YouVersion Logo
Search Icon

1 Shohlar 8

8
8–BOB
Isroil xalqi bir shoh talab qiladi
1Shomuil keksaygach, oʻgʻillarini Isroilga hakam qilib tayinlagan edi. 2Toʻngʻich oʻgʻlining oti Yoʻel, ikkinchi oʻgʻlining oti Abiyo edi. Bersheba shahrida#8:2 Bersheba shahri — Isroilning janubiy qismida, Shimoʻn qabilasi hududida joylashgan. shu oʻgʻillari hakam edilar. 3Ammo oʻgʻillari Shomuilning yoʻlidan yurishmadi. Ular tama qilar, pora olar, bir yoqlama hukm chiqarardilar.
4Bir kuni Isroilning hamma oqsoqollari toʻplanishib, Ramaga — Shomuilning huzuriga borishdi 5va unga shunday deyishdi:
— Mana, siz keksaydingiz, oʻgʻillaringiz esa sizning yoʻlingizdan yurishmayapti. Endi boshqa xalqlarda boʻlganiday, ustimizdan hukmronlik qiladigan bir shoh tayinlang.
6Isroil oqsoqollarining “Ustimizdan hukmronlik qiladigan bir shoh tayinlang” degan gaplari Shomuilga yoqmadi. Shuning uchun u Egamizga ibodat qilgan edi, 7Egamiz Shomuilga shunday javob berdi:
— Xalq senga nima aytsa, hamma gapiga quloq sol. Ular seni rad etishmadi, oʻzlarining shohi sifatida Meni rad etishdi. 8Ularni Misrdan olib chiqqan kunimdan buyon Menga nima qilgan boʻlsalar, senga ham shunday qilishayotir: ular Meni tark etib, boshqa xudolarga sajda qilishdi. 9Endi ularning gapiga quloq sol. Faqat ularni jiddiy ogohlantirib qoʻy, oʻzlari ustidan hukmronlik qiladigan shohning huquqi va muomalasini ochiqchasiga ayt.
10Oʻzlari uchun shoh talab qilayotgan xalqqa Shomuil Egamizning hamma aytganlarini yetkazdi:
11— Sizlarga hukmronlik qiladigan shohning huquqi va muomalasi quyidagicha boʻladi: shoh oʻgʻillaringizni majburlab jang aravalarida va suvori lashkari safida xizmat qilishga oladi. Baʼzilarini oʻziga qoʻriqchi qilib tayinlaydi, ular shohning jang aravalari oldida yugurishadi. 12Shoh baʼzilarini mingboshi, baʼzilarini ellikboshi etib tayinlaydi. Qay birini shoh oʻz dalasini ekish–oʻrishga, yana boshqasini esa jang qurollarini va jang aravalarining asbob–uskunalarini yasashga majbur etadi. 13Qizlaringizni pardozchi, oshpaz, novvoy qilib oladi. 14Eng yaxshi dalalaringizni, uzumzorlaringizni, zaytunzorlaringizni olib, oʻzining aʼyonlariga beradi. 15Doningizning, uzumlaringizning oʻndan birini olib, saroy amaldorlari bilan boshqa aʼyonlariga taqsimlab beradi. 16Qul va choʻrilaringizni, eng sara hoʻkizlaringizni#8:16 hoʻkizlaringiz — qadimiy yunoncha tarjimadan. Ibroniycha matnda yigitlaringiz., eng sara eshaklaringizni olib, oʻzining ishi uchun foydalanadi. 17Qoʻy va echki suruvlaringizning ham oʻndan birini tortib oladi. Oʻzlaringiz ham unga qul boʻlib qolasizlar. 18Vaqti kelib, oʻzlaringiz istagan shoh dastidan faryod qilasizlar. Lekin oʻsha paytda Egamiz sizlarga javob bermaydi.
19Baribir xalq Shomuilning gapini eshitishni istamadi:
— Yoʻq, ustimizdan bir shoh boʻlsin, 20oʻshanda biz ham hamma xalqlar singari boʻlamiz. Shohimiz bizga hukmronlik qilsin, oldimizda borib, urushlarimizda bosh boʻlsin, — deyishdi.
21Shomuil xalqning hamma gapini tingladi, soʻng ularning gaplarini Egamizga aytdi. 22Egamiz Shomuilga:
— Ularning gapiga quloq sol, ustilaridan shoh tayinla, — deb amr berdi. Shomuil Isroil xalqiga:
— Har kim oʻz shahriga qaytsin, — dedi.

Currently Selected:

1 Shohlar 8: O‘zbMK

Highlight

Share

Copy

None

Want to have your highlights saved across all your devices? Sign up or sign in