YouVersion Logo
Search Icon

Qonunlar 32

32
32–BOB
1Ey samo, quloq sol, men gapiraman.
Ey zamin, ogʻzimdan chiqqan soʻzlarni eshit.
2Taʼlimotim yomgʻir kabi yogʻsin,
Soʻzlarim shudring kabi tushsin,
Maysalarni siypalaydigan yomgʻir tomchilariday,
Oʻtlar ustiga yogʻadigan moʻl yomgʻirday boʻlsin.
3Egamizning nomini ulugʻlayman!
Xudoyimizning buyukligiga hamdlar oʻqing!
4U suyangan Qoyam, Uning ishlari komil,
Hamma yoʻllari adolatlidir.
Xudo sadoqatlidir, Unda yolgʻon yoʻq,
U haq va odildir.
5Ammo sizlar Unga sodiq qolmadingiz!
Ey buzuq va egri nasl,
Endi sizlar Uning farzandlari deb atalmaysiz,
Bu sizlarning isnodingizdir.
6Egamizga shunday qaytarasizmi,
Ey ahmoq, nodon xalq?!
U sizlarni yaratgan Otangiz–ku!
Sizga shakl bergan Yaratuvchingiz–ku!
7Qadimgi kunlarni eslang,
Uzoq oʻtmishni oʻylang.
Otangizdan soʻrang, u sizlarga aytib beradi,
Oqsoqollardan soʻrang, sizlarga gapirib berishadi.
8Xudoyi Taolo xalqlarga yerni boʻlib berganda,
Odamzodni yer yuziga tarqatganda,
Xalqlarning chegaralarini,
Ilohiy zotlar#32:8 Ilohiy zotlar — Qumron qoʻlyozmalaridan va qadimiy yunoncha tarjimadan. Ibroniycha matnda Isroil oʻgʻillari. Doniyor 10:13 ga va oʻsha oyatning izohiga qarang. soniga koʻra, belgilagandi.
9Yoqub naslini esa Egamiz Oʻziga ulush qilib oldi,
Isroilni Oʻz nasibasi qildi.
10Egamiz Isroilni sahrodan,
Uvullaydigan dashtdan topib oldi.
Uni Oʻz bagʻriga oldi,
Unga gʻamxoʻrlik qilib,
Koʻz qorachigʻiday saqladi.
11Goʻyo burgut inidagilarni uygʻotib,
Oʻz polaponlari uzra aylanganday,
Qanotlarini yoyib, polaponlarini koʻtarganday,
Qanotlari ustida ularni olib yurganday,
12Egamizning yolgʻiz Oʻzi Isroilni olib yurdi,
Yonida boshqa xudo yoʻq edi.
13Yerning choʻqqilariga Isroilni hukmdor qildi,
Dalaning hosili bilan uni toʻydirdi.
Toshdan chiqqan asal bilan,
Toshloq yerda oʻsgan zaytunlarning moyi bilan boqdi.
14Sigir qatigʻiyu echki suti bilan,
Qoʻzichoq va qoʻy dumbasi bilan,
Bashan qoʻchqoriyu buzoqlari goʻshti,
Aʼlo bugʻdoy bilan boqdi.
Uzumdan qilingan aʼlo sharobdan ichirdi.
15Azizim Isroil#32:15 Azizim Isroil — ibroniycha matnda Yoshurun, Isroilni erkalab aytilgan nom. semirib, oʻjar boʻldi.
U semirib, shishib ketdi, oxiri boʻkib qoldi.
Oʻzini yaratgan Xudodan yuz oʻgirib,
Oʻz najot Qoyasini xor qildi.
16Boshqa xudolarga sajda qilib, Uning rashkini keltirdi.
Jirkanchli butlar bilan Uning gʻazabini qoʻzgʻatdi.
17Xudoga emas, jinlarga qurbonlik keltirdi.
Bu xudolarni oʻzlari bilmas edi,
Bu xudolar yaqinda paydo boʻlgan,
Ota–bobolari ulardan qoʻrqmagan edi.
18Evoh, ey Isroil, seni tuqqan Xudoni eslamading,
Seni dunyoga keltirgan Qoyani unutding.
19Egamiz bularni koʻrib, ularni rad etdi,
Oʻz oʻgʻil–qizlari Uning gʻazabini keltirgandi.
20U shunday dedi: “Bu xalqdan yuzimni oʻgiraman,
Ularning ahvoli nima boʻlishini koʻraman.
Axir, ular egri nasl, sadoqatsiz farzandlardir.
21Ular Xudo boʻlmagan butlar bilan rashkimni keltirdilar,
Betayin xudolari bilan gʻazabimni qoʻzgʻatdilar.
Men ham xalq boʻlmaganlar bilan ularning rashkini keltiraman,
Aqlsiz bir xalq bilan gʻazabini qoʻzgʻataman.
22Mening gʻazabimdan olov chiqadi,
Oʻliklar diyorining#32:22 Oʻliklar diyori — ibroniycha matnda Sheoʻl. Qadimda Isroil xalqi Sheoʻlni yer ostidagi tubsiz chuqurlik, marhumlar boradigan qorongʻi joy deb tushunardi. eng chuqur joyigacha yondiradi,
Yerni, hosilini kuydiradi,
Togʻ poydevorini kul qiladi.
23Ularga kulfat ketidan kulfat keltiraman,
Oʻqlarimni bitta qoʻymay ularga otaman:
24Ochlik ularning sillasini quritadi,
Isitma yondirib kuydiradi,
Ofat jonlarini oladi.
Yovvoyi hayvonlar ularni tilka–pora qiladi,
Yerda sudraladigan ilonlar zahrini sochadi.
25Koʻchalarda yigitu qizlarni qilich halok qiladi,
Uylarda esa chaqalogʻu oq sochli keksalarni vahima oʻldiradi.
26Ha, Men ularni sochib tashlagan boʻlardim,
Odamlar orasidan ularning xotirasini oʻchirib yuborgan boʻlardim,
27Ammo dushmanning mazaxidan hayiqdim,
Gʻanimlar notoʻgʻri tushunmasin, dedim.
«Isroilni Egasi emas, biz magʻlub qildik», deb
Oʻylamasin dedim.”
28Isroil aqlini yoʻqotgan, idroksiz xalqdir.
29Agar ularda aql boʻlsa edi, tushunardi,
Oqibati nima boʻlishini bilardi.
30Ana, Egasi Isroilni tark etdi,
Suyangan Qoyasi ularni dushmanga berib qoʻydi.
Aks holda, bir kishi Isroilning mingtasini taʼqib qila olarmidi?!
Ikki kishi Isroilning oʻn mingtasini hayday olarmidi?!
31Hatto dushmanlari tan oladi,
Isroil xalqining Xudosi
Qudratli Qoya ekanligini.
32Isroilning dushmanlari uzum tokiga oʻxshar,
Sadoʻm va Gʻamoʻra#32:32 Sadoʻm va Gʻamoʻra — aholisining oʻta buzuqligi oqibatida Egamiz vayron qilgan ikkita shahar (Ibtido 18:16-19:28 ga qarang). dalalarida oʻsar,
Uzumzorlarining mevasi zaharli,
Uzumlari ogʻu singari achchiqdir.
33Ularning sharobi ajdarho zahri,
Ilonlarning qoʻrqinchli ogʻusidir.
34Egamiz shunday deydi:
“Men Isroil dushmanlarini
Nimalar qilishni dilimda tutaman,
Oʻshalarni xazinamda saqlayman.
35Ularning oyoqlari chalishganda
Men Oʻzim qasos va oʻch olaman.
Ularning halokat kuni yaqindir,
Ularning qismati hal boʻladi.”
36Egamizning xalqi kuchdan qolganda,
Erkinu erksizlar nobud boʻlganda,
Egamiz Oʻz xalqini oqlaydi,
Oʻz qullariga rahm–shafqat qiladi.
37Shunda Egamiz Oʻz xalqidan soʻraydi:
“Ishongan xudolaringiz qani?!
Siz panoh olgan qoyangiz qani?!
38Sizlar oʻshalarga qurbonlik yogʻidan yedirdingiz,
Nazr sharobidan ichirdingiz.
Endi ular kelib, sizlarga yordam bersin!
Oʻshalar sizga qalqon boʻlib koʻrsin!
39Bilib qoʻying, Men yagonaman!
Mendan boshqa Xudo yoʻqdir.
Oʻldiradigan Menman,
Hayot beradigan ham Menman,
Jarohat yetkazadigan Menman,
Shifo beradigan ham Menman.
Mening qoʻlimdan hech kim qutula olmaydi.
40Men barhayot Xudo boʻlganim haqi,
Qoʻlimni osmonga koʻtarib, ont ichib aytamanki,
41Men yaltiroq qilichimni charxlayman,
Adolat oʻrnata boshlayman.
Dushmanlarimdan qasos olaman,
Mendan nafratlanganlarga qaytaraman.
42Halok boʻlganlar va asirlarning qoni bilan
Oʻqlarimni mast qilaman,
Yov lashkarboshilarining kallalari bilan
Qilichimni etga toʻydiraman.”
43Ey ellar, Uning xalqi bilan birga shodlaning,
U qullarining oʻlimi uchun oʻch oladi.
Dushmanlaridan qasos olib,
Yurti va xalqini gunohdan poklaydi.
44Muso Nun oʻgʻli Yoshua#32:44 Yoshua — ibroniycha matnda bu ismning boshqa varianti Xoʻsheya. bilan birga bu qoʻshiqning barcha soʻzlarini ovoz chiqarib, xalqqa aytib berdi.
Musoning oxirgi koʻrsatmalari
45Muso mana shu soʻzlarning hammasini butun Isroil xalqiga aytib bergandan keyin, 46ularga shunday dedi:
— Bugun men sizlarni ogohlantirib, aytgan soʻzlarning hammasini yuragingizda saqlang. Bolalaringizga ham buyuring, mana shu qonunning soʻzlarini bitta qoldirmay bajarishsin. 47Bu shunchaki quruq soʻzlar emas, balki sizlarning hayotingizdir. Mana shu soʻzlar tufayli sizlar mulk qilib oladigan Iordanning narigi tomonidagi yurtda uzoq yashaysizlar.
48Egamiz oʻsha kuni Musoga shunday dedi:
49— Aborim tizmasidagi Navo togʻiga chiq. Bu togʻ Yerixo shahri roʻparasidagi Moʻab yurtida joylashgan. U yerdan Men Isroil xalqiga mulk qilib berayotgan Kanʼon yurtiga qara. 50Akang Horun Xoʻr togʻida olamdan oʻtganday, sen ham oʻzing chiqadigan togʻda olamdan oʻtasan. 51Ikkovingiz Isroil xalqining oldida Menga sadoqatsizlik qilgan edingiz. Sizlar Zin choʻlida, Mariva suvlari boʻyidagi Kadesh yonida Isroil xalqiga muqaddasligimni namoyon qilmagan edingiz#32:51 Ikkovingiz…Isroil xalqiga muqaddasligimni namoyon qilmagan edingiz — Sahroda 20:1-13 ga qarang.. 52Shuning uchun sen oʻsha yurtni uzoqdan koʻrasan. Men Isroil xalqiga berayotgan oʻsha yerga sen kirmaysan.

Currently Selected:

Qonunlar 32: O‘zbMK

Highlight

Share

Copy

None

Want to have your highlights saved across all your devices? Sign up or sign in