Hakamlar 12
12
12–BOB
Efrayim qabilasi va Yiftox
1Efrayim qabilasi lashkarini toʻplab, Iordan daryosining narigi qirgʻogʻidagi Zofunga oʻtib Yiftoxga doʻq qildi:
— Nega sen Ommon xalqiga qarshi jang qilganingda bizni ham chaqirmading? Shu qilganing uchun biz seni uyingga qoʻshib yondirib yuboramiz!
2— Men sizlarni yordamga chaqirgan edim–ku, — dedi Yiftox. — Oʻshanda, bizga jabr–zulm oʻtkazgan Ommon xalqi bilan qattiq janjallashib qolganimda, oʻzingiz menga yordam bermadingiz–ku! 3Sizlar menga yordam bermasligingizni bila turib, jonimni xatar ostiga qoʻydim–da, Ommon xalqining ustiga bostirib borib hujum qildim. Egamiz esa ularni mening qoʻlimga berdi. Nima uchun endi sizlar kelib menga qarshi urush qilmoqchisizlar?!
4Efrayim qabilasidan boʻlganlar Gilad avlodini haqoratlab: “Giladliklar kim boʻlibdi?! Ular bor–yoʻgʻi Efrayim qochoqlari–ku, ular hatto Efrayim va Manashe yerlarida yashab yurishibdi”, deb aytgan edilar. Shuning uchun Yiftox Gilad avlodidan boʻlgan barcha erkaklarni yigʻib, Efrayim qabilasi bilan jang qildi. Efrayim qabilasi bu jangda magʻlub boʻldi.
5Efrayim qabilasining omon qolgan jangchilarini qoʻlga tushirish uchun Yiftox Iordan daryosining kechuv joylariga soqchilarni qoʻydi. Qachonki Efrayim qochoqlaridan biri kelib: “Oʻtib ketay”, deb ruxsat soʻraganda, soqchilar: “Mabodo Efrayim qabilasidanmasmisan?” deya savol berishardi. Qochoq: “Yoʻq”, deb javob bergach, 6ular unga: “Unday boʻlsa, Shibbolet, degin”, deyishar edi. Oʻsha odam: “Sibbolet”, deb aytar edi, chunki Efrayim qabilasidagilar “Shibbolet” soʻzini toʻgʻri talaffuz qila olmas edilar. “Sibbolet” degan odamni soqchilar Iordan kechuv joyining oʻzidayoq oʻldirishardi. Oʻsha kuni Efrayim qabilasidan qirq ikki ming nafar odam halok boʻldi.
7Giladlik Yiftox olti yil Isroil xalqiga hakam#12:7 hakam — 2:16 izohiga qarang. boʻldi. Soʻng olamdan koʻz yumib, Gilad oʻlkasidagi shaharlarning birida dafn qilindi.
Ibsan, Eloʻn va Abdoʻn
8Undan keyin Isroil xalqiga Baytlahmlik#12:8 Baytlahm — bu oʻrinda Quddusdan janubda joylashgan shahar emas, Zabulun qabilasining hududida joylashgan kichkina bir shaharcha haqida gap ketayotgan boʻlishi mumkin. Ibsan hakam boʻldi. 9Uning oʻttiz oʻgʻli bilan oʻttiz qizi bor edi. U qizlarini urugʻidan tashqariga uzatib, oʻgʻillariga kelinlarni ham boshqa urugʻlardan olib bergandi. Ibsan yetti yil Isroil xalqiga hakam boʻldi. 10Soʻng olamdan oʻtib, Baytlahmda dafn qilindi.
11Undan keyin Zabulun qabilasidan boʻlgan Eloʻn ismli bir kishi hakam boʻldi. U oʻn yil davomida Isroilga rahnamolik qildi. 12Eloʻn olamdan koʻz yumdi va Zabulun hududidagi Oyjavlonda dafn qilindi.
13Undan keyin Piratonlik Xilliyolning oʻgʻli Abdoʻn hakam boʻldi. 14Uning qirqta oʻgʻli va oʻttizta oʻgʻil nabirasi bor edi. Ular yetmishta eshakni minib yurishardi#12:14 …yetmishta eshakni minib yurishardi — bu badavlat oila ekanini bildirar edi.. Abdoʻn sakkiz yil Isroil xalqiga hakam boʻldi. 15Soʻng Abdoʻn ham olamdan oʻtdi va Efrayim qirlaridagi ona shahri Piratonda dafn etildi. Ilgarilari oʻsha joylar Omolek xalqiga tegishli boʻlgan.
Currently Selected:
Hakamlar 12: O‘zbMK
Highlight
Share
Copy
![None](/_next/image?url=https%3A%2F%2Fimageproxy.youversionapi.com%2F58%2Fhttps%3A%2F%2Fweb-assets.youversion.com%2Fapp-icons%2Fen.png&w=128&q=75)
Want to have your highlights saved across all your devices? Sign up or sign in
© Muqaddas Kitobni tarjima qilish instituti, 2016, 2018, 2020