YouVersion Logo
Search Icon

Chiqish 5

5
5–BOB
Muso bilan Horun firʼavn huzurida
1Shundan keyin Muso bilan Horun firʼavn huzuriga borib, unga shunday dedilar:
— Isroil xalqining Xudosi — Egamiz shunday aytmoqda: “Xalqimga ijozat ber, ular sahro ichkarisiga borib, Menga atab bayram nishonlashsin.”
2Firʼavn esa:
— Egangiz kim oʻzi?! Uning soʻziga kirib men Isroil xalqini qoʻyib yuboraymi?! — dedi. — Egangizni tanimayman, Isroil xalqining ketishiga esa ijozat bermayman.
3Shunda Muso bilan Horun:
— Ibroniylarning Xudosi bizga Oʻzini zohir qildi, — deb javob berishdi. — Ijozat bering, sahroda uch kun yoʻl yurib borib, Egamiz Xudoga qurbonliklar keltiraylik. Aks holda, U bizni yo oʻlatga mubtalo qiladi, yoki qilichning damiga roʻpara qilib jazolaydi.
4Lekin Misr firʼavni:
— Ey Muso! Ey Horun! Nimaga xalqni ishdan qoldiryapsizlar?! — dedi. — Boringlar, ishlaringizni qilinglar! 5Qaranglar, bu yerda qancha qarollar#5:5 qarollar — ibroniycha matndan soʻzma–soʻz tarjimasi yerli xalq, ibroniy qarollariga ishora. bor–a! Sizlar boʻlsa, ularni chalgʻitib, ishdan qoʻymoqchisizlar!
6Oʻsha kuni firʼavn Isroil xalqining tepasida turgan Misrlik nazoratchilarga va Isroil xalqidan boʻlgan ishboshilarga shunday farmon berdi: 7“Isroil xalqiga gʻisht quygani endi oldingiday somon bermanglar. Oʻzlari yurib somon yigʻishsin. 8Oldin qancha gʻisht quyishgan boʻlsa, bundan keyin ham shuncha gʻisht quyishga majbur qilinglar. Gʻisht quyish miqdorini hech ham kamaytirmanglar. Ular dangasa xalq. Shuning uchun ular, ijozat bering, borib, Xudoyimizga qurbonliklar keltiraylik, deb nola qilishyapti. 9Ularni shunaqangi ishlatinglarki, ish bilan qattiq band boʻlib, behuda gaplarga quloq solishmasin#5:9 …behuda gaplarga quloq solishmasin — yaʼni Muso va Horun Isroil xalqiga aytgan gaplarga (4:29-31 ga qarang)..”
10Shunday qilib, Isroil xalqining tepasida turgan Misrlik nazoratchilar bilan Isroil xalqidan boʻlgan ishboshilar borib, Isroil xalqiga aytdilar:
— Firʼavn shunday demoqda: “Sizlarga endi somon bermayman. 11Boringlar! Qayerdan boʻlsa ham oʻzlaringiz somon topinglar. Lekin quyayotgan gʻishtingizning miqdori aslo kamaymasin.”
12Isroil xalqi somon oʻrniga xas–choʻp yigʻish uchun butun Misr yurti boʻylab tarqalib ketdi. 13Nazoratchilar esa ularni siquvga olar edilar. “Kundalik ishlaringizni somon berilgan kunlardagiday kamaytirmasdan bajaringlar”, deb aytardilar. 14Firʼavnning nazoratchilari oʻzlari xizmatga tayinlagan Isroil xalqi ishboshilarini kaltaklab: “Nimaga kecha ham, bugun ham, oldingiday, belgilangan miqdordagi gʻishtni quymayapsizlar?” deb talab qilardilar.
15Shundan soʻng Isroil xalqining ishboshilari firʼavn huzuriga borib, faryod qildilar:
— Nimaga biz, qullaringizga, bunday muomala qilyapsiz? 16Bizga somon berishmaydi–yu, “Gʻisht quyinglar!” deb buyruq qilishadi. Biz kaltak ostida qoldik–ku! Aybdor esa sizning odamlaringiz.
17Firʼavn esa:
— Dangasasizlar, dangasa! — deya javob berdi. — Shuning uchun: “Ijozat ber, borib, Egamizga qurbonliklar keltiraylik”, deyaverasizlar. 18Boringlar, ishlanglar! Sizlarga somon berilmaydi. Lekin belgilangan miqdordagi gʻishtni quyasizlar.
19Shunda Isroil xalqining ishboshilari: “Kunda belgilangan gʻisht miqdorini kamaytirmasdan quyasizlar!” degan gapni eshitib, qiyin ahvolda qolganlarini tushundilar. 20Ular firʼavn huzuridan chiqishlari bilan, Muso bilan Horunga duch kelishdi. Ikkovi ularni kutib turgan edi. 21Isroil xalqi ishboshilari:
— Sizlar bizni firʼavnga, uning aʼyonlariga yomon koʻrsatib qoʻydingizlar, — deyishdi. — Bizni oʻldirishiga sabab topib berdingiz. Egamiz qilmishlaringizni koʻrib, jazoingizni bersin!
Muso Egamizga shikoyat qiladi
22Shundan keyin Muso ularning oldidan ketib, Egamizga iltijo qildi:
— Yo Rabbiy! Nimaga bu xalqni shunchalik kulfatga qoʻyding? Nimaga meni yubording? 23Firʼavnga Sening xabaringni olib kelishim bilanoq, u xalqingga battar vahshiylik qila boshladi. Sen esa Oʻzingning xalqingni ozod qilmading.

Currently Selected:

Chiqish 5: O‘zbMK

Highlight

Share

Copy

None

Want to have your highlights saved across all your devices? Sign up or sign in