Chiqish 20
20
20–BOB
Oʻnta amr
1Keyin Xudo quyidagi soʻzlarni aytdi:
2“Men sizlarni Misrdagi qullikdan olib chiqqan Egangiz Xudoman.
3Mendan boshqa xudolarga sajda qilmang.
4Oʻzlaringizga hech qanday butni yasamang. Osmonda yo yerda yo yer ostidagi suvda mavjud boʻlgan biror narsaning shaklini yasamang. 5Oʻsha xudolar yoki butlarga#20:5 Oʻsha xudolar yoki butlarga… — ibroniycha matnda Ularga…, shu bobning 3, 4–oyatlarida aytib oʻtilgan xudolar va butlarga ishora. sajda qilmang, xizmat qilmang. Men, Egangiz Xudo, sizlarning sevgingizni boshqa xudolar bilan baham koʻrmaydigan Xudoman. Mendan nafratlanadiganlarni jazolayman, ularning gunohlari oqibatidan farzandlari, nabiralari va chevaralari ham qochib qutulmaydi. 6Lekin Meni sevib, amrlarimga rioya qiladiganlarning ming–ming avlodlariga#20:6 …ming–ming avlodlariga… — yoki …minginchi avlodiga… yoxud …minglariga…. sodiq sevgimni koʻrsataman.
7Men, Egangiz Xudoning ismini suiisteʼmol qilmang#20:7 …ismini suiisteʼmol qilmang — bunga Xudoning nomi bilan biror ishni qilaman, haqiqatni aytaman, deb qasam ichgandan keyin, oʻsha vaʼdani buzish, ontdan qaytish yoxud Xudoning nomi bilan laʼnatlash yoki Xudo aytganimni qilsin, deb qilingan har xil ishlar kiradi (misol uchun, Xudoning nomi bilan fol ochish yoki sehr–jodu qilish).. Kim Mening ismimni suiisteʼmol qilsa, oʻshani jazosiz qoldirmayman.
8Shabbat kunini muqaddas deb biling, bu kunga rioya qilib yuring. 9Hamma ishlaringizni bajarishingiz uchun olti kun bor. 10Yettinchi kun esa Men, Egangiz Xudoga atalgan Shabbat kunidir. Oʻsha kuni hech qanday ish qilmanglar. Oʻgʻillaringiz, qizlaringiz, qullaringiz, choʻrilaringiz, hayvonlaringiz, shahringizdagi musofirlar ham hech qanday ish qilishmasin. 11Men, Egangiz, olti kun davomida osmon bilan yerni, dengizni va ulardagi hamma mavjudotni yaratdim. Yettinchi kuni esa dam oldim. Shuning uchun Men, Egangiz, Shabbat kunini muborak qilib, muqaddas deb boshqa kunlardan ajratdim.
12Ota–onangizni hurmat qiling. Oʻshanda Men, Egangiz Xudo, sizlarga berayotgan yurtda umringiz uzoq boʻladi.
13Qotillik qilmang.
14Zino qilmang.
15Oʻgʻrilik qilmang.
16Qoʻshningizga qarshi yolgʻon guvohlik bermang.
17Qoʻshningizning uyiga koʻz olaytirmang. Qoʻshningizning xotini, quli yoki choʻrisi, moli yoxud eshagi, unga qarashli biror narsasiga koʻz olaytirmang.”
Isroil xalqi vahimaga tushadi
18Butun xalq chaqmoqni va togʻning tutunini koʻrdi, momaqaldiroq tovushini va burgʻuning baland ovozini eshitdi. Xalq qoʻrqqanidan titrab, uzoqroqqa borib turdi. 19Xalq Musoga aytdi:
— Bizga oʻzingiz gapiring, biz quloq solaylik. Xudo bizga gapirmasin, tagʻin oʻlib ketmaylik.
20— Qoʻrqmanglar! — dedi Muso xalqqa. — Xudo faqat sizlarni sinash uchun, Undan qoʻrqib, gunoh qilmasligingiz uchun kelgan.
21Ammo xalq uzoq masofada turaverdi. Muso Xudo turgan qalin bulutga yaqin bordi.
Qurbongohlar toʻgʻrisida koʻrsatmalar
22Soʻngra Egamiz Musoga aytdi:
— Isroil xalqiga Mening shu gapimni yetkaz: “Men sizlarga samodan gapirganimga oʻzlaringiz guvoh boʻldingiz. 23Oʻzlaringiz uchun kumush yoki oltindan xudolar yasamanglar. Mendan boshqa hech bir xudoga sajda qilmanglar. 24Men Oʻzimni sizlarga qayerda zohir qilsam, oʻsha joyda Menga atab tuproqdan qurbongoh quringlar. Shunda Men kelib, sizlarga marhamat qilaman. Oʻsha qurbongoh ustida qoʻylaringizdan, echkilaringizdan, mollaringizdan Menga kuydiriladigan va tinchlik qurbonliklari keltiringlar. 25Agarda Menga atab toshdan qurbongoh yasasangiz, uni yoʻnilgan toshdan qilmanglar. Toshga teshani tekkizganlaringizda, tosh harom boʻladi. 26Menga atalgan qurbongohga zinapoya orqali chiqmanglar, aks holda, zinapoyadan chiqayotganingizda, ochiq joylaringiz koʻrinib qoladi#20:26 …zinapoyadan chiqayotganingizda, ochiq joylaringiz koʻrinib qoladi — qadimgi Isroilda erkaklar kiyimining belidan pastki qismi keng edi. Isroil xalqi bilan munosabatda boʻlgan boshqa xalqlarning ruhoniylari sajda marosimida nomaʼqul kiyimlar kiyishar edi. Isroil xalqining ruhoniylari esa kiygan kiyimiga alohida eʼtibor berib, qurbongohda ularning yalangʻoch joylari koʻrinmasligi kerak edi (yana 28:42-43 ga qarang)..”
Currently Selected:
Chiqish 20: O‘zbMK
Highlight
Share
Copy

Want to have your highlights saved across all your devices? Sign up or sign in
© Muqaddas Kitobni tarjima qilish instituti, 2016, 2018, 2020