YouVersion Logo
Search Icon

Chiqish 21

21
21–BOB
Qullar toʻgʻrisida qonun–qoidalar
1Egamiz yana Musoga aytdi: “Sen ularga yetkazadigan qonun–qoidalar quyidagicha:
2Agar ibroniy erkak sizlarga qul boʻlib sotilsa#21:2 Agar ibroniy erkak sizlarga qul boʻlib sotilsa… — qadimgi Isroilda odamlar qarzini toʻlash uchun baʼzan oʻzlarini qullikka sotishgan yoki oila aʼzolari tomonidan qul qilib sotilganlar., u sizlarga olti yil xizmat qilsin. Yettinchi yili esa u ozod boʻlsin, qarzi yoʻq deb hisoblansin. 3Uni sotib olganingizda, boʻydoq boʻlsa, boʻydoqligicha chiqib ketsin. Agar u uylangan boʻlsa, xotini ham u bilan birga ketsin. 4Agar xoʻjayini oʻsha qulni uylantirib qoʻygan va xotini farzand koʻrgan boʻlsa, xotini va bolalari xoʻjayinnikida qolib, bir oʻzi chiqib ketsin. 5Lekin qul:
— Men xoʻjayinimni, xotinimni va bolalarimni yaxshi koʻraman, ozod boʻlib chiqib ketmayman, — deb aytsa, 6xoʻjayini uni hakamlar huzuriga#21:6 …hakamlar huzuriga… — yoki …Mening huzurimga…, yaʼni Xudo huzuriga. Bu oʻrindagi ibroniycha soʻz Xudoga, ilohiy zotlarga yoki insoniy hukmdoru hakamlarga ishora qilgan boʻlishi mumkin. Bu oʻrinda Xudoning hokimiyati bilan ish yuritgan hakamlar nazarda tutilgan. olib kelsin. Xoʻjayin uning qulogʻini eshikka yoki eshik kesakisiga#21:6 kesaki — eshik oʻrnatilgan chorchoʻp. qoʻyib, bigiz bilan teshsin. Oʻshanda bu odam umrining oxirigacha xoʻjayiniga qul boʻlib qoladi.
7Biror odam oʻz qizini choʻrilikka sotsa, u qiz, erkaklar singari, olti yil tugamaguncha ozod boʻlmaydi. 8Agar qiz birortasiga sotilsa–yu, oʻsha odam unga uylanishni niyat qilgan boʻlsa, ammo u qizni yoqtirmay qolsa, qiz otasiga qaytarib sotilsin. Xoʻjayin qizni begonalarga sotishi mumkin emas. Aks holda, kelishuvni bekor qilishga olib kelgan boʻlardi. Xoʻjayin qizni sotib olganda, oʻrtada kelishuv boʻlgan. 9Bordi–yu, qizni oʻgʻliga choʻri qilib sotib olib bergan boʻlsa, unga qiziday muomala qilsin. 10Agar xoʻjayin choʻriga uylanib, soʻngra boshqa xotinga uylangan boʻlsa, choʻrini oziq–ovqat yoki kiyim–kechakdan, yo xotini sifatida u bilan yotishdan mahrum qilmasin. 11Agar oʻsha odam ana shu uch yoʻlni choʻriga qilmasa, choʻri qarz boʻlmasdan, pul toʻlamay ketaversin.
Zoʻravonlik toʻgʻrisida qonun–qoidalar
12Birortasi boshqasini urib oʻldirib qoʻysa, urgan odamning jazosi oʻlimdir. 13Lekin birortasi qasddan qilmay, Men, Xudoyingiz, shunga yoʻl qoʻygan boʻlsam, u qochib boradigan joyni Men tayinlayman. 14Bordi–yu, birortasi boshqa bir odamni hiyla bilan qasddan oʻldirsa, jonini saqlash uchun Menga atalgan qurbongohga qochib borsa#21:14 …Menga atalgan qurbongohga qochib borsa… — qurbongoh muqaddas hisoblangani uchun, qurbongohga qochib borgan odam aybi isbotlanguncha oʻlim jazosidan holi hisoblanar edi. Bu oyatdagi vaziyatda qotil odamni qasddan oʻldirgani maʼlum boʻlgani uchun, hatto qurbongoh ham uni haqqoniy jazodan qutqara olmasdi., uni qurbongohdan olib chiqib oʻlimga hukm qilish lozim.
15Oʻz otasi yoki onasiga qoʻl koʻtarganning jazosi oʻlimdir.
16Kimki birortasini oʻgʻirlab, oʻgʻirlagan odamini sotib yuborsa yoki hali ham ushlab turgan boʻlsa, oʻshaning jazosi oʻlimdir.
17Kimki otasini yoki onasini xoʻrlasa, oʻsha odamning jazosi oʻlimdir.
18Ikki kishi janjallashib, biri ikkinchisini tosh yoki musht bilan ursa–yu, u oʻlmay, toʻshakka yotib qolsa, 19lekin oʻrnidan turib, tayoq bilan uydan chiqa olsa, urgan odam javobgar boʻlmasin. Faqat jarohatlangan odamga yoʻqotgan vaqti, davolanishi uchun pul toʻlasin.
20Birortasi oʻz qulini yoki choʻrisini tayoq bilan urib oʻldirib qoʻysa, kaltaklangan odam uning qoʻlidan oʻlsa, urgan odam jazolanishi lozim. 21Lekin xoʻjayin qul yoki choʻrini ursa–yu, u bir–ikki kundan keyin oʻlib qolsa, xoʻjayin jazolanmasin. Oʻz mulkidan ayrilgani unga yetarli jazodir.
22Urishayotgan odamlar homilador ayolni turtib yuborsalar, ayol chala tugʻib qoʻysa–yu#21:22 …ayol chala tugʻib qoʻysa–yu… — yoki …ayolning homilasi tushib qolsa–yu…., unga boshqa ziyon yetmasa, ziyon yetkazgan odam oʻsha ayolning eri talab qilgan va hakamlar belgilagan miqdordagi zararni toʻlashi lozim. 23Agar boshqa zarar yetgan boʻlsa, jon evaziga jon, 24koʻz evaziga koʻz, tish evaziga tish, qoʻl evaziga qoʻl, oyoq evaziga oyoq, 25kuyuk evaziga kuyuk, yara evaziga yara, lat yeyish evaziga lat yetkazish bilan javob bersin#21:23-25 …jon evaziga jon, 24 koʻz evaziga koʻz…25…lat yeyish evaziga lat yetkazish bilan javob bersin — bu gap qonuniy asosni tashkil qilib, keltirilgan har qanday zarar uchun odil jazo berilishi kerakligini bildiradi. Demak, bu qonunni soʻzma–soʻz tushunish kerak emas. Misol uchun, matnning boshqa joylarida odamning oʻlganiga aybdor boʻlgan kishi oʻldirilishi yoki oʻz joni evaziga pul toʻlashi kerakligi haqida yozilgan (shu bobning 29-32–oyatlariga qarang). Shuningdek, qulining koʻziga urib, uni koʻr qilib qoʻygan yoki uning tishini sindirgan odamga jazo sifatida jismoniy jarohat yetkazilmas edi. Aksincha, oʻsha odam quliga yetkazgan jarohati uchun qulini ozodlikka chiqarishi kerak edi (shu bobning 26-27–oyatlariga qarang)..
26Kimki qul yoki choʻrisining koʻziga urib koʻr qilib qoʻysa, koʻzi evaziga uni ozodlikka chiqarsin. 27Quli yoki choʻrisining tishini sindirsa ham, uni tishi evaziga ozodlikka chiqarsin.
Egalarning masʼuliyati toʻgʻrisida qonun–qoidalar
28Agar erkak yoki ayolni buqa suzib oʻldirsa, buqa toshboʻron qilib oʻldirilsin. Goʻshti esa tanovul qilinmasin. Lekin buqaning egasi aybdor hisoblanmasin. 29Biroq buqa ilgari ham suzongʻich boʻlsa–yu, egasi buni bila turib, buqasini nazorat qilmagan boʻlsa, buqa biror erkak yoki ayolni suzib oʻldirsa, buqa toshboʻron qilib oʻldirilsin. Buqaning egasiga ham jazo oʻlimdir. 30Ammo buqa egasiga oʻz hayotini saqlab qolishi uchun pul toʻlagani ijozat berilsa, u talab qilingan mablagʻni toʻlashi lozim. 31Oʻgʻil bolani suzsa ham, qiz bolani suzsa ham, shu qonun amal qilsin. 32Agar buqa qul yoki choʻrini suzsa, uning xoʻjayiniga buqa egasi oʻttiz boʻlak kumush#21:32 oʻttiz boʻlak kumush — ibroniycha matnda oʻttiz shaqal kumush, taxminan 330 grammga toʻgʻri keladi. Qadimgi paytlarda maʼlum vazndagi kumush boʻlaklari odatda pul birligi sifatida ishlatilgan. toʻlasin. Buqa esa toshboʻron qilinsin.
33Birortasi chuqur#21:33 chuqur — sardoba nazarda tutilgan boʻlishi mumkin. Sardoba — yomgʻir suvini saqlash uchun foydalanilgan chuqurlik. kovlab, ustini yopib qoʻymasa yoki yopiq chuqurning ustini ochib qoʻysa–yu, oʻsha chuqurga mol yoki eshak tushib ketsa, 34chuqurning egasi oʻlgan hayvonning egasiga tovon toʻlasin. Hayvonning jasadi esa chuqur egasiniki boʻlsin.
35Agar birortasining buqasi boshqasining buqasini suzib oʻldirib qoʻysa, tirik buqani sotib, pulini teng boʻlishsin. Oʻlgan buqani ham teng boʻlishsin. 36Ammo buqa ilgari ham suzongʻich boʻlsa–yu, egasi buni bila turib, buqasini nazorat qilmagan boʻlsa, buqa evaziga buqa bilan tovon toʻlashi kerak. Oʻlgan buqani esa oʻziga olsin.

Currently Selected:

Chiqish 21: O‘zbMK

Highlight

Share

Copy

None

Want to have your highlights saved across all your devices? Sign up or sign in