6 ga qarang)..
46Shakam qalʼasining beklari buni eshitgach, oʻsha yerdagi Baal–Berit#9:46 Baal–Berit — ibroniycha matnda El–Berit. Maʼnosi ahd xudosi, Baal–Beritning yana bir nomi (8:33 ga va shu bobning 4–oyatiga qarang). uyining qoʻrgʻoniga kirib, bekinib oldilar. 47Beklarning hammasi qoʻrgʻonda ekanligidan xabardor boʻlgan Abumalek 48lashkari bilan Zalmon togʻining#9:48 Zalmon togʻi — Shakam shahri yaqinida joylashgan Ebal togʻining yoki Garizim togʻining yana bir nomi. tepasiga chiqdi. Qoʻlidagi bolta bilan bir bogʻlam oʻtin kesib, orqasiga ortib oldi. Soʻng lashkariga: “Qani, sizlar ham xuddi shunday qilinglar”, deb buyurdi. 49Sipohlarning har biri bir bogʻlamdan oʻtin kesib oldi. Ular Abumalekka ergashib oʻtinlarni qoʻrgʻonning atrofiga terib chiqdilar, soʻng qalʼaga oʻt qoʻydilar. Qalʼadagi hamma odamlar halok boʻldi. U yerda mingtacha ayol va erkak kishi bor edi.
50Shundan soʻng Abumalek Tavoz shahriga yoʻl oldi. Shaharni qamal qilib, qoʻlga kiritdi. 51Ammo shaharning ichida juda baland bir qoʻrgʻon bor edi. Shahardagi ayolu erkaklar, hamma shahar beklari oʻsha qoʻrgʻon ichiga qochib kirishdi. Ular eshiklarni tambalab, tomga chiqib olishdi. 52Abumalek qoʻrgʻondagilarga qarshi jang qildi, unga oʻt qoʻymoqchi boʻlib, yoniga bordi. 53Shu payt bir ayol tepadan tegirmon toshini uloqtirib, Abumalekning boshini yorib yubordi. 54Jon talvasasida Abumalek qurolbardorini yoniga chaqirib:
— Boʻl, qilichingni sugʻurib meni oʻldir, — dedi, — yana odamlar: “Uni ayol kishi oʻldirdi”, deb yurishmasin.
Shunda yigit qilich suqib, Abumalekni oʻldirdi. 55Odamlar Abumalekning oʻlganini koʻrib uylariga tarqalib ketishdi. 56Otasiga xiyonat qilib, yetmishta aka–ukasini oʻldirgan Abumalekni Xudo shu yoʻsinda jazolagan edi. 57Shuningdek, Shakamliklarning ham qilgan qabihliklari uchun taʼzirini bergan edi. Ular Gidoʻn oʻgʻli Yoʻtomning qargʻishiga yoʻliqdilar.

Currently Selected:

Hakamlar 9: O‘zbMK

Highlight

Share

Copy

None

Want to have your highlights saved across all your devices? Sign up or sign in