YouVersion Logo
Search Icon

Chiqish 28

28
28–BOB
Ruhoniylik liboslariga oid koʻrsatmalar
1Isroil xalqi orasidan akang Horunni va u bilan birga uning oʻgʻillarini yoningga chaqir. Horun ham, uning oʻgʻillari Nadov, Abihu, Elazar, Itamar ham ruhoniy boʻlib Menga xizmat qilishsin. 2Akang Horunni salobatli va koʻrkam qilish uchun unga muqaddas ruhoniylik liboslarini#28:2 ruhoniylik liboslari — lugʻatdagi RUHONIY soʻzi ostida berilgan OLIY RUHONIY iborasiga ishlangan rasmlarga qarang. tiktir. 3-4Men qobiliyat ato qilgan hamma mohir ustalarga ayt. Ular Horunga quyidagi ruhoniylik liboslarini tikishsin: koʻkrakpech, efod, rido, naqshli koʻylak, salla va belbogʻ. Horun Menga xizmat qilganda, bu liboslar uni muqaddas qilib boshqalardan ajratib turadi. Horun oʻgʻillari kiyishlari uchun ularga muqaddas liboslar tiktir, toki ular ruhoniy boʻlib Menga xizmat qilganlarida, bu liboslarni kiyishsin. 5Ular bu liboslarni mayin zigʻir matosidan tikib, koʻk, safsar, qirmizi va zar iplar bilan bezatishsin.
Oliy ruhoniy uchun efod
6Efodni#28:6 Efod — lugʻatdagi RUHONIY soʻzi ostida berilgan OLIY RUHONIY iborasiga ishlangan rasmlarga qarang. mayin zigʻir matosidan yasatib, ustiga koʻk, safsar, qirmizi va zar iplardan nafis naqsh soldir. 7U bir–biriga ikkita yelka bogʻichi bilan bogʻlangan old va orqa qismlardan iborat boʻlsin. 8Kamar yasatib, uni efodga bogʻlat. Kamarni ham mayin zigʻir matosidan qildir. Unga koʻk, safsar, qirmizi va zar iplardan nafis naqsh soldir. 9-11Keyin ikkita aqiq tosh olib, usta qimmatbaho toshga muhr oʻyadiganday, bu toshlarga Isroil oʻgʻillarining ismini oʻyib yozdir. Bitta toshga Isroil oʻgʻillaridan oltitasining ismini, ikkinchi toshga qolgan oltitasining ismini yoshi boʻyicha yozdir. Yozilgan toshlarni oltindan qilingan naqshli uyalar ichiga qoʻydirib, 12efodning yelka bogʻichlariga oʻrnashtir. Horun Men, Egangizning huzuriga kirganda, Isroilning oʻn ikki qabilasini eslatib turish uchun ikkala yelkasida bu toshlarni olib yuradi. 13Yana ikkita naqshli, oltin uya va 14toza oltindan ipga oʻxshatib eshilgan ikkita zanjir yasat. Bu ikkala zanjirning bir uchi uyaga mahkamlanadi#28:14 Bu ikkala zanjirning bir uchi uyaga mahkamlanadi — ushbu oltin zanjirlar va uyalar yordamida koʻkrakpech efodning yelka bogʻichlariga bogʻlanadi (shu bobning 22-25–oyatlariga qarang). Bu oyatdagi uyalar shu bobning 9-11–oyatlaridagi uyalardan boshqa..
Oliy ruhoniy uchun koʻkrakpech
15Oliy ruhoniy uchun koʻkrakpech#28:15 koʻkrakpech — lugʻatdagi KOʻKRAKPECH soʻziga ishlangan rasmga qarang. yasat. U hukm qilayotganda, Xudoning xohishini bilish uchun mana shu koʻkrakpechdan foydalanadi#28:15 …koʻkrakpech yasat. U hukm qilayotganda, Xudoning xohishini bilish uchun mana shu koʻkrakpechdan foydalanadi — ibroniycha matnda …hukm koʻkrakpechi yasat. Koʻkrakpechning xaltasida Urim va Tummim degan muqaddas narsalar saqlangan. Ayrim hollarda ruhoniylar Xudoning xohishini bilish uchun Urim va Tummimdan foydalanishgan (Sahroda 27:21, 1 Shohlar 14:41, 28:6, Ezra 2:63, Naximiyo 7:65 ga qarang). Taxminlarga koʻra, bular qurʼa tashlashda ishlatilgan boʻlib, biri “ha”, ikkinchisi “yoʻq”ni bildirardi. Shu sababdan koʻkrakpech “hukm koʻkrakpechi” deb nomlangan edi (shu bobning 30–oyatiga qarang).. Koʻkrakpechni, efod singari, mayin zigʻir matosidan yasatib, ustiga koʻk, safsar, qirmizi va zar iplardan nafis naqsh soldir. 16Koʻkrakpechni toʻrtburchak xalta shaklida, ikki buklangan, boʻyi bir qarich, eniga ham bir qarich qilib yasat. 17Koʻkrakpechga toʻrt qator toshni#28:17 toʻrt qator tosh — ibroniycha matnda aytib oʻtilgan baʼzi qimmatbaho toshlarning turi bahsli. toʻgʻri qilib terdir: qizil yoqut, xrizolit va zumrad toshlarni birinchi qatorga terdir. 18Ikkinchi qatorga firuza, zangori yoqut va olmosni terdir. 19Uchinchi qatorga lojuvard, agat va ametist toshlarni terdir. 20Toʻrtinchi qatorga topaz, aqiq va yashma toshlarni terdir. Hamma toshlar oltindan qilingan naqshli uyalarga oʻrnashtirilsin. 21Bu oʻn ikki tosh Isroilning oʻn ikki qabilasini eslatib turadi. Muhr oʻyganday qilib, Isroilning oʻn ikki oʻgʻlidan har birining ismini bu toshlarning har biriga oʻyib yozdir.
22-23Ikkita oltin halqa yasatib, koʻkrakpechning ikkala ustki burchaklariga mahkamlat. Toza oltindan ipga oʻxshatib eshilgan ikkita zanjirni ol#28:22-23 …ikkita zanjirni ol — shu bobning 14–oyatida aytib oʻtilgan ikkita zanjirga ishora.. 24Ikkala zanjirning bir uchini koʻkrakpechdagi halqalarga bogʻlat, 25ikkinchi uchini naqshli oltin uyalarga mahkamlat#28:25 …ikkinchi uchini naqshli oltin uyalarga mahkamlat — bu gap shu bobning 14–oyatida berilgan koʻrsatmaning takroridir.. Uyalarni efodning old tomonidagi yelka bogʻichlariga oʻrnashtir. 26-27Yana oltindan toʻrtta halqa yasat. Ikkitasini koʻkrakpechning ostki burchaklariga — efodga yaqin boʻlgan ichki qirgʻogʻiga mahkamlat. Ikkitasini efodning old tomoniga, ikkala yelka bogʻichining pastiga — naqshli kamar ustidagi joyga mahkamlat. 28Koʻkrakpech efodning naqshli kamari ustida boʻlsin, efoddan osilib turmasligi uchun koʻkrakpech halqalari yordamida efodning halqalariga koʻk bogʻich bilan mahkamlanadi.
29Horun har safar Muqaddas xonaga kirganda koʻkrakpechdagi#28:29 koʻkrakpech — ibroniycha matnda hukm koʻkrakpechi (shu bobning 30–oyatida ham bor). Shu bobning 15–oyatiga berilgan ikkinchi izohga qarang. oʻn ikki Isroil qabilasining ismi uning yuragi tepasida boʻladi. Shunday qilib, Horun Men, Egangizning huzurida boʻlganda, koʻkrakpech doimo Menga Isroil qabilalarini eslatib turadi. 30Urim va Tummimni koʻkrakpech xaltasining ichiga sol, toki Horun Mening huzurimga kirganda, xalqim uchun Mening xohishimni bilgani foydalaniladigan oʻsha narsalarni doimo yuragi tepasida koʻtarib yursin.
Boshqa ruhoniylik liboslari
31Efodning ridosini#28:31 Efodning ridosi — uzun, yengsiz bir kiyim boʻlishi mumkin. Rido efodning tagidan, naqshli koʻylakning ustidan kiyilar edi (29:5 ga va Levilar 8:7 ga qarang). koʻk ipdan toʻqilgan matodan tiktir. 32Ridoning oʻrtasidan bosh sigʻadigan teshik qildir. Rido yirtilib ketmasligi uchun teshikning chetini toʻqit. 33-34Rido etagining uchiga aylanasi boʻylab anor#28:33-34 anor — qadimgi paytlarda hayot ramzi edi. shaklini va qoʻngʻiroqchalarni birin–ketin qilib bittama–bitta ostirib chiq. Anor shaklini koʻk, safsar va qirmizi iplardan qildir. Oltin qoʻngʻiroqchalarni anor shakli oralariga ostir. 35Men, Egangizning huzurida Horun oliy ruhoniy boʻlib xizmat qilganda, shu ridoni kiyishi kerak. U Muqaddas xonaga kirganda va u yerda boʻlganda, ridoning qoʻngʻiroqchalari chalinadi, shunda Horun xavf–xatardan yiroq boʻlib, oʻlmaydi.
36Keyin toza oltindan lavha yasat. Lavhaning yuzasiga muhr oʻyganday qilib, «Egamizga bagʻishlangan», deb oʻyib yozdir. 37Lavhani koʻk bogʻich bilan sallaning old tomoniga mahkamlat. 38Isroil xalqining ehsonlari Menga qabul boʻlishi uchun Horun doimo oʻz ruhoniylik vazifasini bajarganda, lavhani peshanasida olib yursin. Isroil xalqi nazr qilganda, Horunning nazrlarga oid gunohni yuvish vazifasining ramzi shu lavha boʻladi.
39Horunning koʻylagini va sallasini mayin zigʻir matosidan qildir, koʻylagiga naqsh soldir. Yana belbogʻini qildir, uni ham naqsh bilan bezat. 40Horunning oʻgʻillarini salobatli va koʻrkam qilish uchun ularga koʻylaklar, belbogʻlar, peshanabogʻlar tiktir. 41Akang Horun va uning oʻgʻillari ruhoniy boʻlib Menga xizmat qilishlari uchun ularni bagʻishla: bu liboslarni ularga kiygizib, moy surt, ularni ruhoniy qilib tayinla.
42Tananing ochiq joylari koʻrinib qolmasin#28:42 Tananing ochiq joylari koʻrinib qolmasin… — 20:26 izohiga qarang. deb, yana ularga zigʻir matosidan ishtonlar tiktir. Kiyimlar ularning belidan sonigacha yopib tursin. 43Horun va uning oʻgʻillari Uchrashuv chodiriga kirganlarida yoki Muqaddas xonada xizmat qilish uchun qurbongohga yaqinlashganlarida, shu ichki kiyimlarni kiyib olsin. Shunda Horun va uning oʻgʻillari ochiq joylarini berkitmagani uchun aybdor boʻlib oʻldirilmaydi. Horun va uning nasliga doimiy qonun–qoida ana shudir.

Currently Selected:

Chiqish 28: O‘zbMK

Highlight

Share

Copy

None

Want to have your highlights saved across all your devices? Sign up or sign in