Hakamlar 13
13
13–BOB
Shimshoʻnning tugʻilishi
1Isroil xalqi yana Egamizning oldida qabih ishlar qilgani uchun, Egamiz ularni qirq yilga Filist xalqining qoʻliga berdi.
2Oʻsha zamonda Zoroxlik bir odam bor edi. U Dan qabilasidan#13:2 Dan qabilasi — bu paytda Dan qabilasi Filistlar yashaydigan dengiz sohili boʻyidagi tekisliklar yonida, Isroil yurtining janubi–gʻarbida oʻrnashgan edi. Keyinroq Dan qabilasi shimolga koʻchdi (18–bobga qarang). boʻlib, ismi Monuvax edi. Uning xotini bepusht boʻlib, farzandi yoʻq edi. 3Bir kuni Egamizning farishtasi ayolga zohir boʻlib shunday dedi: “Sen shu paytgacha bola koʻrishga ojiz eding, ammo koʻp oʻtmay sen homilador boʻlib, oʻgʻil tugʻasan. 4Sharob va oʻtkir ichimliklarni endi icha koʻrma, harom narsani ham yema, 5chunki sen homilador boʻlib, oʻgʻil koʻrasan. Bola tugʻilishi bilanoq Xudoga nazr qilingay#13:5 …Xudoga nazr qilingay… — ibroniycha matnda alohida bir soʻz ishlatilgan boʻlib, bu soʻz Xudoga xizmat qilish uchun maxsus vaʼda bergan odamni bildiradi. Baʼzi insonlar maxsus vaʼda berib, oʻzlarini birmuncha vaqt Xudoning xizmatiga bagʻishlar edilar. Baʼzi birovlar esa tugʻilgan paytlaridanoq shu vaʼda orqali Xudoga bagʻishlanganlar. Tavrot qonuniga koʻra, oʻzini Xudoga butunlay bagʻishlab, nazr qilgan odam sharob yoki may ichmasligi, sochini qirqmasligi, murdaga tegmasligi kerak edi (Sahroda 6:1-8, 21 ga qarang). Ibroniycha matnda shu maʼnodagi soʻz mazkur bobning 7–oyatida ham bor., shuning uchun bolaning boshiga ustara tegmasin. Isroilni Filistlarning qoʻlidan ozod qilishni boshlaydigan oʻshadir.” 6Keyin ayol erining oldiga borib dedi: “Oldimga Xudoning bir odami keldi, uning koʻrinishi xuddi Xudoning farishtasiga oʻxshagan juda qoʻrqinchli edi. Uning qayerdan kelganini soʻramabman. Oʻzi ham menga ismini aytmadi. 7Uning gapiga qaraganda, men homilador boʻlib, oʻgʻil koʻrar ekanman. Bola tugʻilishi bilanoq bir umrga Xudoga nazr qilinar ekan, shuning uchun men sharobni ham, oʻtkir ichimlikni ham, harom narsani ham ogʻzimga olishim mumkin emas ekan.”
8“Yo Rabbiy, — deya Egamizga yolvordi Monuvax, — oʻsha odamingni yana oldimizga yuborishingni iltijo qilib soʻrayman. U kelib, boʻlajak oʻgʻlimizga nima qilishimiz kerakligini oʻrgatib ketsin.”
9Monuvaxning ibodati ijobat boʻldi. Ayol dalada oʻtirgan bir paytda Xudoning farishtasi yana ayolning oldiga keldi. Ammo oʻsha paytda Monuvax u yerda yoʻq edi. 10Ayol shoshib–pishib erining oldiga yugurdi–da: “Tunov kun oldimga kelgan odam yana menga zohir boʻldi!” — deb aytdi. 11Monuvax turib xotiniga ergashdi. Oʻsha odamning oldiga kelib:
— Bu ayolga gapirgan sizmidingiz? — deb soʻradi.
— Ha, men edim, — deya javob berdi u.
12— Aytganlaringiz amalga oshganidan soʻng, bola qay tarzda yashashi kerak? U nima ish qiladi? — deb soʻradi Monuvax.
13Egamizning farishtasi Monuvaxga shunday deb javob berdi:
— Xotining aytganlarimning hammasini soʻzsiz bajarsin. 14Uzumdan tayyorlangan bironta narsani ham ogʻziga olmasin. Sharob va oʻtkir ichimliklarni ichmasin, hech qanday harom narsa yemasin. Aytganlarimning hammasiga rioya qilsin.
15Monuvax Egamizning farishtasiga:
— Bir oz kutib tursangiz, sizga bir uloqcha tayyorlab bersam, — dedi.
16— Kutganim bilan, baribir, taomingni yemayman, — dedi Egamizning farishtasi. — Lekin uloqchani kuydiriladigan qurbonlik qilmoqchi boʻlsang, uni Egamizga baxshida et.
Monuvax u Egamizning farishtasi ekanligini bilmagandi.
17Keyin Monuvax Egamizning farishtasiga:
— Bizga ismingizni ayting. Toki aytganlaringiz roʻyobga chiqqanda, sizni duo qilib yuraylik, — dedi.
18Egamizning farishtasi esa:
— Nega ismimni soʻrayapsan? Aytganim bilan baribir unga aqling yetmaydi, — dedi.
19Monuvax Egamizga atab, uloqchani katta bir toshning ustida qurbonlik qilib kuydirdi, unga qoʻshib don nazri ham kuydirdi. Shu onda Monuvax va uning xotini oldida Egamiz ajoyib bir moʻjiza yaratdi: 20qurbongoh alangasi osmonga chirmashayotgan edi. Egamizning farishtasi ham alangaga qoʻshilib yuqoriga koʻtarilib ketdi. Buni koʻrgan Monuvax bilan xotini yerga muk tushishdi. 21Farishta koʻzdan gʻoyib boʻldi–yu, boshqa ularga koʻrinmadi. Shundan keyin Monuvax oʻsha odam Egamizning farishtasi ekanligini angladi. 22Monuvax xotiniga:
— Biz oʻlamiz, chunki biz Xudoni koʻrdik!#13:22 Biz oʻlamiz, chunki biz Xudoni koʻrdik! — 6:22 izohiga qarang. — dedi.
23— Agar Egamiz bizni oʻldirmoqchi boʻlganda, don nazri va qurbonligimizni qabul qilmagan boʻlardi, — dedi xotini. — Bu moʻjizalarni bizga koʻrsatib, bunday narsalarni aytib oʻtirmagan boʻlardi.
24Ayol oʻgʻil koʻrdi, uning ismini Shimshoʻn qoʻydi. Bola katta boʻldi, Xudo esa uni yorlaqadi. 25Shimshoʻn Zorox bilan Eshtoyoʻl shaharlari#13:25 Zorox bilan Eshtoyoʻl shaharlari — Isroilning janubi–gʻarbida, Filistlar yashaydigan dengiz sohili boʻyidagi tekisliklarda joylashgan. orasidagi Dan qabilasining qarorgohida#13:25 Dan qabilasining qarorgohi — ibroniycha matnda Maxonex–Dan, maʼnosi Dan qarorgohi. boʻlganda, Egamizning Ruhi uni boshqara boshladi.
Currently Selected:
Hakamlar 13: O‘zbMK
Highlight
Share
Copy
![None](/_next/image?url=https%3A%2F%2Fimageproxy.youversionapi.com%2F58%2Fhttps%3A%2F%2Fweb-assets.youversion.com%2Fapp-icons%2Fen.png&w=128&q=75)
Want to have your highlights saved across all your devices? Sign up or sign in
© Muqaddas Kitobni tarjima qilish instituti, 2016, 2018, 2020