YouVersion Logo
Search Icon

Hakamlar 19

19
19–BOB
Givo aholisi ogʻir gunoh qiladi
1Isroilda shoh boʻlmagan oʻsha davrlarda Efrayim qirlarining kimsasiz joyida Levi qabilasidan bir odam yashardi. U Yahudo hududidagi Baytlahm shahridan bir choʻrini#19:1 choʻri — ibroniycha matnda bu soʻzning maʼnosi quyidagicha: choʻri boʻlgan ayollar qonuniy xotin boʻlmasalar–da, xoʻjayinlari ular bilan jinsiy aloqada boʻlishgan. Qadimgi paytlarda bu ayollarning jiddiy qonuniy huquqlari boʻlib, xoʻjayinlari ularning erlari sifatida boʻlgan. Bu ibroniycha soʻz bu matnning qolgan qismida (19:1-20:6) xotin deb tarjima qilingan. oʻziga xotin qilib oldi. 2Ammo xotini unga bevafolik qilib, otasining uyiga — Yahudodagi Baytlahmga qaytib ketdi. Oradan toʻrt oy oʻtdi. 3Levi esa u bilan yarashmoqchi boʻlib, orqasidan bordi. U oʻzi bilan xizmatkori va bir juft eshagini olgan edi. Ular xotinining qizlik uyiga yetganlarida, levining qaynatasi ularni xursand boʻlib qarshilab oldi. 4U qoʻymay, ularni uyida uch kun mehmon qildi. Ular yeb–ichib, u yerda tunadilar. 5Toʻrtinchi kuni levi barvaqt turib yoʻlga shaylandi. Qaynatasi esa unga: “Yoʻlga chiqishdan oldin choy–poy ichib oling, oʻgʻlim, quvvat boʻladi, keyin ketarsizlar”, — dedi. 6Shunda ular oʻtirib, birga yeb–ichishdi. Keyin qizning otasi: “Bugun ham qolib dam olsangizlar boʻlardi”, — dedi. 7Levi ketmoqchi boʻlib oʻrnidan turganda ham uni yana qoʻyarda–qoʻymay uyida olib qoldi. 8Beshinchi kuni levi ketmoqchi boʻlib erta bilan saharda turganda, qizning otasi unga: “Choy–poy ichib oling, kechroq ketarsizlar”, — dedi. Ular oʻtirib yeb–ichishdi.
9Levi xotini va xizmatkori bilan ketmoqchi boʻlib dasturxondan turganda, qaynatasi unga shunday dedi: “Qarang, oʻgʻlim, kech boʻlib qoldi. Shu yerda tunab qolaqolinglar. Kun ham ogʻib qolibdi. Bu yerda qolib, damingizni olinglar. Ertaga esa saharda turib uylaringizga ketarsizlar.”
10Levi koʻnmay yoʻlga tushdi. Xotini va xurjun ortilgan bir juft eshagi bilan yoʻl yurib Yobus shahriga, yaʼni Quddusga yetib oldi. 11Ular Yobusga yaqinlashganlarida kech kirib qolgandi. Xizmatkor xoʻjayiniga dedi: “Keling, Yobus xalqining shahriga kirib, u yerda tunab qolaylik.” 12“Yoʻq, — dedi xoʻjayin. — Isroil xalqiga yot boʻlgan begonalarning shahriga kirmaymiz, undan koʻra, yoʻlimizni davom qilib, Givoga boramiz.” 13Levi gapida davom etib xizmatkoriga dedi: “Kel, ikkovidan biriga — Givoga yoki Ramaga#19:13 …Givo…Rama… — Quddusdan Givogacha boʻlgan masofa taxminan 5 kilometr, u yerdan Ramagacha boʻlgan masofa ham taxminan 5 kilometr edi. yetib olishga harakat qilaylik.” 14Ular yoʻlda davom etib, kunbotar paytida Benyamin qabilasiga qarashli Givo shahriga yaqinlashib qolishdi. 15Soʻng Givoda tunab qolmoqchi boʻlib, shahar tomon yoʻl olishdi–da, borib shaharning maydonida oʻtirishdi, ammo hech kim ularni tunash uchun uyiga taklif qilmadi.
16Oqshom kirganda, bir chol daladagi ishlarini tugatib qaytib kelayotgan edi. Givoda yashayotgan aholining aksariyat qismi Benyamin qabilasidan edi, ammo bu chol Givoga Efrayim qirlaridan kelib, endi shu yerlarda istiqomat qilayotgan edi. 17Chol shahar maydonida oʻtirgan musofirlarni koʻrib:
— Qayerdan kelib, qayerga ketyapsizlar? — deb soʻradi.
18Levi shunday javob berdi:
— Biz Yahudodagi Baytlahmga borgan edik, endi esa uyimizga — Efrayim qirlaridagi olis qishlogʻimizga qaytib ketyapmiz. Yoʻlda Egamizning uyini ham ziyorat qilib ketmoqchimiz, ammo bu yerdagilarning birontasi ham tunab qolishimiz uchun bizni uyiga taklif qilmayapti. 19Bizga turar joydan boʻlak hech narsa kerak emas. Oʻzimiz uchun non va sharobimiz bor. Eshaklarimizga ham yem–xashak gʻamlab kelganmiz.
20— Uyimga marhamat qilinglar, — dedi chol. — Men hamma kamchiliklaringizning gʻamini yeyman. Faqat koʻchada qolmasangizlar, bas!
21Chol ularni uyiga olib borib, eshaklariga yem berdi. Soʻng mezbonu mehmonlar oyoqlarini yuvib#19:21 …oyoqlarini yuvib… — odamlar u davrda usti ochiq oyoq kiyim kiyib yurishgan. Uzoq yoʻl yurib yoki dalada ishlab kelganlaridan keyin oyoqlarini yuvishgan. Bu odat tusiga kirgan edi. ovqatlanishdi.
22Ular dam olib oʻtirganlarida, birdaniga shaharning yaramas odamlari uyni oʻrab olishdi–da, eshikni tars–turs urib:
— Sening uyingga kelgan odamni bu yoqqa chiqar, biz u bilan birga boʻlishni istaymiz! — deya uy egasiga doʻq urishdi.
23Uyning egasi — chol ularning oldilariga chiqib:
— Yoʻq ukalarim, bunday jirkanch ish qilmanglar! — deb oʻtindi. — Bunday sharmandalik qilmanglar, axir, u mening mehmonim–ku. 24Mana, mening bokira qizim va u kishining xotini bor. Men ularni sizlarning oldingizga olib chiqay, ularni nima qilsangiz qilinglar, ammo bu odam bilan bunday xunuk ish qilmanglar.
25Lekin odamlar cholning gaplariga quloq solishmadi. Shunda levi xotinini itarib, ularning oldilariga chiqarib yubordi. Ular ayol bilan yotib, ertalabgacha uni zoʻrlashdi. Tong yorishayotganda esa qoʻyib yuborishdi. 26Saharda ayol kelib, xoʻjayini tunab qolgan cholning eshigi oldida yiqildi va tong otguncha u yerda qoldi.
27Ertalab xoʻjayini yoʻlga chiqmoqchi boʻlib, eshiklarni ochdi. Qarasa, eshik tagida xotini qoʻllarini ostonaga uzatib yotgan ekan. 28“Qani, tura qol, boʻl, ketyapmiz”, — dedi u. Lekin javob boʻlmadi#19:28 Lekin javob boʻlmadi — ibroniycha matndan. Qadimiy yunoncha tarjimada Lekin javob boʻlmadi, u oʻlik edi.. Keyin u xotinini eshagiga ortib, uyiga yoʻl oldi. 29U uyiga yetib kelgach, pichoq bilan xotinining jasadini oʻn ikki qismga boʻldi. Boʻlaklarni butun Isroil boʻylab Isroilning oʻn ikki qabilasiga yubordi. 30Buni koʻrgan har bir odam shunday deb aytardi: “Isroil xalqi Misrdan chiqqanidan beri bunday vahshiy hodisa sodir boʻlmagan. Endi oʻylab koʻraylik, mulohaza qilib hukm chiqaraylik!”

Currently Selected:

Hakamlar 19: O‘zbMK

Highlight

Share

Copy

None

Want to have your highlights saved across all your devices? Sign up or sign in

Video for Hakamlar 19