Ibtido 38
38
38–BOB
Yahudo va Tamara
1Shu orada Yahudo aka–ukalaridan ajralib, alohida boʻldi va Adullam shahriga#38:1 Adullam shahri — Kanʼondagi shahar, Xevrondan qariyb 16 kilometr shimoli–sharqda joylashgan. Yoqub va uning oilasi bu paytda Xevronda istiqomat qilardi (35:27, 37:1 ga qarang). koʻchib keldi. U Xirax degan odamga yaqin joyga oʻrnashdi. Xirax oʻsha yerlik edi. 2Yahudo bu yerda Kanʼon xalqidan boʻlgan bir qizni uchratib qoldi. Bu qiz Shuvo degan odamning qizi edi. Yahudo oʻsha qizga uylandi. 3Oʻsha ayol homilador boʻlib, oʻgʻil tugʻdi. Yahudo oʻgʻliga Gʻur deb ism qoʻydi. 4Yahudoning xotini yana homilador boʻlib, ikkinchi oʻgʻlini tugʻdi. Bu oʻgʻliga Oʻnan deb ism qoʻydi. 5Yahudoning xotini uchinchi oʻgʻlini tugʻdi va unga Shelo deb ism qoʻydi. Bu oʻgʻli tugʻilganda, Yahudo Xazib shahrida edi. 6Toʻngʻich oʻgʻli Gʻur ulgʻaygach, Yahudo uni Tamara degan qizga uylantirdi. 7Lekin Gʻur Egamizning oldida qabihlik qilardi. Oxiri, Egamiz uning jonini oldi. 8Shundan keyin Yahudo Oʻnanga aytdi:
— Sen akangning xotiniga uylanib, qaynagʻalik burchingni bajar, toki akangga zurriyot qolsin#38:8 Sen akangning xotiniga uylanib…toki akangga zurriyot qolsin — oʻsha davrdagi urf–odatga koʻra, odam farzand koʻrmasdan vafot etgan boʻlsa, marhumning aka–ukalaridan yoki eng yaqin urugʻlaridan biri uning naslini davom ettirish maqsadida beva qolgan xotinni olishi kerak edi. Ulardan tugʻilgan bolalar oʻlgan odamniki hisoblangan. Shu tariqa marhumning nomi davom etavergan. Bu odat keyinchalik qonun sifatida Tavrotga kiritilgan (Qonunlar 25:5-10 ga qarang)..
9Lekin Oʻnan bilardiki, tugʻiladigan bola oʻziniki hisoblanmasdi. Shu sababdan Oʻnan har safar Tamaraning yoniga kirganda, akamga zurriyot qolmasin#38:9 …akamga zurriyot qolmasin… — oʻsha davrdagi odatga koʻra, agar Oʻnanning marhum akasi farzandsiz qolsa, Gʻurning merosi Oʻnan va uning ukasiga oʻtar edi. Bordi–yu, Tamara Oʻnandan farzand koʻrganda, oʻsha farzand Gʻurning merosxoʻri boʻlardi. Bu odat keyinchalik qonun sifatida Tavrotga kiritilgan (Sahroda 27:8-11 ga qarang). deb, urugʻini yerga toʻkardi. 10Oʻnan bu qilmishi bilan Egamizning oldida qabihlik qilayotgan edi. Shuning uchun Egamiz Oʻnanning ham jonini oldi. 11Shundan keyin Yahudo kelini Tamaraga:
— Otangning uyiga borib turmushga chiqmay, oʻtira tur–chi, oʻgʻlim Shelo ulgʻayib qolar, — dedi. Chunki Yahudo: “Shelo ham akalariga oʻxshab oʻlib qolmasin”, deb qoʻrqqan edi. Shunday qilib, Tamara otasining uyiga qaytib ketdi.
12Oradan birmuncha vaqt oʻtgach, Yahudoning xotini vafot etdi. Yahudo aza muddatini tugatgandan keyin, Adullamlik doʻsti Xirax bilan birga qoʻylarining junini qirqayotganlardan xabar olgani Timnax shahriga ketdi. 13Kimdir Tamaraga: “Qaynatang qoʻylarining junini qirqayotganlardan xabar olgani Timnaxga ketyapti”, deb aytib qoldi. 14Tamara egnidagi azadorlik liboslarini oʻzgartirdi. Yuzini roʻmol bilan berkitib oldi–da, Enayim shahri darvozasi yonida#38:14 …shahri darvozasi yonida… — 19:1 ning ikkinchi izohiga qarang. oʻtirdi. Bu shahar Timnaxga boradigan yoʻlda edi. Yahudoning kichik oʻgʻli Shelo voyaga yetganini Tamara bilardi. Lekin haligacha Tamarani Sheloga olib bermagan edilar. 15Yahudo Tamarani koʻrib qoldi. Tamara yuzini berkitib olgani uchun, Yahudo: “Bu ayol fohisha boʻlsa kerak”, deb oʻyladi. 16Yahudo yoʻl boʻyida oʻtirgan Tamaraning oldiga keldi. Bu ayol oʻzining kelini ekanini Yahudo bilmagani uchun unga: “Men bilan birga boʻlgin”, deb taklif qildi.
— Siz bilan boʻlsam, evaziga nima berasiz? — deb soʻradi Tamara.
17— Suruvimdan bir uloqcha yuboraman, — dedi Yahudo.
— Uloqchani yuborguningizcha, menga garovga biron narsa qoldirib ketsangiz, — dedi Tamara.
18— Boʻpti, garovga nima beray? — deb soʻradi Yahudo.
— Boʻyningizdagi muhringizni bogʻichi bilan, yana qoʻlingizdagi tayogʻingizni#38:18 …muhringizni…tayogʻingizni… — bu narsalar tufayli Tamara u bilan yotgan kishi Yahudo ekanini aniq isbotlay olardi., — dedi Tamara.
Shunday qilib, Yahudo oʻsha narsalarni Tamaraga berdi. Keyin u bilan boʻldi. Tamara Yahudodan homilador boʻlib qoldi. 19Tamara uyiga bordi. Yuzidagi yopinchigʻini olib, azadorlik liboslarini yana kiyib oldi.
20Yahudo doʻsti Xiraxdan: “Mana bu uloqchani olib borib oʻsha ayolga ber, men unga bergan garovni qaytarib ol”, deb iltimos qildi. Lekin Xirax u ayolni topa olmadi. 21Xirax shu yerlik odamlardan:
— Mana shu shaharning darvozasi yonida — yoʻl chetida bir fohisha oʻtirar edi, oʻsha fohisha qayerda? — deb soʻradi.
— Bu yerda hech qanday fohisha#38:21 fohisha — bu oyatdagi va mazkur bobning 22–oyatidagi ibroniycha soʻzning maʼnosi sajdagohdagi fohisha. Aslida Tamara sajdagoh fohishasi emasdi. Kanʼonda sajdagoh fohishalari oddiy fohishalarga qaraganda jamiyatda yuqoriroq oʻrin tutar edilar. Shu bois Yahudoning doʻsti Xirax Tamarani kamsitib yubormaslik uchun unga nisbatan sajdagohdagi fohisha iborasini ishlatgan. Kanʼondagi odatga koʻra, odamlar sajdagohlardagi fohishalar bilan jinsiy aloqa qilganlarida, shu yoʻl bilan Kanʼondagi xalqlar xudolariga topinib, farovonlik ato qilishni soʻrardilar. yoʻq, — deb javob berishdi oʻsha odamlar.
22Xirax Yahudoning oldiga qaytib kelib:
— U ayolni topa olmadim, — dedi, — shahar odamlari ham, bu yerda hech qanday fohisha yoʻq, deb aytishdi.
23— Mayli, oʻsha narsalarim u ayolga qolaversin, — dedi. — Men unga uloqcha joʻnatgandim, sen topa olmading. Aks holda, masxara boʻlardik.
24Taxminan uch oydan keyin Yahudo: “Kelining Tamara fohisha ekan, homilador boʻlib qolibdi” degan gapni eshitdi.
— Uni shahardan tashqariga olib chiqib yoqib yuboringlar! — deb buyurdi Yahudo.
25Tamarani olib chiqqanlarida, u qaynatasiga shu xabarni yubordi: “Men mana bu bogʻichi bor muhr va tayoqning egasidan homilador boʻlganman, iltimos, bu narsalarning egasini aniqlasangiz.” 26Yahudo bu narsalarni tanib, dedi: “Men zimmamdagi majburiyatimni bajarmadim — Tamarani oʻgʻlim Sheloga olib bermadim, Tamara esa toʻgʻri ish qildi.” Shundan keyin Yahudo Tamara bilan boshqa boʻlmadi.
27Tamaraning koʻzi yoriydigan payt yaqinlashganda, uning qornida egizaklar borligi maʼlum boʻldi. 28Tamara tugʻayotganda, egizaklardan biri qoʻlini tashqariga chiqardi. Doya: “Bunisi birinchi boʻlib tugʻildi”, deb chaqaloqning qoʻliga qizil ip bogʻlab qoʻydi. 29Lekin chaqaloq qoʻlini ichkariga tortib olishi bilanoq ikkinchisi tugʻildi. Doya: “Sen yoʻlingni oʻzing yorib chiqding!” dedi. Shu sababdan unga Paraz#38:29 Paraz — ibroniychadagi maʼnosi yorib chiqmoq. deb ism qoʻyildi. 30Soʻngra qoʻliga qizil ip bogʻlangan chaqaloq tugʻildi. Unga Zerax#38:30 Zerax — bu ism ibroniychadagi shafaqday qizil soʻziga ohangdosh, chaqaloqning qoʻlidagi qizil ip nazarda tutilgan boʻlishi mumkin. deb ism qoʻyildi.
Currently Selected:
Ibtido 38: O‘zbMK
Highlight
Share
Copy
Want to have your highlights saved across all your devices? Sign up or sign in
© Muqaddas Kitobni tarjima qilish instituti, 2016, 2018, 2020