1 Shohlar 7
7
7–BOB
1Shundan keyin Xirat–Yoʻrim aholisi borib, Egamizning Sandigʻini oldi. Uni Abunadavning tepalikdagi uyiga olib kelishdi. Egamizning Sandigʻini avaylab saqlasin deb, Abunadavning oʻgʻli Elazarni poklab, shu vazifaga tayinlashdi.
Shomuil Isroilga yoʻlboshchilik qiladi
2Sandiq uzoq vaqt — yigirma yilcha Xirat–Yoʻrimda qolib ketdi. Bu orada butun Isroil xalqi Egamizga talpindi.
3Shomuil jamiki Isroil xalqiga dedi:
— Agar chin dildan Egamizga qaytmoqchi boʻlsangiz, hamma begona xudolarni va Ashtaret tasvirlarini orangizdan yoʻqoting. Koʻnglingizni Egamizga berib, yolgʻiz Unga xizmat qiling. Ana shunda Egamiz sizlarni Filistlarning qoʻlidan qutqaradi.
4Isroil xalqi Baal va Ashtaret tasvirlarini yoʻq qilib, faqat Egamizga xizmat qila boshlashdi.
5Oʻshanda Shomuil:
— Butun Isroil xalqi Mispaxda#7:5 Mispax — Quddusdan qariyb 8 kilometr shimolda joylashgan shahar. toʻplansin, men u yerda Isroil xalqi uchun Egamizga iltijo qilaman, — dedi.
6Mispaxda toʻplangan Isroil xalqi quduqdan suv tortib, Egamizga nazr qilib toʻkishdi. “Egamiz oldida gunoh qildik”, deb oʻsha kuni roʻza tutishdi. Shomuil Mispaxda Isroil xalqiga hakamlik qila boshladi.
7Filistlar Isroil xalqining Mispaxda toʻplanganini eshitib qolishdi. Filist beklari, Isroil xalqi bilan urishamiz, deb otlanishdi. Isroil xalqi buni eshitib, Filistlardan qoʻrqib ketishdi. 8Ular Shomuilga:
— Biz uchun Egamiz Xudoga tinimsiz iltijo qiling, toki U bizni Filistlarning qoʻlidan qutqarsin, — deyishdi. 9Shu boisdan Shomuil bitta emadigan qoʻzichoq olib, Egamizga kuydiriladigan qurbonlik qildi. Soʻng Isroil xalqi uchun Egamizga nolayu faryod bilan iltijo qildi. Egamiz uning iltijosini eshitdi.
10Shomuil kuydiriladigan qurbonlikni ado etayotgan edi, Filistlar Isroil lashkariga hujum qilmoqchi boʻlib yaqin keldilar. Ammo oʻsha zahoti Egamiz vahimali ovoz chiqarib, Filistlarni shunday sarosimaga soldiki, oqibatda ular Isroil lashkariga magʻlub boʻldi. 11Isroil lashkari Mispaxdan chiqib, Filistlarni Bayt–Kor degan yerning etagigacha quvib borib oʻldirdilar.
12Shomuil bir toshni olib, Mispax bilan Yashono orasiga oʻrnatdi. “Egamiz bizga yoʻl boʻyi yordam berdi”, deya toshga Evanzor#7:12 Evanzor — ibroniychadagi maʼnosi yordam toshi. deb nom berdi. 13Magʻlub boʻlgan Filistlar Isroil hududiga qaytib hujum qilishmadi. Shomuil hayotligida Isroil xalqi Filistlarga hujum qilganda, Egamiz madad berib turdi. 14Exrondan Gatga qadar Filistlar qoʻlga kiritgan shaharlarning hammasini Isroil xalqi yana qaytarib oldi. Shunday qilib, Isroil xalqining hamma yerlari Filistlardan ozod boʻldi. Isroil xalqi bilan Amor xalqlari#7:14 Amor xalqlari — bu oʻrinda umumiy nom boʻlib, bu nom ostida oʻsha vaqtlarda Kanʼonda istiqomat qilgan Isroil xalqidan boshqa jamiki xalqlar nazarda tutilgan. orasida sulh tuzildi.
15Shomuil umr boʻyi Isroilga hakamlik qildi. 16U har yili Baytil, Gilgal, Mispaxni aylanar, bu shaharlarda turib, Isroilni boshqarardi. 17Keyin Rama shahridagi uyiga qaytar va oʻsha yerda turib Isroilga hakamlik qilardi. Shomuil Ramada Egamizga atab bir qurbongoh qurdirdi.
Currently Selected:
1 Shohlar 7: O‘zbMK
Highlight
Share
Copy
Want to have your highlights saved across all your devices? Sign up or sign in
© Muqaddas Kitobni tarjima qilish instituti, 2016, 2018, 2020