YouVersion Logo
Search Icon

1 Shohlar 9

9
9–BOB
Shomuil Shoulni qarshi oladi
1Benyamin qabilasida Kish degan bir odam bor edi. Kish — Abilning oʻgʻli, Abil — Zarorning oʻgʻli edi. Zaror — Baxuratning, Baxurat — Ofiyoxning oʻgʻli edi. Benyamin qabilasidan boʻlgan Kish ancha obroʻli odam edi. 2Uning Shoul degan yosh, chiroyli bir oʻgʻli bor edi. Isroil xalqi orasida Shouldan chiroyli odam yoʻq edi. Har qanday odamning boʻyi uning yelkasidan kelardi.
3Bir kuni Kishning eshaklari yoʻqolib qoldi. Kish oʻgʻli Shoulga:
— Xizmatkorlardan birini yoningga olgin–da, borib, eshaklarni topib kel, — dedi.
4Shoul Efrayim qirlarini, soʻng Sholisho yerlarini aylanib chiqdi. Ammo eshaklarni topa olmadi. Keyin Shalim yerlariga oʻtdi, eshaklar u yerda ham yoʻq ekan. Soʻngra Benyamin hududini kezib chiqdi, eshaklarni u yerdan ham topa olmadi.
5Zuf degan joyga borishgach, Shoul yonidagi xizmatkoriga:
— Boʻldi endi, orqaga qaytamiz, boʻlmasa, eshaklar qolib, otam bizdan xavotirlanadi, — dedi.
6— Endi bunday qilsak, — dedi xizmatkori, — shu shaharda bir paygʻambar bor, u obroʻli odam. Hamma aytganlari vojib boʻladi. Oʻsha odamnikiga borsak, balki boradigan yoʻlimizni u bizga koʻrsatar.
7— Agar borsak, unga nima olib boramiz? — deb soʻradi Shoul. — Toʻrvalarimizdagi non tugadi. Paygʻambarga olib boradigan biror hadyamiz yoʻq. Nimamiz qoldi?
8— Mana, menda bir kumush tanga#9:8 bir kumush tanga — ibroniycha matnda chorak shaqal kumush, taxminan 3 grammga toʻgʻri keladi. bor, — dedi xizmatkor. — Buni paygʻambarga beraman, u bizga boradigan yoʻlimizni koʻrsatadi.
9(Qadimda Isroilda kimdir Xudoning xohish–irodasini bilmoqchi boʻlsa, “Qani, valiyga boramiz”, derdi. Bugungi paygʻambar oʻsha vaqtda valiy deyilardi.)
10Shoul xizmatkoriga:
— Maʼqul, qani, ketdik, — dedi. Shunday qilib, ular paygʻambar yashaydigan shaharga joʻnadilar. 11Shahar tepalikda joylashgan edi. Ular shaharga boradigan qiya yoʻldan ketayotganlarida, quduqdan suv olishga kelgan qizlarga duch kelishdi. Ular qizlardan:
— Valiy shu yerdami? — deb soʻrashdi. 12Qizlar javob berishdi:
— Ha, ana oldingizda! Faqat tezroq boringlar, shahrimizga bugun keldilar. Bugun tepalikdagi sajdagohda xalq qurbonlik keltiradi. 13Shaharga kirishingiz bilanoq, uni topasizlar. U sajdagohga taom yeyishga kelmoqda. Valiy kelib, qurbonlikni tabarruk qilmaguncha, xalq taom yemaydi. U kelgandan keyingina taklif qilinganlar taom yeydi. Hozir borsangiz, uni darrov topasizlar.
14Shoul bilan xizmatkori shaharga kelishdi. Shaharga kirganlarida, sajdagohga chiqishga taraddud koʻrayotgan Shomuil ular tomonga kelayotgan ekan.
15Shoul kelmasdan bir kun oldin, Egamiz Shomuilga shuni ayon qilgan edi: 16“Ertaga shu vaqtda sening oldingga Benyamin yurtidan bittasini yuboraman. Uning boshiga moy surtib tanla. U xalqim Isroilning hukmdori boʻlsin. Xalqimni Filistlar qoʻlidan u qutqaradi. Xalqimning ahvoliga nazar soldim, ularning ohu figʻoni Menga yetib keldi.”
17Shomuil Shoulni koʻrgach, Egamiz unga: “Ana Men senga aytgan odam, Mening xalqimga u rahnamolik qiladi”, — dedi. 18Shoul shahar darvozasi oldida Shomuilga yaqinlashib soʻradi:
— Marhamat qilib ayting–chi, valiyning uyi qayerda?
19— Valiy menman, — dedi Shomuil. — Mendan oldin sajdagohga chiq. Bugun men bilan birga taom yeysizlar. Ertaga ertalab dilingdagi hamma narsani senga aytib, keyin oʻzim kuzatib qoʻyaman. 20Isroil xalqining umidi sendan va sening xonadoningdan ekanini oʻzing bilishing zarur. Uch kun oldin yoʻqolgan eshaklaring uchun qaygʻurma. Ular topildi.
21— Men Isroil qabilasining eng kichigi boʻlgan Benyamin qabilasidanman–ku! Men mansub boʻlgan urugʻ Benyamin qabilasining hamma urugʻidan eng kichigi boʻlsa, menga nima uchun bunday gaplarni aytyapsiz? — dedi Shoul.
22Shomuil Shoul bilan xizmatkorini oʻsha yerdagi xonaga olib bordi. Chaqirilganlar taxminan oʻttiztacha edi. Eng toʻriga Shoul bilan xizmatkorini oʻtqazdi. 23Keyin oshpazga:
— Men senga, bir chetga olib qoʻy, deb ulush bergan edim–ku, oʻsha ulushni keltir, — dedi. 24Oshpaz oʻng son goʻshtini olib kelib, Shoulning oldiga qoʻydi.
— Mana, sen uchun ajratib qoʻyilgan ulush, marhamat, yegin! — dedi Shomuil. — Bu ulushni belgilangan kunda oʻzim chaqirgan xalqim bilan birga yeysan, deb senga saqlab qoʻygan edim.
Oʻsha kuni Shoul Shomuil bilan taom yedi. 25Soʻngra ular sajdagohdan shaharga tushishdi. Shomuil uyining tomida Shoul bilan suhbatlashdi.
Shomuil Shoulni hukmdor etib tayinlaydi
26Sahar payti Shomuil tom ustida yotgan#9:26 …tom ustida yotgan… — u vaqtlarda uylarning tomi tekis boʻlgani uchun, odamlar koʻpincha tomga chiqib yotishardi. Shoulni chaqirib:
— Boʻla qol! Seni kuzatib qoʻyaman, — dedi.
Shoul oʻrnidan turib, Shomuil bilan birga tashqariga chiqdi. 27Shahar chekkasiga yaqinlashganlarida, Shomuil Shoulga dedi:
— Xizmatkoringga ayt, u bizdan oldinroq yursin. Sen orqaroqda qol, senga Xudoning kalomini aytaman.

Currently Selected:

1 Shohlar 9: O‘zbMK

Highlight

Share

Copy

None

Want to have your highlights saved across all your devices? Sign up or sign in