Chiqish 22
22
22–BOB
Mulkni himoya qilish toʻgʻrisida qonun–qoidalar
1Birortasi mol yoki qoʻyni oʻgʻirlab, soʻysa yoki sotsa, molning evaziga oʻgʻri beshta mol, qoʻyning evaziga toʻrtta qoʻy toʻlasin. 2-4Oʻgʻirlangan hayvonni oʻgʻri qaytarishi kerak boʻlsa–yu, lekin tovon toʻlay olmasa, u oʻgʻirlagan hayvon evaziga qul qilib sotilsin. Oʻgʻirlangan hayvon tiriklayin oʻgʻrining qoʻlida topilsa, topilgan hayvon mol boʻladimi yo eshak yoki qoʻy boʻladimi, ikki baravar qilib tovon toʻlasin.
Birortasi kechasi devor teshayotgan oʻgʻrini koʻrib qolib, oʻgʻrini urib oʻldirib qoʻysa, oʻgʻrini oʻldirgan odam aybdor emas. Agar oʻgʻrilik kunduzi sodir boʻlsa, qon toʻkkan odam aybdor boʻladi.
5Agar birortasi birovning dalasiga yoki uzumzoriga chorvasini oʻtlatgani qoʻyib yuborsa, chorva ekinzorni yoki uzumzorni payhon qilsa, chorva egasi oʻzining dalasidan yoki uzumzoridan yaxshi hosilini dalaning egasiga qaytarib berishi lozim.
6Agar birortasi olov yoqsa, olov changalzor boʻylab birovning dalasiga oʻtib, oʻsayotgan donni yoki oʻrib, bogʻlab qoʻyilgan gʻallani yondirib yuborsa, olov yoqqan odam hamma zararni qoplashi lozim.
7Birortasi pulini yoki buyumini qoʻshnisiga saqlash uchun bersa, ammo shular qoʻshnisining uyidan oʻgʻirlanib, oʻgʻri topilsa, oʻgʻri ikki baravar qilib toʻlashi kerak. 8Oʻgʻri topilmasa, uy egasi hakamlar huzuriga#22:8 …hakamlar huzuriga… — yoki …Mening huzurimga…. 21:6 ning birinchi izohiga qarang. kelib:
— Qoʻshnimning mulkiga qoʻlimni tekkizmaganman, — deb qasam ichsin.
9Kimdir yoʻqotib qoʻygan biror buyumi, moli, eshagi, qoʻyi, kiyimi toʻgʻrisida qoʻshnisi bilan janjallashib qolsa, bu meniki, deb daʼvo qilsa, ikkovi ham, ajrim qilamiz deb, hakamlar huzuriga borsin. Hakamlar#22:9 …hakamlar huzuriga…Hakamlar… — yoki …Mening huzurimga…Men…. 21:6 ning birinchi izohiga qarang. aybdor deb topgan odam buyum egasiga ikki baravar tovon toʻlashi kerak.
10Birortasi qoʻshnisiga eshagini yo molini yoki qoʻyini yoxud boshqa hayvonini qarab turgani bersa–yu, oʻsha hayvon oʻlib qolsa, yoki shikastlansa, yoki oʻgʻirlab olib ketilgan boʻlsa, lekin guvoh boʻlmasa#22:10 …oʻgʻirlab olib ketilgan boʻlsa, lekin guvoh boʻlmasa… — bu oʻrinda mol yaylovda oʻtlab yurgan paytda bosqinchilar tomonidan olib ketilgani nazarda tutilgan. Molning oʻgʻirlab ketilganiga guvoh boʻlmasa, molga qaragan odam oʻzining aybsizligi haqida ont ichsin, bu jinoyatda u aybdor hisoblanmaydi., 11olgan odam hayvon egasiga: «Xudo haqi, aybim yoʻq», deb qasam ichsin. Hayvon egasi qasamga ishonsin, qoʻshnisi tovon toʻlamasin. 12Bordi–yu, oʻsha hayvon qoʻshnisining aybi bilan oʻgʻirlangan boʻlsa, qoʻshnisi hayvon egasiga tovon toʻlasin. 13Agarda hayvonni biror yirtqich tilka–pora qilgan boʻlsa, dalil qilib burdalarini koʻrsatsin. Burdalangan boʻlaklari uchun u tovon toʻlamaydi.
14Birortasi boshqasining hayvonini soʻrab olgan boʻlsa–yu, hayvon shikastlansa yoki oʻlsa, lekin oʻsha paytda egasi hayvonning oldida boʻlmasa, soʻrab olgan odam hayvon uchun tovon toʻlasin. 15Agar oʻshanda egasi oʻz hayvoni yonida boʻlsa, tovon toʻlamasin. Agar hayvon yollab olingan boʻlsa, yollangan bahosi toʻlansin.
Axloq va din toʻgʻrisida qonun–qoidalar
16Kimki voyaga yetgan va unashtirilmagan qizni zoʻrlab, u bilan yotsa, oʻsha odam u qiz uchun qalin bersin, oʻsha qizga uylansin. 17Agar otasi qizni oʻsha odamga berishga rozi boʻlmasa, oʻsha odam voyaga yetgan qizlarga beriladigan miqdordagi pulni qizning oilasiga toʻlasin.
18Jodugarlarni tirik qoldirmanglar.
19Hayvon bilan jinsiy aloqa qilgan odamning jazosi oʻlimdir.
20Faqat Men, Egangizgagina qurbonlik keltiringlar. Mendan boshqa xudolarga qurbonlik keltirgan odamni oʻlimga hukm qilinglar.
21Musofirni ezib, unga zulm oʻtkazmanglar. Oʻzlaringiz ham Misrda musofir boʻlgan edingizlar.
22Bevalarga va yetimlarga jabr qilmanglar. 23Agar shunday qilsangiz, ular Menga yolvoradilar. Men ularning nolalarini eshitaman. 24Men qattiq gʻazablanib, erkaklaringizga qirgʻin keltiraman. Oqibatda xotinlaringiz beva, bolalaringiz yetim boʻlib qoladi.
25Mening xalqimdan birorta kambagʻalga qarz bersangiz, qarz beruvchi sifatida uni siquvga olmanglar, undan foiz talab qilmanglar. 26Agar qoʻshningizning toʻnini garovga olgan boʻlsangiz, kun botmasdan oldin toʻnini qaytarib bering. 27Oʻsha toʻn qoʻshningizning bittayu bitta yopinchigʻidir. Boʻlmasa, qoʻshningiz nimani yopinib uxlaydi?! U Menga yolvorganda, eshitaman. Men rahmdilman.
28Men, Xudoyingizni#22:28 Men, Xudoyingizni… — yoki Hakamlaringizni…. Bu oʻrindagi ibroniycha soʻz Xudoga, ilohiy zotlarga yoki insoniy hukmdoru hakamlarga ishora qilgan boʻlishi mumkin. xoʻrlamanglar, oqsoqollaringizdan birontasini ham qargʻamanglar.
29Xirmoningizning hosilidan, zaytun moyi va sharobdan Menga nazr qilishni kechiktirmanglar.
Toʻngʻich oʻgʻillaringizni Menga bagʻishlanglar#22:29 Toʻngʻich oʻgʻillaringizni Menga bagʻishlanglar — 13:2, 11-16 va Sahroda 18:15-16 ga qarang.. 30Mol va qoʻy–echkilaringizning birinchi erkak bolasini ham Menga bagʻishlanglar. Ular yetti kun onasi bilan boʻlsin, sakkizinchi kuni esa ularni Menga nazr qilinglar.
31Sizlar Mening muqaddas xalqim boʻlinglar. Dalada yirtqich tilka–pora qilgan hayvonning goʻshtini oʻzlaringiz yemanglar, itlarga beringlar.
Currently Selected:
Chiqish 22: O‘zbMK
Highlight
Share
Copy

Want to have your highlights saved across all your devices? Sign up or sign in
© Muqaddas Kitobni tarjima qilish instituti, 2016, 2018, 2020