Ibtido 47
47
47–BOB
1-2Yusuf akalaridan beshtasini firʼavn huzuriga olib borib, unga shunday dedi: “Mening otam bilan aka–ukalarim mol–qoʻylarini, butun mulkini olib, Kanʼon yurtidan kelishdi. Ular hozir Goʻshen yerlarida#47:1-2 Goʻshen yerlari — 45:10 ga va oʻsha oyatning izohiga qarang..” Soʻng Yusuf akalarini firʼavnga tanishtirdi. 3Firʼavn ulardan:
— Kasb–koringiz nima? — deb soʻradi.
— Biz, qullaringizning kasbi choʻpon, ota–bobolarimiz ham choʻpon oʻtishgan, — deb javob berishdi ular firʼavnga. 4— Biz, Misrda istiqomat qilib tursak, deb keldik. Chunki qoʻy–echkilarimiz uchun Kanʼonda yaylov yoʻq, u yerda ogʻir qahatchilik. Siz, janobi oliylaridan iltimosimiz shuki, biz, qullaringizga, Goʻshen yerlarida istiqomat qilib turishimiz uchun ijozat bersangiz.
5Shunda firʼavn Yusufga dedi:
— Otang, aka–ukalaring sening oldingga kelishgan ekan, 6ana, Misr yurti ularniki. Ularni yurtning eng yaxshi yeriga — Goʻshen yerlariga joylashtir. Agar ularning orasida uddaburonlari boʻlsa, mening chorvamni ham ularga topshirib qoʻy.
7Soʻng Yusuf otasi Yoqubni boshlab kelib, firʼavn huzuriga olib kirdi. Yoqub firʼavnni duo qildi#47:7 …firʼavnni duo qildi — yoki …firʼavnga hurmat bajo ayladi..
8— Yoshingiz nechada? — deb soʻradi firʼavn Yoqubdan.
9— Bir yuz oʻttiz yildan beri bu dunyoda mehmonman, — dedi Yoqub firʼavnga. — Ota–bobolarim ham bu dunyodan mehmon boʻlib oʻtdilar. Lekin mening hayotim tez va qiyinchilik bilan kechdi, men hali ota–bobolarim yoshiga yetmadim.
10Shundan keyin Yoqub firʼavnni yana duo qilib, uning huzuridan chiqdi. 11Firʼavn amr berganday, Yusuf otasini, akalarini Misrdagi eng yaxshi yerlarga — Ramzes shahri yaqinidagi yerlarga#47:11 Ramzes shahri yaqinidagi yerlar — Goʻshen yerlarining boshqacha tasvirlanishi. 45:10 ga va oʻsha oyatning izohiga qarang. joylashtirdi. 12Yusuf otasini, aka–ukalarini, otasining jamiki xonadoni ahlini, ularning soniga qarab, oziq–ovqat bilan taʼminladi.
Qahatchilik
13Qahatchilik tobora kuchayib boraverdi. Qahatchilik Misr va Kanʼon yurtini xarob qildi. 14Yusuf donni kumushga#47:14 kumush — qadimgi paytlarda maʼlum vazndagi kumush boʻlaklari odatda pul birligi sifatida ishlatilgan. almashtirib, Misrdagi va Kanʼondagi bor kumushlarni yigʻib oldi. U kumushlarni firʼavnning xazinasiga olib kelib toʻplayverdi. 15Misr va Kanʼon xalqlari kumushlarini sarf qilib boʻldi. Hamma Misrliklar Yusufning huzuriga kelishardi. “Kumushlarimiz tugadi, lekin bizga don bersinlar! Janoblarining koʻz oʻngilarida oʻlib ketmaylik!” deb yalinishardi. 16Yusuf esa ularga: “Agar kumushlaringiz tugagan boʻlsa, mol–holingizni olib kelinglar, evaziga don beraman”, deb javob qilardi. 17Shunday qilib, ular chorvasini Yusufga olib kelishardi. Yusuf ularning otlarini, qoʻy–echkilarini, podalarini, eshaklarini olib, evaziga don berardi. Oʻsha yili Yusuf ularning chorvasini olib, evaziga yegulik berdi. 18Kelgusi yili ular yana Yusufning huzuriga kelib, hasrat qilishdi: “Biz janobi oliylaridan yashirib nima ham qilardik: kumushlarimiz tugagan, mol–qoʻylarimiz oʻzlariniki boʻldi. Janobi oliylariga tanamizu yerimizdan tashqari beradigan narsamiz qolmadi. 19Janoblarining koʻzi oldida oʻzimiz ham, yerimiz ham nobud boʻlib ketmasin. Oʻzimizni ham, yerlarimizni ham sotib olib, evaziga don bersinlar. Biz yerlarimizni firʼavnga berib, oʻzimiz unga qul boʻlishga tayyormiz. Hoziroq bizga don–dun bersalar, toki oʻlmay tirik qolaylik, yerlarimiz tashlandiq boʻlib qolmasin.”
20Shunday qilib, Yusuf Misrdagi jamiki yerlarni firʼavn uchun sotib oldi. Qahatchilik nihoyatda kuchayganidan, hamma Misrliklar dalalarini Yusufga sotdilar. Ularning hamma yerlari firʼavnniki boʻlib qoldi. 21Shu tariqa Misrning bu chetidan u chetigacha boʻlgan butun xalq firʼavnga qul boʻlib qoldi#47:21 …butun xalq firʼavnga qul boʻlib qoldi — qadimiy yunoncha va lotincha tarjimalardan. Ibroniycha matnda …hamma xalq shaharlarga koʻchirildi.. 22Yusuf faqat ruhoniylarning yerlarinigina sotib olmadi. Chunki ularga firʼavn tomonidan oziq–ovqat tayinlangan boʻlib, yerlarini sotishlariga zarurat yoʻq edi. 23Shundan soʻng Yusuf xalqqa aytdi:
— Oʻzlaringiz ham, yerlaringiz ham endi firʼavnniki. Mana sizlarga urugʻ, dalaga ekinglar. 24Hosilni yigʻib olganlaringizda, beshdan birini firʼavnga berasizlar, beshdan toʻrt qismi oʻzlaringizniki boʻladi, kelgusi yil hosili uchun urugʻlik qilasizlar, bola–chaqalaringiz bilan yeb, tirikchilik qilasizlar.
25— Siz bizga iltifot koʻrsatdingiz, siz bizning hayotimizni saqlab qoldingiz, janobi oliylari! — deb aytdi xalq. — Shuning uchun biz firʼavnga qul boʻlamiz.
26Firʼavn hosilning beshdan birini oladigan boʻldi. Yusuf buni butun Misr yurti boʻylab qonun qilib qoʻydi. Bu qonun bugungacha#47:26 bugungacha — shu kitob yozilgan vaqtga ishora. bor. Faqat ruhoniylarning yerlarigina firʼavnning mulki boʻlmadi, xolos.
Yoqubning oxirgi vasiyati
27Shunday qilib, Yoqub#47:27 Yoqub — ibroniycha matnda Isroil, Yoqubning yana bir ismi (shu bobning 29, 31–oyatlarida ham bor). 32:27-28 ga qarang. nasli Misrning Goʻshen yerlariga oʻrnashib qoldi. Yoqub nasli u yerda mulk orttirdi, aholisi koʻpayib bordi. 28Yoqub Misr yurtida 17 yil yashadi. U 147 yil umr koʻrdi.
29Yoqubning umri oxirlab qoldi. U oʻgʻli Yusufni chaqirib shunday dedi:
— Agar mendan rozi boʻlsang, qoʻlingni sonim ostiga qoʻyib#47:29 …qoʻlingni sonim ostiga qoʻyib… — 24:2 izohiga qarang., “Sizning vasiyatingizni bajaraman”, deb qasam ich#47:29 …“Sizning vasiyatingizni bajaraman”, deb qasam ich — ibroniycha matndan soʻzma–soʻz tarjimasi …menga mehribonlik va sodiqlik bilan muomala qilgin, bu oʻrinda shu ibora Yusuf otasi Yoqubning vasiyatini bajarishiga ishora qiladi.. Oxirgi vasiyatim shuki, meni Misrda dafn qilmagin. 30Bu olamdan oʻtganimdan keyin, jasadimni Misrdan olib ketib, ota–bobolarimning xilxonasiga#47:30 ota–bobolarimning xilxonasi — Yoqubning bobosi Ibrohim va otasi Isʼhoq dafn qilingan Maxpaladagi gʻor nazarda tutilgan (25:9-10, 49:30-31 ga qarang). dafn qil.
Yusuf: “Aytganingizday qilaman”, deb vaʼda berdi. 31Yoqub: “Mening oldimda qasam ich”, deb talab qildi. Yusuf qasam ichdi. Yoqub oʻz toʻshagi ustida sajda qildi.
Currently Selected:
Ibtido 47: O‘zbMK
Highlight
Share
Copy
Want to have your highlights saved across all your devices? Sign up or sign in
© Muqaddas Kitobni tarjima qilish instituti, 2016, 2018, 2020