Ibroniylar 4
4
4–BOB
Xudo Oʻz xalqiga vaʼda qilgan farogʻat
1Xudoning farogʻat diyoriga kirish haqidagi vaʼdasi hanuz kuchda qolgan. Shuning uchun ehtiyot boʻlaylik, tagʻin vaʼda qilingan farogʻat diyoriga kirishga nomunosib boʻlib qolmaylik. 2Axir, farogʻat diyori haqidagi Xushxabar Isroil xalqiga sahroda eʼlon qilinganday, bizga ham eʼlon qilindi. Ammo ular bu xabarni eshitsalar ham, uning qadriga yetmadilar. Ular bizga oʻxshab, bu xabarni eshitdilar, ammo unga ishonmadilar. 3Biz ishonganimiz uchun farogʻat diyoriga kiramiz. Ishonmaganlar haqida esa Xudo shunday degandi:
“Shuning uchun gʻazablanib, ont ichdim:
«Ular farogʻat diyorimga kirmaydi.»”#4:3 Zabur 94:11 ga qarang.
Holbuki, Xudo farogʻat diyorini dunyoni yaratgandayoq tayyorlab qoʻygan. 4Chunki yaratilishning yettinchi kuni haqida Muqaddas bitiklarda shunday deyilgan:
“Yettinchi kuni Xudo hamma ishlarini bitirib, dam oldi.”#4:4 Ibtido 2:2-3 ga qarang.
Ammo baʼzi odamlar Xudoning farogʻat diyoriga kirmadilar. 5Yuqoridagi parchada aytilganday:
“Ular farogʻat diyorimga kirmaydi.”
6Bundan anglashiladiki, farogʻat haqidagi Xushxabarni birinchi boʻlib eshitganlar oʻz itoatsizligi uchun farogʻat diyoriga kirmagan edilar. Ammo baʼzi kishilarga u yerga kirish uchun imkoniyat bor. 7Xudo oʻsha kishilarni koʻzda tutib, “bugun” deb atalgan yana bir kunni#4:7 bir kun — bu oʻrindagi kun soʻzi aniq bir kunga emas, balki maʼlum bir muddatga yoki zamonga ishora qiladi. tayin qildi. Koʻp yillardan keyin bu kun haqida U Dovud orqali gapirdi. Xudoning bu gapini men oldin ham aytib oʻtganman#4:7 Xudoning bu gapini men oldin ham aytib oʻtganman… — 3:15 ga qarang.:
“Qaniydi, bugun Mening ovozimga quloq solsangiz!
Tosh yurak boʻlmanglar!”
8Agar Yoshua#4:8 Yoshua — Yoshua 1:1-6, 21:43-45 ga qarang. Isroil xalqini farogʻatga erishtirganda edi, oʻshandan keyin Xudo boshqa bir kun haqida gapirmagan boʻlardi. 9Xullas, Xudoning xalqini Shabbat kuniga#4:9 Shabbat kuni — yahudiylar kalendari boʻyicha haftaning yettinchi kuni (toʻliqroq maʼlumotga ega boʻlish uchun lugʻatdagi SHABBAT KUNI iborasiga qarang). Shabbat kuniga rioya qilish imon boʻyicha yashashning timsolidir. oʻxshagan farogʻat kutmoqda. 10Xudoning farogʻat diyoriga kirganlar, Xudo kabi oʻz ishlaridan dam oladilar, chunki Xudo ham dunyoni yaratib boʻlgandan keyin dam olgan edi. 11Shunday ekan, farogʻat diyoriga kirishga jon kuydiraylik. Aks holda, biz ham Isroil xalqiday itoatsizlik qilib, farogʻatdan bebahra qolamiz.
Xudo kalomining taʼsirchanligi
12Xudoning kalomi jonli va taʼsirli, har qanday dudama qilichdan oʻtkirroqdir. U jon bilan ruhni, boʻgʻinlar bilan ilikni ajratgudek suqilib kiradi. Xudoning kalomi xayolu yurakning niyatlarini fosh etadi. 13Butun borliq Xudoning koʻzi oldida yap–yalangʻoch va ochiqdir. Hech kim va hech narsa Undan pinhon emas. Biz Unga hisob beramiz!
Ulugʻ Oliy ruhoniyimiz Iso
14Shunday ekan, oʻzimiz eʼtirof etgan eʼtiqodimizni mahkam tutaylik! Zotan, bizning ulugʻ Oliy ruhoniyimiz bor. Xudoning samodagi huzuriga kirib borgan bu Oliy ruhoniyimiz Xudoning Oʻgʻli Isodir. 15U ojizliklarimizga hamdard boʻla oladi. Axir, U biz kabi har tomonlama sinalgan, lekin bizga oʻxshab gunoh qilmagan. 16Kelinglar, inoyatli Xudoyimizning taxtiga jasorat bilan yaqinlashaylik. Shunda U bizga marhamat koʻrsatadi, Uning inoyati zarur vaqtda bizga yordam beradi.
Currently Selected:
Ibroniylar 4: O‘zbMK
Highlight
Share
Copy
Want to have your highlights saved across all your devices? Sign up or sign in
© Muqaddas Kitobni tarjima qilish instituti, 2016, 2018, 2020