YouVersion Logo
Search Icon

Ibtido 37

37
37–BOB
Yusuf va uning akalari
1Isʼhoq vafot etgandan keyin, Yoqub yana Kanʼon yurtida — otasi yashagan yurtda oʻrnashdi. 2Yoqubning xonadoni tarixi quyidagichadir:
Yusuf oʻn yetti yoshga kirganda, koʻpincha oʻgay akalari — Bilxax va Zilponing oʻgʻillari#37:2 Bilxax va Zilponing oʻgʻillari — 30:1-13 ga qarang. bilan birga otasining qoʻy–echkilarini boqqani borar edi. Yusuf akalari qilayotgan baʼzi yomon ishlardan otasini xabardor qilib turar edi. 3Yoqub#37:3 Yoqub — ibroniycha matnda Isroil, Yoqubning yana bir ismi (shu bobning 13–oyatida ham bor). 32:27-28 ga qarang. Yusufni qarigan chogʻida koʻrgani uchun boshqa oʻgʻillariga qaraganda koʻproq yaxshi koʻrar edi. Yoqub Yusufga beqasam chopon#37:3 beqasam chopon — yoki chiroyli chopon (shu bobning 23, 32–oyatlarida ham bor). olib berdi. 4Akalari koʻrdilarki, otalari Yusufni ulardan ortiq yaxshi koʻrar ekan. Shuning uchun akalari Yusufni yomon koʻrib qoldilar, unga yaxshi gapirmasdilar.
5Kunlarning birida Yusuf tush koʻrdi. U akalariga tushini aytib berganda, akalari Yusufni battar yomon koʻrib qoldilar. 6Yusuf akalariga shunday dedi:
— Quloq solinglar, koʻrgan tushimni sizlarga aytib beray. 7Biz dalada bugʻdoy bogʻlayotgan ekanmiz. Birdan mening bogʻlamim koʻtarilib, tik turdi. Sizlarning bogʻlamlaringiz mening bogʻlamimni oʻrab olib, taʼzim qilayotgan emish.
8— Eh–ha, sen hali bizning ustimizdan shoh boʻlmoqchimisan, sen–a?! — deb akalari kinoya bilan undan soʻrashdi. Koʻrgan tushini aytib bergani uchun akalari uni yana ham yomon koʻrib qolishgan edi.
9Keyinroq Yusuf yana tush koʻrdi va tushini akalariga aytib berdi:
— Qaranglar, yana tush koʻribman. Tushimda quyosh, oy va oʻn bitta yulduz menga taʼzim qilib turgan emish.
10Lekin Yusuf tushini otasi bilan akalariga aytib berganda, otasi unga tanbeh berdi:
— Qanaqa tush koʻrding oʻzi?! Men, onang, akalaring sening oldingga kelib, tiz choʻkishimiz kerak ekan–da?!
11Akalari Yusufga hasad qilishardi. Lekin otasi bu voqeani doimo esida tutdi.
Yusufni akalari sotib yuborishadi
12Bir kuni Yusufning akalari otalarining qoʻy–echkilarini boqish uchun Shakamga#37:12 Shakam — 12:6 ning birinchi izohiga qarang. ketishdi. 13Yoqub Yusufga:
— Akalaring Shakamda qoʻy–echkilarni boqishyapti, — dedi. — Seni akalaring oldiga yuborsam, degandim.
— Xoʻp boʻladi, otajon, — dedi Yusuf.
14— Borib bil–chi, akalaring tinch–omon yurishibdimikan, qoʻy–echkilarning ahvoli yaxshimikan, — dedi Yoqub, — keyin menga xabarini olib kel.
Shunday qilib, Yoqub Yusufni Xevron vodiysidan yoʻlga joʻnatdi.
Yusuf Shakamga yetib keldi. 15Oʻsha atrofda aylanib yurgan edi, bir odam uni koʻrib qoldi.
— Nimani izlab yuribsan? — deb soʻradi haligi odam.
16— Akalarimni izlab yuribman, — dedi Yusuf. — Mabodo bilmaysizmi, qoʻy–echkilarni qayerda boqib yurishibdi ekan?
17— Ular bu yerdan ketishgan, — dedi oʻsha odam. — Akalaring, Doʻtanga#37:17 Doʻtan — Shakamdan qariyb 25 kilometr shimolda joylashgan. boramiz, deb aytganlarini eshitgan edim.
Yusuf akalarini izlab Doʻtanga ketdi. Ularni oʻsha yerdan topdi. 18Ular uzoqdan Yusufni koʻrishdi. Yusuf kelmasdan oldin, akalari uni oʻldirish uchun fitna tayyorlab qoʻydilar. 19Ular bir–birlariga:
— Ana, tush koʻruvchi kelyapti, — deyishdi. 20— Kelinglar, uni oʻldirib, chuqur sardobaga tashlaymiz. Uni yovvoyi hayvon yeb ketdi, deb gap tarqatamiz. Oʻshanda koʻramiz uning tushlari haqiqatga aylanishini!
21Lekin Ruben Yusufni ularning qoʻlidan qutqarmoqchi boʻldi:
— Uning joniga qasd qilmaylik, 22— dedi Ruben, — qon toʻkmaylik. Uni anavi sardobaga tiriklayin tashlab yubora qolaylik. Zinhor unga qoʻl tekkizmaylik.
Ruben Yusufni ularning qoʻlidan qutqarib, otasi yoniga qaytarmoqchi edi.
23Shunday qilib, Yusuf yetib kelgach, akalari uning beqasam choponini yechib oldilar–da, 24oʻzini sardobaga tashlab yubordilar. Sardoba suv saqlash uchun foydalanilardi–yu, oʻsha paytda quruq edi.
25Shundan keyin ular ovqatlanib oʻtirishgan edi, uzoqdan shu tomonga kelayotgan tuyalar karvonini koʻrib qolishdi. Karvon Ismoiliy savdogarlari boʻlib, tuyalarga Giladdan xushboʻy ziravorlar, mumiyo, mirra#37:25 mirra — maʼlum bir daraxtlarning qotgan yelimidan tayyorlangan xushboʻy modda. yuklab, Misrga olib ketishayotgan edi. 26Shunda Yahudo aka–ukalariga dedi:
— Ukamizni oʻldirib, qonini yashirganimiz bilan biror foyda toparmidik?! 27Yaxshisi, anavi savdogarlarga sotaylik. Shunda uning oʻlimida javobgar boʻlib qolmaymiz. Nima boʻlganda ham, u ukamiz, jigarimiz–ku!
Hamma aka–ukalari rozi boʻlishdi. 28Ismoiliy#37:28 Ismoiliy — ibroniycha matnda Midiyon naslidan kelib chiqqan (shu bobning 36–oyatida ham bor). Ismoil va Midiyon xalqlari Ibrohimning ikkita oʻgʻlidan kelib chiqqanlar (25:1-2, 12 ga qarang). Bu xalqlar yaqin qarindosh boʻlganlari uchun, ularning ikkalovini ham baʼzan Midiyon xalqi, baʼzan esa Ismoil xalqi deb atashardi. savdogarlari oʻtib ketishayotganda, Yusufni akalari sardobadan tortib chiqardilar va uni yigirma boʻlak kumushga#37:28 yigirma boʻlak kumush — taxminan 230 grammga toʻgʻri keladi. Qadimgi paytlarda maʼlum vazndagi kumush boʻlaklari odatda pul birligi sifatida ishlatilgan. sotdilar. Savdogarlar Yusufni Misrga olib ketdilar.
29Bir payt Ruben sardoba oldiga qaytib kelib qarasa, sardobada Yusuf yoʻq. Ruben qaygʻudan kiyimlarini yirtdi. 30U ukalari oldiga qaytib keldi va:
— Bola u yerda yoʻq! Endi nima qilaman–a! — deb yigʻladi. 31Soʻng ular bir echkini soʻyib, Yusufning choponini echkining qoniga botirdilar. 32Ular beqasam choponni otalariga olib keldilar.
— Mana bu choponni daladan topib oldik. Qarang–chi, bu Yusufning choponimikan yoki yoʻqmi?
33Yoqub Yusufning choponini tanidi.
— Evoh! Bu oʻgʻlimning choponi–ku! Yusuf oʻgʻlimni birorta yovvoyi hayvon yegan! Oʻgʻilginam tilka–pora boʻlgan!
34Yoqub qaygʻudan kiyimlarini yirtib, qanorga oʻrandi#37:34 …qaygʻudan kiyimlarini yirtib, qanorga oʻrandi — qanor dagʻal qoramtir mato boʻlib, echki yoki tuya junidan toʻqilgan. Kiyimlarni yirtish va qanorga oʻranib olish umidsizlikni va qaygʻuli holatni ifodalaydi.. Oʻgʻli uchun uzoq vaqt aza tutdi. 35Oʻgʻillari, qizlari unga tasalli berishga harakat qilishardi. Lekin u tasalli topishni istamasdi. “Oʻliklar diyoriga#37:35 Oʻliklar diyori — ibroniycha matnda Sheoʻl. Qadimgi paytlarda odamlar Sheoʻlni yer ostidagi tubsiz chuqurlik, marhumlar boradigan qorongʻi joy deb tushunardi., oʻgʻlimning oldiga borgunimcha aza tutaman”, deb aytardi. Shunday qilib, Yoqub oʻgʻliga aza tutaverdi.
36Shu orada Ismoiliy savdogarlari Yusufni Misrda Poʻtifar degan odamga sotishdi. Poʻtifar Misr shohi — firʼavnning aʼyonlaridan biri — saroy qoʻriqchilarining boshligʻi edi.

Currently Selected:

Ibtido 37: O‘zbMK

Highlight

Share

Copy

None

Want to have your highlights saved across all your devices? Sign up or sign in