YouVersion Logo
Search Icon

Hakamlar 20

20
20–BOB
Isroil xalqi urushga tayyorlanadi
1Dan va Bersheba shaharlarining orasidagi keng hududda va Gilad oʻlkasida yashagan butun Isroil xalqi bir yoqadan bosh chiqarib, Egamiz huzurida Mispaxda#20:1 Mispax — Quddusdan qariyb 8 kilometr shimolda joylashgan shahar. 20-21–boblarda tilga olingan bu Mispax shahri 10-12–boblardagi Mispax shahridan boshqa. toʻplandi. 2Xudo ahlining yigʻinida jamiki Isroil qabilalarining yoʻlboshchilari va 400.000 qurollangan piyoda sipoh qatnashdi. 3Mispaxdagi yigʻin haqidagi xabar tez orada Benyamin qabilasiga ham yetib bordi.
Isroil xalqi shunday dedi:
— Bu jinoyat qanday qilib yuz berganini bizga aytib ber.
4Oʻldirilgan ayolning eri levi javob berdi:
— Men xotinim#20:4 xotinim — 19:1 izohiga qarang. bilan tunamoq uchun Benyamin qabilasiga qarashli Givo shahriga bordim. 5Kechasi Givoning baʼzi bir odamlari uyni oʻrab olishdi. Ular meni oʻldirmoqchi boʻlib, mening oʻrnimga xotinimni shu qadar zoʻrlashdiki, bechora jon berdi. 6Aql bovar qilmaydigan bu razolat Isroilda sodir boʻldi! Shuning uchun men xotinimning jasadini boʻlak–boʻlak qilib, boʻlaklarni Isroil boʻylab joʻnatdim. 7Endi esa birodarlarim, hammalaringiz shu haqda mulohaza qilib, biron–bir maslahat beringlar.
8Yigʻinda ishtirok etganlar turib bir ovozdan:
— Birontamiz ham oʻz chodirimizga yoki uyimizga qaytib ketmaymiz, — dedi. 9— Biz bunday qilamiz: Givoga qarshi jang qilishdan oldin, shaharga kim hujum qilishi kerakligini Xudodan soʻrab, qurʼa tashlaymiz#20:9 …Xudodan soʻrab, qurʼa tashlaymiz — qurʼa tashlashda yogʻoch boʻlaklari yoki toshlar ishlatilgan boʻlib, shu orqali Xudoning xohish–irodasi aniqlangan. Baʼzan odamlar qurʼa tashlab, Xudodan biror ishni qanday yoki qachon qilish kerakligini soʻrashgan.. 10Isroil xalqining oʻndan bir qismi jangchilarni oziq–ovqat bilan taʼminlab turadi. Qolganlar esa Benyamin yeridagi Givo#20:10 Givo — ibroniycha matnda bu nomning boshqa varianti Gebo. aholisini Isroilda qilgan sharmandaligi uchun jazolaydi.
11Shunday qilib, butun Isroil xalqi bir yoqadan bosh chiqarib, shaharga hujum qilish uchun toʻplandi.
12Isroil qabilalari Benyamin qabilasi boʻylab odamlarni yuborib dedilar: “Ey xaloyiq, orangizdagi ayrim odamlar dahshatli bir jinoyatga qoʻl urdi. 13Givodagi yaramaslarni hoziroq bu yerga chiqaringlar, biz ularni oʻldirib, Isroil xalqi orasidan yovuzlikni yoʻq qilamiz.” Ammo Benyamin qabilasi Isroil xalqining gaplariga quloq solmadi. 14Ular shaharlaridan chiqib, Isroil xalqiga qarshi jang qilish uchun Givoga bordilar. 15Oʻsha kuni Givo shahridan boʻlgan yetti yuzta saralangan jangchidan tashqari Benyamin qabilasining boshqa shaharlaridan kelgan qurollangan sipohlarning soni yigirma olti ming edi. 16Bularning orasida yetti yuz nafar chapaqay askar bor edi. Ularning hammasi mohir mergan edi. Ularga bir tola sochni nishon qilib qoʻygan taqdirda ham palaxmondan tosh otib, moʻljalga bexato tekkizishardi. 17Isroil xalqi esa Benyamin qabilasidan ajralgan holda 400.000 qurollangan mohir jangchini toʻpladi.
Benyamin qabilasiga qarshi jang
18Isroil lashkari Baytil shahridagi sajdagohga#20:18 …Baytil shahridagi sajdagohga… — yoki …Xudoning uyiga…, chunki ibroniycha matndagi baytil soʻzining maʼnosi Xudoning uyi demakdir. Bu ibroniycha soʻz odatda Quddusdan qariyb 19 kilometr shimolda joylashgan Baytil shahriga nisbatan ishlatiladi, lekin bu oʻrinda Shiloʻdagi sajdagoh nazarda tutilgan boʻlishi mumkin (18:31 ga va oʻsha oyatning izohiga qarang). chiqib: “Oramizdan kim birinchi boʻlib Benyamin qabilasiga hujum qilishi kerak?” — deya Xudoga iltijo qildi.
“Yahudo qabilasi hujum qilsin”, — deb javob berdi Egamiz.
19Keyingi kuni ertalab Isroil lashkari borib, Givo shahrining yaqinida qarorgoh qurdi. 20Soʻng ular Benyamin jangchilariga hujum qilish uchun Givo shahrining roʻparasida saf tortishdi. 21Benyamin jangchilari Givodan chiqib, Isroil lashkari bilan jang qilishdi. Oʻsha kuni yigirma ikki ming Isroil sipohi halok boʻldi. 22-23Isroil lashkari Egamizning huzuriga borib, kechgacha faryod qildi. Ular Egamizdan: “Benyamin qarindoshimizga qarshi yana jang qilaylikmi?” — deb soʻrashdi. “Ularga hujum qilinglar”, — deb javob berdi Egamiz. Isroil lashkari koʻtarinki ruhda ilgarigiday avvalgi joyda saf tortdi.
24Ular ikkinchi kuni ham Benyamin jangchilariga qarshi jang qilishdi. 25Oʻsha kuni Benyamin jangchilari Givodan chiqib, yana oʻn sakkiz ming mohir Isroil sipohini oʻldirishdi. 26Shunda Isroil lashkari Baytilga#20:26 Baytil — shu bobning 18–oyati izohiga qarang. qaytib, yigʻi–sigʻi qildi. Ular oʻsha kuni kechgacha Egamizning huzurida oʻtirib roʻza tutishdi. Egamiz huzurida kuydiriladigan qurbonliklar va tinchlik qurbonliklarini keltirishdi.
27-28Xudoning Ahd sandigʻi oʻsha yerda — Baytilda turgan edi, Elazar oʻgʻli Finxaz esa Ahd sandigʻi yonida oʻz xizmatini ado etardi. Finxaz Horunning nabirasi edi.
Isroil lashkari Egamizdan: “Qarindoshimiz Benyamin qabilasiga qarshi jang qilaylikmi, yoʻqmi?” — deb soʻradi.
“Jang qilinglar, — deb javob berdi ularga Egamiz. — Ertaga Men ularni sizlarning qoʻlingizga beraman.” 29Isroil lashkari Givoning tevarak–atrofidagi pistirmalarga odamlarni oʻtirgʻizib qoʻydi. 30Oʻzlari esa uchinchi marta Benyamin jangchilariga qarshi jang qilish uchun Givo roʻparasida oldingiday saf tortishdi. 31Benyamin jangchilari urushga chiqishdi. Isroil lashkari ilgarigidek chekina boshladi. Benyamin jangchilari Isroil lashkarini taʼqib qilib, shahardan uzoqlashib qolishdi. Ular Baytil va Givoga ketadigan katta yoʻllarda va ochiq maydonlarda oʻttiztacha Isroil sipohini oʻldirishdi. 32Benyamin jangchilari: “Bular oldingiday tumtaraqay boʻlishyapti”, deb oʻylashgan edi. Aslida esa Isroil lashkari ularni shahardan uzoqlashtirish niyatida shunday qilayotgan edi.
33Isroil lashkarining asosiy qismi jang maydonini orqaga — Baal–Tamar shahri tomon tortdi. Shunda birdaniga Gebo tekisligidagi#20:33 …Gebo tekisligidagi… — ibroniycha matndan. Qadimiy yunoncha va lotincha tarjimalarda Givodan gʻarbdagi. Gebo shahri Benyamin qabilasiga qarashli hududda, yaʼni Givodan qariyb 4 kilometr shimoli–sharqda joylashgan. pistirmada yotgan sipohlar chiqishdi. 34Isroil lashkarining oʻn ming saralangan jangchisi Givoga hujum qildi va u yerda qattiq jang boshlandi. Benyamin jangchilari bunday falokat yuz berishini kutishmagan edi.
35Egamiz ularni Isroil lashkari oldida magʻlub qildi. Oʻsha kuni Isroil lashkari qurollangan 25.100 Benyamin jangchisini oʻldirdi. 36Shunda Benyamin jangchilari magʻlubiyatga uchraganlarini tushunishdi.
Isroil lashkarining asosiy qismi Benyamin jangchilari oldida chekingan edi. Shu orqali ular Givo atrofidagi pistirmalarda oʻtirgan Isroil sipohlariga shaharga hujum qilish uchun qulay vaziyat yaratib bergan edilar. 37Pistirmadagi sipohlar Givo tomon otildilar. Ular shahardagi bor odamni qirib tashladilar. 38Isroil lashkarining asosiy qismi bilan pistirmadagi sipohlar oʻzaro shunday kelishib olgandilar: shahardan quyuq tutun chiqishi bilanoq, 39Isroil lashkarining asosiy qismi orqaga qaytib jang qilishi kerak edi.
Shu orada Benyamin jangchilari oʻttiztacha Isroil sipohini oʻldirgan edilar. Shu sababdan ular: “Isroil lashkari ilgarigiday chekinishi aniq”, deb oʻylagan edilar. 40Biroq ortga qaraganlarida shahardan quyuq tutun bulut boʻlib koʻtarilganini va butun shahar yongʻin ostida qolganini koʻrdilar. 41Shunda Isroil lashkarining asosiy qismi ortiga qaytdi. Benyamin jangchilari esa magʻlubiyatga uchraganlarini anglab, sarosimaga tushdilar. 42Ular Isroil lashkaridan qochmoqchi boʻlib, sahro tomon yugurdilar, ammo qirgʻindan qochib qutula olmadilar. Chunki shahardan chiqib kelayotgan sipohlar bilan Isroil lashkarining asosiy qismi ularni ikki tomondan siqib kelayotgan edi. 43Isroil lashkari Benyamin jangchilarini qurshovga olib, Givoning sharq tomonigacha ularni toʻxtamay taʼqib qilib, oʻldirdi. 44Benyamin qabilasining oʻn sakkiz ming bahodir jangchisi halok boʻldi. 45Boshqalari esa sahrodagi Rimmon qoyasiga qarab qochishdi. Isroil lashkari ulardan besh mingtasini katta yoʻllarda qirib tashladi, qolganlarini esa Gidoʻmgacha taʼqib qilib, yana ikki mingtasini oʻldirdi. 46Oʻsha kuni Benyamin qabilasidan jami yigirma besh ming qurollangan dovyurak jangchi halok boʻldi. 47Ammo olti yuzta sipoh sahrodagi Rimmon qoyasiga qochishga muvaffaq boʻldi. Ular toʻrt oy mobaynida u yerda yashab yurdilar. 48Isroil lashkari Benyamin shaharlariga qaytib, u yerda qolgan–qutgan odamlarni, mollarni, barcha jonzotni qirib tashladi, atrofdagi shaharlarga oʻt qoʻydi.

Currently Selected:

Hakamlar 20: O‘zbMK

Highlight

Share

Copy

None

Want to have your highlights saved across all your devices? Sign up or sign in