YouVersion Logo
Search Icon

Hakamlar 18

18
18–BOB
Mixo va Dan qabilasi
1Bu voqealar sodir boʻlgan davrda Isroilda shoh yoʻq edi. Dan qabilasi Isroil qabilalari orasida oʻziga ulush boʻlib tushgan yerni hanuz qoʻlga kiritmagani sababli istiqomat qilish uchun joy qidirib yurgan edi. 2Bir kuni ular oʻz qabilasining jamiki urugʻlari orasidan beshta jangchini tanlab: “Boringlar, yurtni sinchiklab tekshirib chiqinglar”, — deya ularni Zorox va Eshtoyoʻl shaharlaridan#18:2 Zorox va Eshtoyoʻl shaharlari — 13:25 ning birinchi izohiga qarang. joʻnatib yubordilar. Bu odamlar yoʻl yurib, Efrayim qirlaridagi Mixoning uyiga kelib qolishdi va tunni oʻsha yerda oʻtkazishdi. 3Ular Mixoning uyida boʻlganlarida yosh levini#18:3 levi — 17:7 ning ikkinchi izohiga qarang. shevasidan tanib qolishdi–da, uning oldiga borib:
— Bu yerga qanday qilib kelib qolding? Bu yerda nima qilib yuribsan? — deb soʻrashdi.
4U javob berib: “Mixo meni ishga oldi, ruhoniy qilib tayinladi”, — dedi. Mixo unga qilgan hamma yaxshiliklarini aytib berdi.
5Shunda ular leviga:
— Xudoga iltijo qilib, ishimiz oʻngidan kelish–kelmasligini bilib ber, — dedilar.
6— Hech narsadan xavotirlanmanglar. Egamizning Oʻzi sizlarga bu ishda madadkordir, — dedi ruhoniy.
7Beshala odam yoʻlga ravona boʻldi. Ular Layish shahriga kelib, u yerda Sidon#18:7 …Layish shahri…Sidon… — Layish shahri Isroilning eng shimoliy qismida joylashgan shahar edi. Sidon esa Finikiyaga qarashli shahar boʻlib, Isroildan shimolda, Oʻrta yer dengizi boʻyida joylashgan edi. aholisi kabi muloyim, xotirjam va tinch–totuv yashayotgan odamlarni koʻrishdi. Bundan tashqari, atrofdagi xalqlardan birontasi oʻsha xalqqa xavf solmagan, yurtiga tajovuz qilmagandi. Ular Sidondan ancha uzoqda boʻlib, atrofdagi shaharlar bilan hech qanday aloqa oʻrnatmagan edilar. 8Beshala odam Zorox bilan Eshtoyoʻlga — oʻz urugʻ–aymoqlarining oldiga qaytib borishdi.
— Bizga qanday xabar olib keldingizlar? — deb soʻradi ulardan qarindosh–urugʻlari.
9Ular shunday javob berishdi:
— Kelinglar, Layishga hujum qilaylik! Biz koʻrgan yurt nihoyatda yaxshi ekan. Nimaga qaqqayib turibsizlar?! Boʻlinglar, oʻsha yerga borib yurtni qoʻlga kiritaylik. 10U yerga borganlaringizda, xotirjam yashayotgan odamlarga duch kelasizlar. Barcha narsaga moʻl va keng bu yerni Xudo chindan ham qoʻlingizga beryapti.
11Dan qabilasining olti yuzta odami jang aslahalari bilan qurollanib, Zorox bilan Eshtoyoʻldan safarga otlanishdi. 12Ular yoʻl yurib, oʻz qarorgohini Yahudodagi Xirat–Yoʻrim shahrining gʻarb tomonida qurishdi. Shuning uchun oʻsha joy bugunga qadar#18:12 bugunga qadar — shu kitob yozilgan vaqtga ishora. Dan qarorgohi#18:12 Dan qarorgohi — 13:25 ning ikkinchi izohiga qarang. deb ataladi.
13U yerdan ular Efrayim qirlari tomon yoʻl olib, Mixoning uyiga yaqinlashib qolishdi.
14Shunda yurtni, aniqrogʻi, Layish shahrining atroflarini koʻrib chiqqan beshta odam birodarlariga deyishdi: “Bu xonadonlarning birida ruhoniylar libosi#18:14 ruhoniylar libosi — ibroniycha matnda efod (shu bobning 17, 18, 20–oyatlarida ham bor). 17:5 ga va oʻsha oyatning birinchi izohiga qarang., xonaki sanamlar#18:14 xonaki sanamlar — ibroniycha matnda terafim (shu bobning 17, 18, 20–oyatlarida ham bor). Odamlar bu sanamlardan fol ochishda foydalangan boʻlsalar kerak. va but borligidan xabarlaringiz bormi? Nima qilishimiz kerakligini yaxshi oʻylab koʻringlar.” 15Ular yosh levi turadigan Mixoning uyiga borib, levidan hol–ahvol soʻradilar. 16Olti yuzta qurollangan Dan qoʻshini darvozaning yonida turgan edi. 17Aygʻoqchilik qilgan beshta odam toʻppa–toʻgʻri ichkariga bostirib kirib, ruhoniylar libosi, xonaki sanamlar va kumush bilan qoplangan butni olmoqchi boʻldilar. Levi esa qurollangan olti yuzta odam bilan darvoza yonida qolgan edi. 18Aygʻoqchilar Mixoning uyiga kirib, ruhoniylar libosi, xonaki sanamlar va butni olganlarini koʻrgan levi ularga:
— Bu nima qilganlaringiz? — dedi.
19— Jim boʻl! — deb doʻq qildi ular. — Ovozingni oʻchirib biz bilan yur. Bizga maslahatchi va ruhoniy boʻl. Oʻzing oʻylab koʻr, sen bittagina xonadonga ruhoniy boʻlganing yaxshimi yoki Isroilning butun bir qabilasigami?
20Ruhoniyga bu taklif maʼqul keldi. U ruhoniylar libosi, xonaki sanamlar va kumush bilan qoplangan butni olib, Dan odamlari bilan ketdi.
21Dan odamlari bola–chaqalarini, chorvayu mol–mulkini oldinga oʻtkazib, safarlarini davom ettirishdi. 22Ular Mixoning uyidan ancha uzoqlashib qolganlarida, Mixo qoʻni–qoʻshnilarini toʻpladi–da, Dan odamlarining ketidan quvib ketdi. 23Soʻng ovozi boricha baqirib, Dan odamlarini chaqirdi. Ular esa orqaga oʻgirilib Mixoga:
— Tinchlikmi?! Shuncha odamni yetaklab kelibsan?! — dedilar.
24— Sizlar men yasattirgan xudolar bilan ruhoniyimni olib ketib, meni ship–shiydam qildingiz–ku. Yana: “Tinchlikmi?” deganingiz nimasi?! — deya javob berdi Mixo.
25— Ovozingni oʻchir, — dedi unga Dan odamlari. — Boʻlmasa, qoni qaynagan birodarlarimiz jagʻingni ezib, oʻzingni ham, uyingdagilarni ham yoʻq qilib yuborishadi.
26Dan odamlari yoʻldan qolmadilar. Mixo esa ularga bas kelolmasligini koʻrib, uyiga qaytib ketdi.
27Dan qabilasi Mixo yasattirgan narsalarni va uning xizmatida boʻlgan ruhoniyni Layishga olib bordilar. Ular Layishda tinch va xotirjam yashayotgan odamlarni qilichdan oʻtkazib, shaharga oʻt qoʻydilar. 28Layish aholisiga najot beradigan hech kim yoʻq edi, chunki Layish Sidondan juda uzoqda boʻlib, yaqin atrofidagi shaharlar bilan esa hech qanday aloqa oʻrnatmagan edi. Layish Bayt–Rexob shahri bilan bir vodiyda joylashgan edi. Dan qabilasi shaharni tiklab, u yerda oʻrnashib oldi. 29Shaharni esa ota–bobosi Yoqub#18:29 Yoqub — ibroniycha matnda Isroil, Yoqubning yana bir ismi (Ibtido 32:27-28 ga qarang). oʻgʻli Danning nomi bilan atadi. Dan shahrining eski nomi Layish edi. 30Dan qabilasi oʻzi uchun Mixodan tortib olgan, kumush bilan qoplangan butni oʻrnatdi. Gershom oʻgʻli Yoʻnatan esa ularga ruhoniy boʻldi. Yoʻnatan Musoning#18:30 Muso — ibroniycha matnda bu soʻz Manashe deya oʻqilsin deb, maxsus belgilangan. Qadimgi ibroniy kotiblari Musoning nomiga dogʻ tushirmaslik niyatida shunday qilgan boʻlishlari mumkin, chunki bu oʻrinda aniq Musoning avlodidan boʻlgan Yoʻnatanning butparastligi haqida gap ketyapti. nabirasi edi. Isroil xalqi surgun boʻlguniga qadar#18:30 Isroil xalqi surgun boʻlguniga qadar… — miloddan oldingi 722 yilda Isroil, yaʼni shimoliy shohlik Ossuriyaga surgun qilingan., Yoʻnatanning butun nasli ham Dan qabilasiga ruhoniylik qildi. 31Oʻsha davrda Xudoning uyi Shiloʻ shahrida#18:31 Shiloʻ shahri — Quddusdan qariyb 32 kilometr shimolda joylashgan boʻlib, Isroil xalqi sajda qiladigan asosiy joy boʻlib qolgan edi. Xudoga sajda qilish uchun boriladigan asosiy joy Shiloʻdagi Muqaddas chodir edi. Bu paytda hali Quddusdagi Maʼbad qurilmagan edi. joylashgan edi, ammo Dan qabilasi u yerga bormay, Mixo yasattirgan butga sajda qilib keldi.

Currently Selected:

Hakamlar 18: O‘zbMK

Highlight

Share

Copy

None

Want to have your highlights saved across all your devices? Sign up or sign in

Video for Hakamlar 18