YouVersion Logo
Search Icon

Chiqish 15

15
15–BOB
Muso va Maryamning gʻalaba qoʻshigʻi
1Shundan keyin Muso va Isroil xalqi Egamizga quyidagi qoʻshiqni kuyladi:
“Egamizni madh etib kuylayman. U buyuk gʻalaba keltirdi.
Otlarni, aravakashlarni dengizga uloqtirdi.
2Egamiz mening kuch–qudratimdir#15:2 …kuch–qudratimdir — yoki …qudratim, shukrona qoʻshigʻimdir..
U mening qutqaruvchimdir.
U mening Xudoyimdir, men Uni olqishlayman,
Otamning Xudosidir, men Uni ulugʻlayman.
3Ha, U jangchidir, U Egamizdir#15:3 …U jangchidir, U Egamizdir — ibroniycha matndan soʻzma–soʻz tarjimasi …YHVH jangchidir, YHVH Uning ismidir. Endi Isroil xalqi oʻz koʻzi bilan Xudoning qilgan ishlarini koʻrib, Uning kimligini toʻliqroq tushunadigan boʻldi. Xudo Oʻz xalqi Isroil uchun kurashadigan kuchli jangchidir (14:14, 25 ga qarang). Yana 3:13, 14, 15 izohlariga va 6:3 ning ikkinchi izohiga qarang..
4Firʼavnning lashkarini, jang aravalarini Egamiz dengizga uloqtirdi.
Uning sara lashkarboshilarini Qizil dengizga#15:4 Qizil dengiz — ibroniycha matnda Yom–Suf, maʼnosi Qamish dengizi (shu bobning 22–oyatida ham bor). 13:18 izohiga qarang. choʻktirdi.
5Dengiz qaʼri ularni koʻmdi.
Ular tosh singari tubsizlikka tushib ketdilar.
6Ey Egamiz, Sening qudrating azimdir.
Ey Egamiz, Sening oʻng qoʻling dushmanni rosa ezdi.
7Sen buyuk gʻalaba qozonding.
Dushmanlaringni yiqitib,
Ularga gʻazabingni sochgan eding,
Gʻazabing ularni xas–choʻp singari yondirib tashladi.
8Qahrli nafasingdan suv bir joyga yigʻilib,
Devor kabi tik turib qoldi,
Dengizning qaʼri qattiq yer boʻlib qoldi.
9Shunda dushman gerdayib aytdi:
«Orqalaridan tushaman, quvib yetaman.
Oʻljani baham koʻraman. Bulardan koʻnglim qoniqadi.
Qilichimni yalangʻochlab, ularni yana qul qilaman.»
10Qahrli nafasingdan dengiz ularni koʻmib yubordi.
Ular bahaybat suvda qoʻrgʻoshinday gʻarq boʻldilar.
11Xudolar orasida Senga oʻxshagani bormi, ey Egamiz?!
Kim Senga oʻxshar?!
Muqaddasliging bilan ulugʻvorsan Sen,
Qoʻrqinchli ishlaring bilan hamdu sanoga ilhomlantirasan,
Sen ajoyibotlar koʻrsatasan.
12Sen oʻng qoʻlingni uzatgan eding,
Gʻanimlarni yer yutdi.
13Oʻzing qutqargan oʻsha xalqni Sen sodiq sevging bilan olib borasan.
Muqaddas makoningga#15:13 Muqaddas makoning — Kanʼon yurtida joylashgan Quddusdagi Sion togʻi nazarda tutilgan boʻlishi mumkin (yana shu bobning 17–oyatiga qarang). Oʻsha yerda keyinchalik Maʼbad qurilgan edi. Maʼbad yana “Xudoning uyi” deb atalar edi. Toʻliqroq maʼlumotga ega boʻlish uchun lugʻatdagi SION soʻziga qarang. qudrating bilan ularni yetaklab borasan.
14Xalqlar eshitib buni, titrashadi:
Filist xalqi vahimaga tushib qoladi.
15Edom urugʻboshilari qoʻrquvga tushadi–ku,
Moʻab beklarini titroq bosadi–ku!
Kanʼondagi xalqlar umidsizlikka tushadi–ku!
16Ularni qoʻrquv va dahshat qamrab olar.
Ey Egamiz, Sening xalqing oʻtib ketguncha,
Oʻzing ega boʻlgan bu xalq oʻtib ketguncha,
Ular bilaging kuchi oldida toshday qotib qoladi.
17Xalqingni Oʻz togʻingga olib kelasan,
Ularni joylashtirasan uying uchun tanlagan yerga, ey Egamiz!
Qoʻllaring oʻrnatgan muqaddas maskaningga#15:17 …Oʻz togʻingga…muqaddas maskaningga… — shu bobning 13–oyati izohiga qarang.
Olib kirib joylashtirasan, ey Rabbiy!
18Egamiz abadulabad shoh boʻlib hukmronlik qiladi.”
19Firʼavnning otlari, aravakashlari va jang aravalari dengiz oʻrtasiga tushdi. Shunda Egamiz ularning ustiga dengiz suvlarini qaytarib olib keldi. Isroil xalqi esa dengiz oʻrtasidagi quruq yerdan oʻtib ketdi. Shu bois Muso va xalq qoʻshiq kuyladi.
20Horunning opasi Maryam paygʻambar childirmani qoʻliga oldi. Hamma ayollar unga ergashib, childirmalarini qoʻllariga olib, oʻynadilar. 21Maryam quyidagi naqoratni kuylab, ularga boshchilik qildi:
“Egamizni madh etib kuylang. U buyuk gʻalaba keltirdi.
Otlarni, aravakashlarni dengizga uloqtirdi.”
Taxir suv
22Muso Isroil xalqini Qizil dengizdan boshlab chiqqandan keyin, ular Shur sahrosiga bordilar. Ular sahroda uch kun yursalar ham, suv topa olmadilar. 23Undan keyin Maroga bordilar. Ammo Maroning suvi taxir boʻlgani uchun icholmadilar. Shuning uchun ham u yerga Maro#15:23 Maro — ibroniychadagi maʼnosi taxir. deb nom berilgan edi. 24Xalq esa: “Endi nima ichamiz?” deb Musoga mingʻirlab nolidi. 25Muso esa Egamizga iltijo qilgan edi, Egamiz Musoga bir choʻpni koʻrsatdi. Muso choʻpni olib suvga tashlagan edi, suv ichishga yaroqli boʻlib qoldi. Shunday qilib, oʻsha yerda Egamiz Isroil xalqini sinadi. Egamiz ularga yashash qonun–qoidasini berdi. 26U Isroil xalqiga shunday dedi: “Agar Men, Egangiz Xudoga hushyor boʻlib quloq solsangiz, Mening oldimda toʻgʻri ishlar qilsangiz, amrlarimga itoat etsangiz, hamma qonunlarimga rioya qilsangiz, oʻshanda Men Misrliklarni duchor qilgan xastaliklarning birortasiga ham sizlarni duchor qilmayman. Sizlarga shifo beradigan Egangiz Menman.”
27Shundan soʻng Isroil xalqi Ilim degan joyga keldi. U yerda oʻn ikkita buloq, yetmishta palma daraxti bor edi. Ular buloq boʻyida qarorgoh qurdilar.

Currently Selected:

Chiqish 15: O‘zbMK

Highlight

Share

Copy

None

Want to have your highlights saved across all your devices? Sign up or sign in