YouVersion Logo
Search Icon

1 Shohlar 11

11
11–BOB
Shoul Ommon xalqini yengadi
1Ommon#11:1 Ommon — bu yurt Iordan daryosining sharq tomonida joylashgan edi. shohi Naxosh Giladdagi Yobosh shahriga#11:1 Yobosh shahri — Iordan daryosining sharq tomonida joylashgan Isroil xalqiga qarashli shahar. kelib, u yerni qamal qildi. Hamma Yoboshliklar Naxoshga:
— Biz sen bilan sulh tuzib, senga itoat etamiz, — deyishdi. 2Ommon shohi Naxosh:
— Faqat bir shart bilan sulh tuzaman, — dedi. — Har biringizning oʻng koʻzingizni oʻyib olaman–da, butun Isroil xalqini badnom qilaman.
3Yobosh shahrining oqsoqollari Naxoshga shunday deyishdi:
— Bizga yetti kun muhlat ber, Isroilning hamma hududiga xabarchilar joʻnataylik. Agar bizga najot beradigan kimsa chiqmasa, senga taslim boʻlamiz.
4Xabarchilar Shoul yashaydigan Givo shahriga kelib, boʻlayotgan voqealarni xalqqa bildirishdi. Hammasi yigʻi–sigʻi qilib, dod–faryod soldi. 5Xuddi shu payt Shoul hoʻkizlarini oldiga solib daladan qaytayotgan edi. Shoul:
— Odamlarga nima boʻldi? Nega bunchalik yigʻlaydi? — deb soʻradi.
Yoboshliklarning joʻnatgan xabarini unga aytib berishdi. 6Shoul bu gaplarni eshitgan zahoti, Xudoning Ruhi uni qamrab oldi. Shoul qattiq gʻazablandi. 7Bir juft hoʻkizni soʻyib, nimtaladi. Xabarchilar orqali Isroilning hamma tomoniga oʻsha nimtalangan boʻlaklarni joʻnatib, shunday dedi: “Kimki Shoul bilan Shomuilning orqasidan ergashmasa, oʻsha odamning hoʻkizlari ham xuddi shu ahvolga tushadi.”
Odamlar Egamizdan qoʻrqqanidan zir titrab, bir yoqadan bosh chiqarib yoʻlga tushdi. 8Shoul ularni Bazax shahrida#11:8 Bazax shahri — Iordan daryosining gʻarb tomonida joylashgan. yigʻdi. Isroil urugʻlaridan 300.000, Yahudo urugʻidan esa 30.000 kishi bor edi. 9U yerga kelgan Yoboshlik xabarchilarga shunday deyishdi:
— Giladdagi Yobosh aholisiga, ertaga peshingacha najot topasizlar, deb aytinglar.
Xabarchilar borib, bu gapni yetkazishdi. Yoboshliklar quvonib ketishdi. 10Naxoshga esa:
— Ertaga sizga taslim boʻlamiz, bizga nimani lozim koʻrsangiz, shuni qilavering, — deyishdi.
11Ertasi kuni Shoul odamlarni uch qismga boʻldi. Ular tong payti Ommon lashkarining qarorgohiga bostirib kirishdi. Kunning jazirama issigʻi boshlanguncha, ularni magʻlub qilib boʻlishdi. Omon qolganlari shunday tirqirab qochdiki, hatto biron joyda ikki kishi toʻplanganini uchratib boʻlmasdi.
12Isroil lashkari Shomuilning oldiga borib:
— “Bizga shohlik qilish Shoulga tushib qolibdimi?” deganlar kimlar edi? Olib keling ularni, oʻldiramiz! — deb qattiq talab qilishdi. 13Shoul esa:
— Bugun biron kimsa oʻldirilmaydi, chunki Egamiz bugun Isroilga najot berdi, — dedi.
14— Mayli, Gilgalga boramiz, oʻsha yerda shohlikni yangidan tiklaymiz, — dedi Shomuil xalqqa.
15Shunday qilib, butun xalq Gilgalga bordi va Egamiz huzurida Shoulning shohligini tasdiqladi. Oʻsha yerda — Egamizning huzurida tinchlik qurbonliklari keltirishdi. Shoul va butun Isroil xalqi rosa xursandchilik qilishdi.

Currently Selected:

1 Shohlar 11: O‘zbMK

Highlight

Share

Copy

None

Want to have your highlights saved across all your devices? Sign up or sign in