YouVersion Logo
Search Icon

Qonunlar 30

30
30–BOB
Marhamat va laʼnat sabablari
1Men sizlarga aytgan mana shu barakalar yoki laʼnatlar boshingizga kelganda, Egangiz Xudo sizlarni tarqatib yuborgan xalqlar orasida bularni esga olinglar. 2Oʻzlaringiz va farzandlaringiz Egangiz Xudoga qaytinglar. Men bugun sizlarga amr qilayotganday, butun qalbingiz bilan, jonu dilingiz bilan Unga quloq solinglar. 3Shunda Egangiz Xudo sizlarni yana farovonlikka erishtiradi. Sizlarga rahm–shafqat qilib, Oʻzi tarqatib yuborgan barcha xalqlar orasidan qaytarib yigʻib keladi. 4Yer yuzining toʻrt tarafiga tarqalib ketgan boʻlsangiz ham, Egangiz Xudo sizlarni oʻsha yerlardan yigʻib oladi, oʻsha yurtlardan qaytarib olib keladi. 5Egangiz Xudo sizlarni ota–bobolaringiz egalik qilgan yurtga olib keladi. Oʻsha yurtga egalik qilganlaringizda, Egamiz sizlarni baxtiyor qiladi. Sizlarni ota–bobolaringizdan ham koʻproq qilib koʻpaytiradi. 6Egangiz Xudo sizlarning yuragingizni, avlodlaringizning yuragini sunnat qiladi#30:6 …yuragingizni, avlodlaringizning yuragini sunnat qiladi — 10:16 izohiga qarang.. Shunda siz Egangiz Xudoni butun qalbingiz bilan, jonu dilingiz bilan sevasiz, hayotga ega boʻlasiz. 7Egangiz Xudo barcha laʼnatlarni sizdan nafratlangan, sizni quvgan dushmanlaringiz boshiga yogʻdiradi. 8Sizlar yana Egamizga quloq solasizlar. Men bugun sizlarga berayotgan Uning amrlariga rioya qilasizlar. 9Qiladigan har bir ishingizni Egangiz Xudo muvaffaqiyatli qiladi. Uvali–juvali boʻlasizlar, molingiz koʻpayadi, yeringiz hosili barakali boʻladi. Egangiz ota–bobolaringizga bergan farovonlikdan qanchalik mamnun boʻlgan boʻlsa, sizlarga beradigan farovonlikdan ham shunchalik mamnun boʻladi. 10Shuning uchun Egangiz Xudoga itoat eting. Butun qalbingiz bilan, jonu dilingiz bilan mana shu kitobda yozilgan amr va farmonlarga rioya qilib, Egangizga qayting.
11Men bugun buyurayotgan amr sizlar uchun unchalik qiyin emas, yoki sizlar yetib bora olmaydigan darajada uzoqda emas. 12U osmonda emaski, sizlar: “Kim biz uchun osmonga chiqib, amrni olib beradi, toki biz eshitib, bajarsak?” desangizlar. 13U dengizning narigi tomonida emaski, sizlar: “Kim biz uchun dengizning narigi tomoniga borib, u amrni olib keladi, toki biz eshitib, bajarsak?” — desangizlar. 14Aksincha! Bu amr sizning yaqiningizdadir, ogʻzingizda, yuragingizdadir, shuning uchun uni bajara olasizlar.
15Bugun men sizlarga hayot bilan farovonlikni yoki oʻlim bilan kulfatni tanlash imkoniyatini beryapman. 16Men bugun sizlarga: “Egangiz Xudoni seving, Uning yoʻlidan yuring, Uning amrlariga, farmonlariga, qonun–qoidalariga rioya qiling”, deb buyuryapman. Shunda sizlar yashaysizlar, koʻpayasizlar, mulk qilib oladigan yurtingizda Egangiz Xudo sizlarga baraka beradi. 17Lekin sizlarga shuni aytib qoʻyayki, agar yuragingizni Xudodan oʻgirsangiz, quloq solmasangiz, yoʻldan ozib, boshqa xudolarga sigʻinsangiz, ularga xizmat qilsangiz, 18sizlar albatta yoʻq boʻlasizlar. Iordanni kechib, mulk qilib oladigan yurtda koʻp yashamaysizlar. 19Bugun men sizlarga hayotni yoki oʻlimni, barakalarni yoki laʼnatlarni tanlash imkoniyatini berdim. Bunga yeru osmonni guvoh qilib chaqirdim. Hayotni tanlang, shunda oʻzlaringiz ham, avlodlaringiz ham yashaysizlar. 20Egangiz Xudoni seving, Unga quloq soling. Unga sodiq boʻling, chunki U sizning hayotingizdir. Egamiz ota–bobolaringiz Ibrohim, Isʼhoq, Yoqubga qasam ichib beraman degan yurtda sizning umringizni uzoq qiladi.

Currently Selected:

Qonunlar 30: O‘zbMK

Highlight

Share

Copy

None

Want to have your highlights saved across all your devices? Sign up or sign in