Qonunlar 31
31
31–BOB
Yoshua — Musoning davomchisi
1Muso butun Isroil xalqiga yuqoridagi soʻzlarni aytib boʻlgandan keyin, 2shunday dedi#31:1-2 Muso…2…shunday dedi… — Qumron qoʻlyozmalaridan va qadimiy yunoncha tarjimadan. Ibroniycha matnda Muso borib, butun Isroil xalqiga quyidagi soʻzlarni aytdi. 2 U shunday dedi….:
— Hozir 120 yoshdaman, men sizlarni janglarga boshlab bora olmayman. Egamiz menga: “Sen Iordanning narigi tomoniga oʻtmaysan”, deb aytgan. 3Sizlar Egangiz Xudoning boshchiligida Iordanning narigi tomoniga oʻtasizlar. Egangiz u yerda yashaydigan xalqlarni yoʻq qiladi. Sizlar ularning yurtiga egalik qilasizlar. Egamizning vaʼdasiga koʻra, Yoshua sizlarning yoʻlboshchingiz boʻladi. 4Egamiz Amor xalqining shohlari Oʻg bilan Sixoʻnni magʻlub qilib, ularning yurtini yoʻq qilganday, bu xalqlarni ham xuddi shunday yoʻq qiladi. 5Egamiz bu xalqlarni sizlarning qoʻlingizga topshiradi. Ularni xuddi men buyurganimday qilishingiz shart. 6Dadil va botir boʻlinglar, ulardan qoʻrqmanglar, vahimaga tushmanglar. Egangiz Xudoning Oʻzi sizlar bilan birga boradi, sizlarni tashlab ketmaydi, sizlarni tark etmaydi.
7Muso Yoshuani chaqirib, butun Isroil xalqi oldida unga shunday dedi:
— Dadil va botir boʻl. Egamiz, bu yurtni ota–bobolaringizga, avlodlaringizga beraman, deb qasam ichib vaʼda qilgan. Bu xalq bilan oʻsha yurtga sen kirasan. Sen orqali ular oʻsha yurtni mulk qilib olishadi#31:7 Sen orqali ular oʻsha yurtni mulk qilib olishadi — yoki Sen oʻsha yurtni ularga mulk qilib boʻlib berasan.. 8Egamizning Oʻzi sening oldingda boradi, Uning Oʻzi sen bilan birga boʻladi, seni tashlab ketmaydi, tark etmaydi. Qoʻrqma, vahimaga tushma.
Har yetti yilda qonun oʻqiladi
9Muso mana shu qonunni yozib, uni Egamizning Ahd sandigʻini olib yuradigan Levi avlodidan boʻlgan ruhoniylarga va Isroilning hamma oqsoqollariga berdi. 10Soʻngra Muso ularga shunday amr qildi:
— Har yettinchi yilning oxirida, qarzlaringizdan kechish yili Chayla bayramini nishonlaganingizda#31:10 …Chayla bayramini nishonlaganingizda… — 16:13 ga va oʻsha oyatning izohiga qarang. mana shu qonunni oʻqinglar. 11Egangiz Xudoning tanlagan joyiga, Uning huzuriga yigʻiladigan jamiki Isroil xalqiga bu qonunni baland ovoz bilan oʻqib beringlar. 12Buning uchun erkagu ayolni, bola–chaqani, shahringizdagi musofirlarni, boringki, butun xalqni yigʻinglar. Ular eshitib oʻrganishsin, Egangiz Xudodan qoʻrqishsin. Mana shu qonunning barcha soʻzlarini bitta qoldirmay bajarishsin. 13Sizlar Iordanni kechib, mulk qilib oladigan yurtda yashar ekansiz, umringiz davomida shunday qilinglar. Toki qonunni bilmaydigan bolalaringiz qonunni eshitib, Egangiz Xudodan qoʻrqishni oʻrganishsin.
Musoga berilgan oxirgi yoʻl–yoʻriqlar
14Egamiz Musoga dedi:
— Oʻliming yaqinlashib qoldi, Yoshuani chaqir, ikkovingiz Uchrashuv chodiriga kelinglar. Men unga koʻrsatmalarimni beraman.
Muso bilan Yoshua Uchrashuv chodiriga borib turishdi. 15Keyin Egamiz chodirning kirish joyida, ustun shaklidagi bulut ichida koʻrindi. 16Egamiz Musoga aytdi: “Sening vaqti–soating yaqinlashib qoldi. Bu xalq esa boradigan yurtda Menga bevafolik qiladi, oʻsha yurtning begona xudolariga sajda qiladi. Ular Meni tark etadilar, ular bilan qilgan ahdimni buzadilar. 17Shunda ularga gʻazabimni sochaman, ularni tark etib, yuzimni oʻgiraman. Ular oson olinadigan oʻljaday boʻlib qolishadi, koʻp kulfat va ofatlar boshlariga kelgan kuni: «Xudoyimiz oramizda boʻlmagani uchun shu kulfatlar boshimizga tushmadimikin?!» deyishadi. 18Ular boshqa xudolarga ergashib, qilgan qabihliklari uchun, Men albatta ulardan yuzimni oʻgiraman.
19Endi quyidagi qoʻshiq soʻzlarini yozib ol. Uni butun Isroil xalqiga oʻrgat. Bu qoʻshiq doimo ularning ogʻzida boʻlsin, Isroil xalqiga qarshi Mening guvohim boʻlsin. 20Men ularni, ota–bobolariga qasam ichib vaʼda berganimday, sut va asal oqib yotgan yurtga#31:20 sut va asal oqib yotgan yurt — 6:3 izohiga qarang. olib kiraman. Ular yeb toʻyib semiradilar, keyin boshqa xudolarga yuz buradilar, oʻsha xudolarga xizmat qiladilar. Mendan yuz oʻgirib, ahdimni buzadilar. 21Boshlariga koʻp kulfat va ofatlar kelganda, bu qoʻshiq ularga qarshi guvoh boʻladi. Chunki ularning avlodlari bu qoʻshiqni ogʻzilaridan tushirmaydi. Men qasam ichib, vaʼda bergan yurtga ularni olib kirmasimdan oldin, hozirdanoq niyatlarini bilib turibman.”
22Muso oʻsha kuni qoʻshiqni yozib, Isroil xalqiga oʻrgatdi#31:22 Muso…qoʻshiqni yozib, Isroil xalqiga oʻrgatdi — shu bobning 30–oyatiga va 32:1-43 ga qarang..
23Egamiz Nun oʻgʻli Yoshuaga shunday amr qildi:
— Dadil va botir boʻl. Sen Isroil xalqini Men ularga vaʼda qilgan yurtga olib kirasan. Men sen bilan birga boʻlaman.
24Muso qonunlarning hamma soʻzlarini oxirigacha yozib boʻlgach, 25Egamizning Ahd sandigʻini olib yuradigan levilarga shunday buyruq berdi:
26— Bu qonunlarni Egangiz Xudoning Ahd sandigʻi yoniga qoʻyinglar, oʻsha yerda sizlarga qarshi guvoh boʻlib tursin. 27Men sizlarning itoatsizligingizni, oʻjarligingizni yaxshi bilaman. Borligimda Egamizga boʻysunmaysizlar–u, men oʻlganimdan keyin battar boʻlasizlar! 28Qani, barcha qabila oqsoqollaringizni va nazoratchilaringizni oldimga yigʻib kelinglar. Men ularga shu soʻzlarni aytayin. Yer va osmon ularga qarshi guvoh boʻlsin. 29Oʻlimimdan keyin sizlar buzilib ketishingizni, men koʻrsatgan yoʻldan chiqib ketishingizni bilaman. Boshingizga kulfatlar tushadi, chunki Egamizning oldida qabihliklar qilasizlar. Qilgan ishlaringiz bilan Uni gʻazablantirasizlar.
Musoning qoʻshigʻi
30Muso jamiki Isroil jamoasi oldida quyidagi qoʻshiqni boshdan oxirgacha aytdi:
Currently Selected:
Qonunlar 31: O‘zbMK
Highlight
Share
Copy
Want to have your highlights saved across all your devices? Sign up or sign in
© Muqaddas Kitobni tarjima qilish instituti, 2016, 2018, 2020