YouVersion Logo
Search Icon

1 Shohlar 10

10
10–BOB
1Soʻngra Shomuil moy idishini olib, Shoulning boshiga moy surtdi. Keyin Shoulni oʻpib, shunday dedi:
— Mana, Egamiz senga moy surtib, Oʻz xalqiga hukmdor etib tanladi. 2Bugun mening oldimdan ketganingdan keyin Benyamin hududida, Zilzaxdagi Rohilaning maqbarasi yonida ikki kishiga duch kelasan. Ular senga: “Izlab ketgan eshaklaring topildi, otang endi eshaklarni oʻylamay, balki, oʻgʻlimga nima boʻldi ekan, deb sendan xavotirlanib oʻtiribdi”, deb aytishadi. 3U yerdan yana yoʻlingda davom etib, Tovurdagi muqaddas daraxt oldidan chiqasan. U yerda uchta odamga duch kelasan. Ularning biri uchta uloqcha, biri uchta gardish non, yana boshqasi bir mesh sharob bilan Xudoning huzuriga — Baytilga yoʻl olgan boʻladi. 4Ular senga omonlik tilab, ikkita gardish non berishadi. Sen nonlarni ol. 5Keyin Filistlar qoʻnolgʻasi joylashgan, Xudoning tepaligi deb atalgan Givoga#10:5 Xudoning tepaligi deb atalgan Givo — ibroniycha matnda Givot–Eloxim. borasan. Shaharga kirganingda, paygʻambarlar guruhiga duch kelasan. Ular joʻshib zikr tushib, sajdagohdan tushib kelayotgan boʻladilar. Ularning oldilarida arfa, childirma, nay va lira chalib kelayotgan odamlar boʻladi. 6Egamiz Ruhi seni ham qamrab oladi. Ular bilan birga sen ham joʻshib zikr tushasan va butunlay boshqa odamga aylanasan. 7Bu alomatlar senda namoyon boʻlganda, oʻzingga maʼqul boʻlganini qil. Xudo sen bilan. 8Mendan oldin sen Gilgalga bor. Men ham kuydiriladigan qurbonliklar va tinchlik qurbonliklarini nazr qilgani huzuringga boraman. Meni yetti kun kut, yoningga borganimdan keyin nima qilishingni aytaman.
9Shoul endi Shomuilning yonidan ketish uchun chogʻlangan ham ediki, Xudo uning yuragini oʻzgartirdi. Oʻsha kuni Shomuil aytgan hamma alomatlar bajo boʻldi. 10Shoul Givoga kelganda, uni paygʻambarlar guruhi qarshi oldi. Xudoning Ruhi uni qamrab oldi, Shoul ular bilan birga joʻshib zikr tusha boshladi. 11Shoulning doʻstlari buni koʻrib, hayratga tushdilar:
— Nima? Nahotki Shoul ham paygʻambar boʻlsa?! Kishning oʻgʻli qanday qilib paygʻambar boʻlib qolibdi?
12Qoʻshnilaridan biri eʼtiroz bildirdi:
— Otasi kimligining ahamiyati yoʻq. Har kim ham paygʻambar boʻlishi mumkin#10:12 Qoʻshnilaridan biri eʼtiroz bildirdi…Har kim ham paygʻambar boʻlishi mumkin — ibroniycha matnda Qoʻshnilaridan biri shunday dedi: “Ularning otasi esa kim?!”.
Shu sababdan ham “Nahotki Shoul ham paygʻambar boʻlsa?!” degan gap aslida oʻshandan qolgan.
13Zikr tushish toʻxtagach, Shoul sajdagohga chiqdi.
14Amakisi Shoul bilan xizmatkoridan:
— Qayerlarda qolib ketdingizlar? — deb soʻradi.
— Eshaklarni qidirdik, ularni topa olmay, Shomuilning oldiga bordik, — deb javob berdi Shoul.
15— Shomuil sizlarga nimalar dedi, menga ham ayt–chi, — dedi amakisi.
16— Eshaklarning topilganini bizga toʻppa–toʻgʻri aytib berdi, — dedi Shoul. Shomuilning shohlikka aloqador soʻzlarini esa amakisiga aytmadi.
Shoul shoh deb eʼlon qilinadi
17Shomuil Isroil xalqini Mispaxga#10:17 Mispax — Quddusdan qariyb 8 kilometr shimolda joylashgan shahar., Egamizning huzuriga chaqirib, 18shunday dedi:
— Isroil xalqining Xudosi — Egamiz aytmoqda: “Isroil xalqini Misrdan Men olib chiqqanman. Misrliklarning va sizlarga zulm qilgan hamma shohliklarning qoʻlidan sizlarni qutqardim. 19Ammo bugun butun mashaqqat va zahmatlaringizdan sizlarni qutqaradigan Men, Xudoyingizni rad qildingiz hamda: «Bizga ustimizdan shoh tayinlang», dedingiz. Endi Men, Egangizning huzurida qabila va urugʻlarga boʻlinib tiziling.”
20Shomuil Isroil xalqining hamma qabilalarini birin–ketin oʻz huzuriga chaqirdi. Qurʼa tashlab#10:20 Qurʼa tashlab… — qurʼa tashlashda yogʻoch boʻlaklari yoki toshlar ishlatilgan boʻlib, shu orqali Xudoning xohish–irodasi aniqlangan. Baʼzan odamlar qurʼa tashlab, Xudodan biror ishni qanday yoki qachon qilish kerakligini soʻrashgan., ulardan Benyamin qabilasini tanlab oldi. 21Keyin Benyamin qabilasini urugʻlari boʻyicha oldiga chaqirdi. Qurʼa tashlab, Matri urugʻini tanlab oldi. Yana qurʼa tashlab, Matri urugʻidan Kishning oʻgʻli Shoulni tanlab oldi. Isroil xalqi uni axtarib topa olmadi. 22Ular Egamizdan:
— Oʻsha odam keldimi oʻzi? — deb soʻrashdi.
— U shu yerda, anjomlarning orasida yashirinib yuribdi, — degan javob keldi Egamizdan.
23Odamlar yugurib borib, Shoulni olib kelishdi. Shoul xalqning orasida tikka turgan edi, hamma uning yelkasidan kelar ekan.
24Shomuil butun xaloyiqqa qarata:
— Egamiz tanlagan odamni koʻryapsizmi, butun xalq orasida unga teng keladigani topilmaydi, — dedi. Shunda xalq:
— Yashasin shoh! — deb hayqirdi.
25Shomuil shohlikning qonun–qoidalarini xalqqa aytib berdi. (Keyinchalik Shomuil bu qonun–qoidalarni kitob holiga keltirib, Egamizning uyiga#10:25 …Egamizning uyiga… — ibroniycha matnda …Egamizning oldiga…, yaʼni Shiloʻdagi sajdagohga (3:15 ga va oʻsha oyatning izohiga qarang). Shomuil bu kitobni Ahd sandigʻi yonidagi joyga qoʻygan boʻlsa kerak (Qonunlar 31:26 ga qarang). qoʻydi.) Soʻng hamma odamni uy–uylariga joʻnatib yubordi. 26Shoul ham Givoga — oʻz uyiga ketdi. Xudo ruhlantirgan bir necha kishi unga hamroh boʻldi. 27Ammo baʼzi yaramas odamlar: “U bizni qutqara olarmidi?!” deb Shoulni nazarlariga ilmadi, shu sababdan unga inʼomlar tortiq qilishmadi. Shoul esa bilib bilmaslikka olib qoʻya qoldi.

Currently Selected:

1 Shohlar 10: O‘zbMK

Highlight

Share

Copy

None

Want to have your highlights saved across all your devices? Sign up or sign in