Hakamlar 11
11
11–BOB
1Giladlik Yiftox dovyurak jangchi edi. Uning otasi Gilad, onasi esa fohisha bir ayol edi. 2Giladning xotini ham unga oʻgʻillar tugʻib bergan edi. Ular ulgʻaygach, Yiftoxga: “Otamizdan qolgan merosga sening hech qanday haqing yoʻq! Bor, yoʻqol! Sen boshqa ayolning bolasisan”, deya haydagan edilar. 3Yiftox aka–ukalaridan qochib, Tov yurtiga borgan edi. Oʻsha yerda oʻrnashib olganidan soʻng, atrofiga yaramas odamlarni toʻplab, bosqinchilik qila boshlagan edi.
4Oradan maʼlum vaqt oʻtgach, Ommon xalqi Isroil xalqiga hujum qildi. 5Ommon xalqi Isroil xalqiga hujum qilganda, Gilad oqsoqollari Yiftoxni olib kelgani Tov yurtiga joʻnadilar.
6Ular Yiftoxga:
— Biz bilan yura qol, — dedilar. — Ommon xalqi bilan jang qilganimizda bizga rahnamolik qilgin.
7— Sizlar meni mensimay otamning uyidan haydagan edingiz–ku! — deya zarda qildi ularga Yiftox. — Nima uchun endi boshingizga kulfat tushganda mening oldimga keldingizlar?
8— Boʻlar ish boʻldi endi, — deyishdi Gilad oqsoqollari. — Biz sening oldingga bosh egib keldik, biz bilan borib Ommon xalqiga qarshi jang qil, Giladliklarga oʻzing bosh boʻl.
9Yiftox Gilad oqsoqollariga shunday dedi:
— Xoʻp, mayli, sizlarga qoʻshilib, Ommon xalqiga qarshi jang qildim ham deylik. Bordi–yu, Egam dushmanlarni qoʻlimga bersa, men sizlarga hukmronlik qilaman.
10Gilad oqsoqollari esa Yiftoxni ishontirib:
— Xudo shohid, hammasi aytganingday boʻladi, — dedilar.
11Yiftox Gilad oqsoqollari bilan ketdi. Xalq uni hokim va lashkarboshi qilib tayinladi. Yiftox esa qoʻygan shartlarini Mispaxda#11:11 Mispax — 10:17 izohiga qarang. Egamizning huzurida qayd qildi.
12Yiftox Ommon shohiga choparlarni yuborib dedi: “Oramizda nima boʻlib oʻtgan ediki, sen mening yurtimga jang qilib kelding?” 13Ommon shohi Yiftox choparlariga shunday javob berdi: “Isroil xalqi Misrdan chiqib kelganda, janubdagi Arnon soyligidan to shimoldagi Yavoq daryosigacha va gʻarbdagi Iordan daryosigacha boʻlgan hamma yerlarimni tortib olgan edi. Borib Yiftoxga aytinglar, yerlarimni menga tinchgina qaytarib bersin.”
14Yiftox yana choparlarini Ommon shohiga yuborib 15dedi:
“Isroil xalqi na Moʻab, na Ommon yerlarini tortib olgan. 16Ular Misrdan chiqqandan keyin, Qizil dengiz#11:16 Qizil dengiz — ibroniycha matnda Yom–Suf, maʼnosi Qamish dengizi. Bu oyatdagi mana shu nom hozirgi Aqaba qoʻltigʻiga (yaʼni Qizil dengizning shimoli–sharqidagi qoʻltigʻiga) ishora qiladi. tomon sahrodan yurib, Kadeshga#11:16 Kadesh — Kadesh–Barna nomi bilan ham maʼlum boʻlib, hozirgi Aqaba qoʻltigʻining shimoliy qirgʻogʻidan qariyb 145 kilometr shimoli–gʻarbda joylashgan voha (Sahroda 20:1, 14-21 ga qarang). kelgan edilar. 17Shunda Edom shohi huzuriga elchilar joʻnatib, Edom yurti orqali oʻtib ketishga ijozat soʻradilar. Ammo Edom shohi quloq solmadi. Ular Moʻab shohidan ham ijozat soʻradilar, biroq u ham rozi boʻlmagandan keyin, Kadeshda qoldilar. 18Keyin ular sahroga yoʻl olib, Edom va Moʻab yurtlarini aylanib oʻtdilar. Moʻab hududining sharqiy chegarasi boʻylab yurib, qarorgohni Arnon soyligining narigi qirgʻogʻida qurdilar. Arnon soyligi Moʻabning chegarasi boʻlgani uchun, ular daryodan oʻtmadilar, Moʻab yurtiga oyoqlarini ham bosmadilar.
19Soʻng elchilarini Xashbonda hukmronlik qilgan Amor xalqining shohi Sixoʻn oldiga yuborib, hududingizdan yurtimizga oʻtib ketaylik, deb ijozat soʻradilar. 20Ammo shoh Sixoʻn rozi boʻlmadi. U barcha odamlarini yigʻdi–da, qarorgohini Yaxazda joylashtirib, Isroil xalqiga hujum qildi. 21Ammo Isroil xalqining Xudosi — Egamiz Sixoʻnni barcha odamlari bilan Isroil xalqining qoʻliga berdi. Shuning uchun Isroil xalqi oʻsha yurtda istiqomat qilgan Amor xalqining barcha yerlarini qoʻlga kiritdi. 22Ular Arnondan Yavoqqacha, sahrodan Iordangacha boʻlgan Amor xalqining barcha yerlariga ega boʻldilar. 23Isroil xalqining Xudosi — Egamizning Oʻzi bu yerlarni Amor xalqidan tortib olib, Oʻzining xalqi Isroilga berdi. Shunday ekan, ularni qaytarib olishga sening hech qanday haqing yoʻq. 24Undan koʻra, xudoying Xamoʻsh bergan narsalarga egalik qil!#11:24 …xudoying Xamoʻsh bergan narsalarga egalik qil! — qadimda odamlarning tasavvuriga koʻra har bir xalqning oʻz xudosi boʻlib, bu xudolar oʻsha xalqlarning hududlariga egalik qilishardi. Moʻab xalqining xudosi Xamoʻsh, Ommon xalqining xudosi Moʻlax hisoblanardi (3 Shohlar 11:7 ga qarang). Ommon xalqi Isroil xalqidan tortib olmoqchi boʻlgan bu yerlar oldin Moʻab xalqiga, soʻng Amor xalqiga qarashli boʻlgan (Sahroda 21:26 ga qarang). Shu bois, bu oyatda Ommon shohiga “xudoying Xamoʻsh bergan narsalarga egalik qil” deb aytilgan. Biz esa Egamiz Xudo bizga bergan hamma narsaga egalik qilamiz!
25Nima, sening Zippur oʻgʻli Boloqdan ortiq joying bormidi?!#11:25 Nima, sening…Boloqdan ortiq joying bormidi?! — Boloq Moʻabning oldingi shohi edi. U Balom degan odamni, Isroil xalqini laʼnatlagin, deb yollagan edi, ammo oʻsha odam gapirganda uning ogʻzidan faqat duo chiqdi, chunki u orqali Xudo gapirgan edi (Sahroda 22:1-24:25 ga qarang). U Moʻab shohi boʻla turib, Isroil xalqi bilan biron marta ham tortishgan emas. Biron marta ham bizga qarshi jang qilgan emas.
26Isroil xalqi uch yuz yildan beri Arnon soyligining boʻyidagi shaharlarda, Xashbon, Aror va ularning atrofidagi qishloqlarda yashab kelmoqda. Nima uchun shu paytgacha oʻsha yerlarni qaytarib olmading?! 27Men senga hech qanday yomonlik qilmadim, sen esa menga qarshi jang qilmoqchi boʻlib notoʻgʻri ish qilyapsan. Xudoga soldim, Uning Oʻzi bugun kim haq, kim nohaq ekanini koʻrsatsin.”
28Ammo Ommon shohi Yiftoxning soʻzlarini eshitishni ham xohlamadi.
29Egamizning Ruhi Yiftoxni qamrab oldi. Yiftox Gilad va Manashe yerlaridan oʻtib, Giladdagi Mispax shahriga yetib bordi. U yerdan yoʻlida davom etib, Ommon yurti tomon yurdi. 30Soʻng qasam ichib, Egamizga dedi: “Agar jangda Ommon xalqini yengishimga yordam bersang, 31uyimga eson–omon qaytib borganimdan soʻng meni qarshilab chiqqan birinchi tirik jonni Senga qurbonlik qilib kuydiraman.” 32Yiftox lashkari bilan Ommon xalqining ustiga bostirib borib, jang qildi. Egamiz Ommon xalqini Yiftoxga taslim qildi. 33Yiftox Arordan Minnit atrofigacha boʻlgan yigirmata shaharni va Ovil–Karomgacha boʻlgan barcha qishloqlarni vayron qildi. Katta talafot koʻrgan Ommon xalqi Isroil xalqiga boʻysundi.
Yiftoxning qizi
34Yiftox Mispaxdagi oʻz uyiga qaytib kelganda, qizi childirma chalib oʻynaganicha, uni qarshilab chiqdi. Bu qiz uning yolgʻiz farzandi edi. 35Yiftox uni koʻrgach, qaygʻu–alamdan kiyimlarini yirtib:
— Voy qizim! Nima qilib qoʻyding?! — dedi. — Yurak–bagʻrimni qon qilding–ku! Men Egamizga qasam ichgan edim, endi soʻzimni qaytib ololmayman!
36— Otajon, — dedi qizi, — Egamizga soʻz bergan boʻlsangiz, zinhor soʻzingizdan qaytmang, chunki Egamiz sizga dushmaningiz — Ommon xalqi ustidan gʻalaba berdi. 37Mening esa birgina tilagim bor. Menga ikki oy muhlat bersangiz, men dugonalarim bilan toqqa chiqib, u yerda yoshligim xazon boʻlganidan qaygʻuray. Chunki men endi hech qachon turmushga chiqmayman.
38Yiftox unga ijozat berib, ikki oyga toqqa joʻnatib yubordi. Qiz dugonalari bilan toqqa chiqib, qaygʻurib yigʻladi. 39Ikki oy oʻtgach, otasining yoniga qaytib keldi. Yiftox Egamizga bergan vaʼdasiga vafo qildi. Qiz bokira edi.
Shundan keyin Isroilda bir odat paydo boʻldi: 40har yili Isroil qizlari togʻlarga chiqib, toʻrt kun davomida Giladlik Yiftoxning qizi uchun motam tutadigan boʻlishdi.
Currently Selected:
Hakamlar 11: O‘zbMK
Highlight
Share
Copy
![None](/_next/image?url=https%3A%2F%2Fimageproxy.youversionapi.com%2F58%2Fhttps%3A%2F%2Fweb-assets.youversion.com%2Fapp-icons%2Fen.png&w=128&q=75)
Want to have your highlights saved across all your devices? Sign up or sign in
© Muqaddas Kitobni tarjima qilish instituti, 2016, 2018, 2020