YouVersion Logo
Search Icon

Chiqish 29

29
29–BOB
Horun va uning oʻgʻillarini ruhoniy qilib bagʻishlash toʻgʻrisida koʻrsatmalar
1Horun bilan uning oʻgʻillari ruhoniy boʻlib Menga xizmat qiladilar. Shuning uchun ularni Menga bagʻishlab, quyidagicha marosim oʻtkaz. Nuqsonsiz bitta buqani va ikkita qoʻchqorni ol. 2Sifatli bugʻdoy unidan qilingan xamirturushsiz nonlarni, zaytun moyi qoʻshilgan xamirturushsiz nonlarni va zaytun moyi surtilgan xamirturushsiz chalpaklarni ham pishirtir. 3Shundan keyin nonlarni savatga solib, buqa va ikkala qoʻchqor bilan birga Menga nazr qilib olib kel. 4Horun bilan oʻgʻillarini Uchrashuv chodiri kiraverishiga olib kel. Hammalarini yuvintir. 5Soʻngra ruhoniylik liboslarini ol. Horunga koʻylakni va ridoni, efodni, koʻkrakpechni kiygiz#29:5 Horunga…kiygiz — oliy ruhoniy Horun koʻylagi ustidan belbogʻ bogʻlagan, lekin bu belbogʻ rido va efodning tagida boʻlgan (Levilar 8:7 ga qarang). Bu haqda keyinroq, shu bobning 9–oyatida aytib oʻtiladi (yana 28:2-4 ga qarang).. Beliga efodning nafis naqshinkor kamarini bogʻla. 6Keyin Horunning boshiga sallani kiygizib, sallaning ustiga oltin lavhani — uni boshqalardan ajratib turadigan muqaddaslik ramzini oʻrnashtir. 7Soʻngra muqaddas qiladigan moyni#29:7 muqaddas qiladigan moy — 25:6 izohiga qarang. olib, uning boshiga surt va uni Mening xizmatimga bagʻishla. 8Horunning oʻgʻillarini olib kelib, ularga koʻylakni kiygizib, 9boshlariga peshanabogʻ bogʻla. Horun bilan oʻgʻillariga yana belbogʻ bogʻla. Doimiy qonun–qoida boʻyicha ruhoniylik ularniki boʻladi.
Soʻng Horun va uning oʻgʻillarini ruhoniylik xizmatiga tayinla. 10Buqani Uchrashuv chodiri oldiga olib kel. Horun bilan oʻgʻillari esa buqaning boshiga qoʻllarini qoʻyishgach, 11Uchrashuv chodiriga kiraverishda Men, Egangizning huzurida buqani soʻy. 12Buqaning qonidan olib, barmogʻing bilan qurbongohning shoxlariga#29:12 qurbongohning shoxlari — 27:2 ga qarang. qonni surt. Ortgan qonning hammasini esa qurbongohning yoniga toʻk. 13Ichak–chovoqlarini qoplab turgan hamma yogʻlarini, jigarning aʼlo qismini#29:13 jigarning aʼlo qismi — ibroniycha matndan soʻzma–soʻz tarjimasi jigarning turtib chiqqan joyi (shu bobning 22–oyatida ham bor). Bu oʻrinda nima uchun jigarning aynan shu qismi haqida soʻz ketgani aniq emas. Baʼzi olimlarning fikri boʻyicha, jigarning bu qismi eng aʼlo qism hisoblanib, Egamizga atab kuydirishga loyiq edi. Boshqalarning aytishicha esa, butparast xalqlar jigarning bu qismini fol ochishda ishlatganlari uchun, uni kuydirib yoʻq qilish kerak edi. Boshqa olimlar esa bu oʻrindagi ibroniycha soʻzni “jigarni qoplab turgan parda” deb talqin qilishadi., ikkala buyragini va buyrak atrofidagi yogʻlarini olib, qurbongohda kuydir. 14Buqaning goʻshtini, terisini, chiqindilarini qarorgohdan tashqariga olib chiqib kuydir. Bu gunoh qurbonligidir#29:14 gunoh qurbonligi — birortasi bilmay qilgan gunohi uchun Xudodan kechirim soʻrab keltirgan qurbonligi. Toʻliqroq maʼlumotga ega boʻlish uchun lugʻatdagi QURBONLIK soʻzi ostida berilgan GUNOH QURBONLIGI iborasiga qarang..
15Soʻngra qoʻchqorning bittasini olib kel. Horun bilan oʻgʻillari qoʻchqorning boshiga qoʻllarini qoʻyishgach, 16qoʻchqorni soʻyib, qonidan olgin–da, qurbongohning toʻrtala yon tomoniga sep. 17Qoʻchqorning tanasini boʻlaklab, ichak–chovoqlarini, oyoqlarini yuv. Qoʻchqorning bu aʼzolarini boʻlaklangan tanasi va kallasi ustiga qoʻyib, 18qoʻchqorni qurbongohda kuydir. Olovda kuydirilgan bu qurbonlikdan Men, Egangizga yoqimli hid keladi.
19Keyin ikkinchi qoʻchqorni olib kel. Horun bilan oʻgʻillari qoʻllarini qoʻchqorning boshiga qoʻygach, 20qoʻchqorni soʻyib, qonini ol. Soʻngra Horun bilan oʻgʻillarining oʻng qulogʻi solinchagiga#29:20 solinchak — quloqning pastki yumshoq qismi., oʻng qoʻlining bosh barmogʻiga, oʻng oyogʻining bosh barmogʻiga qon surt. Soʻngra qurbongohning toʻrtala yon tomoniga qon sep. 21Keyin qurbongohdagi qondan, muqaddas qiladigan moydan olib, Horun bilan oʻgʻillariga, hammalarining ruhoniylik liboslariga sachrat. Shunday qilib, Horun bilan oʻgʻillari, hammalarining liboslari muqaddas boʻladi.
22Bu qoʻchqordan Horun va uning oʻgʻillarini ruhoniylikka tayinlash marosimida foydalaniladi. Shuning uchun qoʻchqorning oʻng sonini, ichak–chovoqlarini qoplab turgan hamma yogʻlarini, jigarning aʼlo qismini, ikkala buyragini va buyrak atrofidagi yogʻlarni ol. 23Yana Men, Egangizning huzuridagi savatdan sifatli bugʻdoy unidan qilingan xamirturushsiz nondan bittasini, zaytun moyi qoʻshilgan xamirturushsiz nondan bittasini va zaytun moyi surtilgan xamirturushsiz chalpakdan bittasini ol.
24Bularning hammasini Horun va oʻgʻillarining qoʻllariga qoʻy. Bularni ular Men, Egangizga bagʻishlaganlarini koʻrsatish uchun yuqoriga koʻtarishsin. 25Soʻngra bu hamma nazrlarni ularning qoʻllaridan olib, qurbongohda birinchi kuydiriladigan qoʻchqor bilan kuydir. Olovda kuydirilgan bu nazrlardan ham Men, Egangizga yoqimli hid keladi.
26Soʻngra ruhoniylikka tayinlash marosimida foydalaniladigan oʻsha ikkinchi qoʻchqorning toʻshini olib, Men, Egangizga bagʻishlaganini koʻrsatish uchun yuqoriga koʻtar. Bunisi sening ulushing boʻladi.
27Horun va uning oʻgʻillari Mening huzurimda ruhoniylikka tayinlanish marosimida qoʻchqorning yuqoriga koʻtariladigan qismlari — toʻshi va soni muqaddas deb qaraladi. 28Kelgusida Isroil xalqi Men, Egangizga tinchlik qurbonliklari qilganlarida, bu qismlar Horun va uning oʻgʻillariga doimiy ulush qilib berilsin.
29Horunning muqaddas ruhoniylik liboslari oʻzidan keyin uning nasllariniki boʻlsin. Horunning nasllariga shu liboslarda moy surtilib, shu liboslarda ular oliy ruhoniylikka tayinlanadilar. 30Horunning oʻrniga oliy ruhoniy boʻlib Muqaddas xonada xizmat qilish uchun Uchrashuv chodiriga kiradigan oʻgʻli bu liboslarni yetti kun kiyib yursin.
31Endi ruhoniylikka tayinlanish marosimida qurbonlik qilingan qoʻchqorning goʻshtini olib, muqaddas joyda qaynat. 32Horun bilan oʻgʻillari Uchrashuv chodiriga kiraverishda qoʻchqor goʻshtidan va savatdagi nonlardan#29:32 savatdagi nonlar — shu bobning 2-3, 23–oyatlariga qarang. tanovul qilishsin. 33Faqat ular bu goʻshtdan va nondan tanovul qila oladilar. Horun va uning oʻgʻillarini ruhoniylikka tayinlash va bagʻishlash marosimida ularni gunohdan poklash uchun oʻsha non va goʻshtdan foydalaniladi. Bu goʻsht va non muqaddas boʻlgani uchun ruhoniy boʻlmagan odamlar bulardan tanovul qila olmaydi. 34Agar ruhoniylikka tayinlanish marosimida qurbonlik qilingan hayvon goʻshtidan va nonlar nazridan ertalabgacha qolsa, qolganlarini olovda kuydir. Bular muqaddas boʻlgani uchun tanovul qilish mumkin emas.
35Men senga amr etganimday, yetti kun davomida har kuni Horun va uning oʻgʻillari uchun ruhoniylikka tayinlanish marosimini takrorla. 36Ularni gunohlaridan poklash uchun har kuni buqani qurbonlik qil. Qurbongohni poklash uchun marosim oʻtkaz. Qurbongohga moydan surtib, muqaddas qil. 37Yetti kun davomida har kuni shunday qil. Ana shunda qurbongoh gʻoyat muqaddas boʻladi. Birontasi yoki biron narsa qurbongohga tegib ketsa ham, u muqaddas boʻladi.
Kundalik nazrlar toʻgʻrisida koʻrsatmalar
38Har kuni ikkita bir yoshli qoʻzini qurbongohda qurbonlik qilib kuydir. 39Bitta qoʻzini ertalab, ikkinchisini kechqurun qurbonlik qil. 40-41Har bir qoʻziga qoʻshib, ikki kosa#29:40-41 ikki kosa — ibroniycha matnda chorak xin, taxminan 1 litrga toʻgʻri keladi (shu oyatda ikki marta ishlatilgan). toza zaytun moyi aralashtirilgan toʻrt kosa#29:40-41 toʻrt kosa — ibroniycha matnda efaning oʻndan bir qismi, taxminan 2 litrga toʻgʻri keladi. sifatli unni don nazri qilib keltir. Shu bilan birga, ikki kosa sharob nazrini ham keltir. Olovda kuydiriladigan bu qurbonliklardan Men, Egangizga yoqimli hid keladi. 42Kuydiriladigan bu ikki qurbonlik Men, Egangizning huzurida Uchrashuv chodiriga kiraverishda avlodlar osha qilinsin. Oʻsha yerda Men sen bilan uchrashib, gaplashaman.
43Uchrashuv chodirida Men zohir boʻlib, Isroil xalqi bilan uchrashaman, ulugʻvorligimdan bu joy muqaddas boʻladi. 44Men Uchrashuv chodirini va qurbongohni muqaddas qilaman. Horun bilan oʻgʻillari ruhoniy boʻlib Menga xizmat qilishlari uchun ularni ham muqaddas qilaman. 45Men Isroil xalqi orasida istiqomat qilaman, ularning Xudosi boʻlaman. 46Shunda ular Egasi Xudo Men ekanligimni bilib oladilar. Axir, Men Isroil xalqi orasida istiqomat qilay deb, ularni Misr yurtidan olib chiqqanman. Men ularning Egasi Xudoman.

Currently Selected:

Chiqish 29: O‘zbMK

Highlight

Share

Copy

None

Want to have your highlights saved across all your devices? Sign up or sign in