YouVersion Logo
Search Icon

Hakamlar 21

21
21–BOB
Benyamin yigitlari uchun kelinlar
1Isroil xalqi Mispaxdagi#21:1 Mispax — 20:1 izohiga qarang. yigʻinda: “Birontamiz ham Benyamin qabilasiga qiz uzatmaymiz”, — deb ont ichgan edi. 2Benyamin qabilasi bilan boʻlgan urushdan keyin Isroil xalqi Baytilga#21:2 …Baytilga… — yoki …Xudoning uyiga…, chunki ibroniycha matndagi baytil soʻzining maʼnosi Xudoning uyi demakdir. Bu ibroniycha soʻz odatda Quddusdan qariyb 19 kilometr shimolda joylashgan Baytil shahriga nisbatan ishlatiladi, lekin bu oʻrinda Shiloʻdagi sajdagoh nazarda tutilgan boʻlishi mumkin (18:31 ga va oʻsha oyatning izohiga qarang). borib, Xudoning huzurida kechgacha oʻtirdi. Ular faryod koʻtarib: 3“Ey Isroil xalqining Xudosi — Egamiz, nega bunday koʻrgilik boshimizga tushdi?! Nega Isroilning bir qabilasi yoʻq boʻlib ketdi?!” deya achchiq–achchiq yigʻladilar.
4Ertasi kuni odamlar barvaqt turib, u yerda qurbongoh qurdilar. Ular kuydiriladigan qurbonliklar va tinchlik qurbonliklarini keltirdilar. 5Keyin bir–birlaridan: “Isroil qabilalaridan Egamiz huzurida oʻtkazilgan yigʻinga kelmaganlar bormi?” deb soʻradilar. Chunki ular, Mispaxda — Egamiz huzurida oʻtkazilgan yigʻinda ishtirok etmagan har bir kishining jazosi oʻlimdir, deb qatʼiy bir qasam ichgan edilar. 6Isroil xalqi oʻz jigari boʻlgan Benyamin qabilasiga achinib: “Evoh, bugun Isroilning bir qabilasi yoʻq boʻldi”, deya koʻp oʻkindi. 7“Oʻsha qabiladan faqatgina bir nechta yigit omon qoldi, xolos. Endi ular uchun qayerdan qiz topamiz? Birontamiz ularga qiz uzatmaymiz, deb Egamizning nomi bilan qasam ichgan edik–ku!”
8Isroil xalqi: “Mispaxdagi yigʻinda qatnashmaganlar bormi?” deya surishtira boshladi. Shunda Giladdagi Yobosh shahrining aholisi yigʻinda qatnashmaganligi maʼlum boʻldi. 9Chunki yoʻqlama qilinganda oʻsha shahardan hech kim yoʻq edi. 10Butun jamoa oʻn ikki ming jangchini tanlab, ularga: “Boringlar, Giladdagi Yobosh shahrining butun aholisini qirib tashlanglar, xotinu bola–chaqalarini ham ayamanglar!” dedi. 11“Har bir erkak va er koʻrgan har bir ayol oʻldirilsin.” 12Jangchilar Yobosh#21:12 Yobosh — Giladdagi shahar. Gilad — Iordan daryosining sharq tomonidagi oʻlka. aholisining orasidan toʻrt yuzta er koʻrmagan, yosh bokira qizni topib, ularni Kanʼon yurtidagi Shiloʻ qarorgohiga olib keldilar.
13Keyin butun jamoa Rimmon qoyasidagi Benyamin odamlariga xabar yuborib, tinchlik eʼlon qildi. 14Benyamin odamlari oʻz uylariga qaytib borishdi. Isroil xalqi Giladdagi Yobosh aholisining omon qolgan qizlarini ularga turmushga berdi. Ammo qizlarning soni Benyamin odamlariga qaraganda kamroq edi.
15Isroil xalqi Benyamin qabilasiga nihoyatda achinar edi, chunki Egamiz ularni deyarli yoʻq qilib yuborgan edi. 16Shunda jamoa oqsoqollari shunday dedilar:
— Obbo, endi qolgan Benyamin oʻgʻillariga qayerdan qiz topib beramiz? Ularning qabilasidan bironta qiz ham tirik qolmadi–ku! 17Benyamin qabilasi Isroildan batamom yoʻq boʻlib ketmasligi uchun omon qolganlari nasl qoldirishlari kerak. 18Lekin shunisi ham borki, biz: “Benyamin qabilasiga qiz uzatgan laʼnati boʻlgay!” deb qasam ichib qoʻydik, endi ularga qiz uzata olmaymiz.
19Shunda odamlardan bittasi:
— Ha, aytgancha, Egamizga bagʻishlab Shiloʻda har yili oʻtkaziladigan bayram haqida nima deysizlar? — dedi. — Lavoʻn va Baytil shaharlarining oʻrtasida joylashgan bu shahar, Baytildan Shakamga ketadigan yoʻlning shundoq yonginasida–ku.
20Oqsoqollar Benyamin qabilasidan boʻlgan boʻydoq yigitlarga shunday uqtirdilar:
— Boringlar, uzumzorlarda yashirinib, 21poylab turinglar. Shiloʻ qizlari oʻyinga chiqqanda, uzumzordan chiqib, har biringiz oʻzlaringiz uchun qiz olib qochinglar. 22Qizlarning otalari yoki aka–ukalari oldimizga shikoyat qilib keladigan boʻlishsa, biz ularga shunday deymiz: “Qizlaringizni olib qolishimizga ijozat beringlar. Tushuninglar axir, biz Giladdagi Yoboshga hujum qilganimizda Benyamin yigitlari uchun yetarlicha qiz olib kela olmadik. Garchi Benyamin yigitlari qizlaringizni olib qochgan boʻlsa–da, sizlar qasamni buzgan hisoblanmaysizlar.”
23Benyamin odamlari Shiloʻga borib, uzumzorlarda yashirinib oldilar. Qizlar raqsga tushganlarida ular oʻzlari uchun bittadan qiz olib qochdilar. Soʻng olib qochgan qizlari bilan uylariga qaytib ketdilar, shaharlarini tiklab, oʻsha joyda yashadilar. 24Butun Isroil jamoasi ham uy–uylariga, qabilalari va oilalariga qaytib bordi.
25Oʻsha davrlarda Isroilda shoh yoʻq edi. Har bir odam bilganini qilar edi.

Currently Selected:

Hakamlar 21: O‘zbMK

Highlight

Share

Copy

None

Want to have your highlights saved across all your devices? Sign up or sign in